09:41 / 04.10.2022
1 422

AQSH hijob bilan bog‘liq namoyishlar tufayli Eronga sanksiyalar kiritadi

AQSH hijob bilan bog‘liq namoyishlar tufayli Eronga sanksiyalar kiritadi
Foto: Reuters
Eronda davom etayotgan norozilik namoyishlari fonida AQSH shu hafta ushbu mamlakatga qarshi yangi sanksiyalar kiritadi. Bu haqda prezident Jo Baydenning Oq uy saytida e’lon qilingan bayonotida aytiladi.

«Shu hafta AQSH tinch namoyishchilarga nisbatan zo‘ravonlikda aybdor bo‘lgan shaxslarga qarshi qo‘shimcha sanksiyalar kiritadi. Biz Eron mansabdorlarini javobgarlikka tortishda va eronliklarning erkin namoyishlar huquqini qo‘llab-quvvatlashda davom etamiz», — dedi Bayden.

Shuningdek, uning ta’kidlashicha, Vashington Eron aholisi uchun internetdan foydalanish imkoniyatini yengillashtiradi, «xususan, xavfsiz tashqi platforma va xizmatlardan foydalanish imkoniyatini kengaytirish orqali».

Eronda internet o‘chirib qo‘yildi
Tinch norozilik namoyishlarini bostirish uchun Eron hukumati ko‘pchilik fuqarolar uchun internetni o‘chirib qo‘ydi, shunda AQSH «Eron hukumati tomonidan senzuraga qarshi kurash uchun» eronliklarga internetdan foydalanish imkoniyatini taqdim etishga qaror qildi. 23 sentyabr kuni AQSH Moliya vazirligi internet bilan ta’minlash imkonini beruvchi umumiy litsenziyani e’lon qildi. Shundan keyin SpaceX va Tesla rahbari Ilon Mask Eronda Starlink Internet-tarmog‘ini ishga tushirishini ma’lum qildi.

Eronda hijob bilan bog‘liq namoyishlar bo‘lib o‘tmoqda
Eronda ommaviy noroziliklar sentyabr o‘rtalaridan buyon davom etmoqda, ularga eronlik qiz Mahsa Aminiyning o‘limi sabab bo‘ldi. 22 yoshli qiz 13 sentyabr kuni hijobni noto‘g‘ri o‘ragani uchun axloq politsiyasi tomonidan hibsga olingan. Shundan keyin u komaga tushib qolgan va bir necha kun o‘tgach, vafot etgan. Hukumat talqiniga ko‘ra, qiz politsiya uchastkasiga olib kelingan va u yerda yurak xurujini boshidan o‘tkazgan. Aminiyning qarindoshlari da’vo qilishicha, uning salomatligi bilan bog‘liq muammolari bo‘lmagan, ular tekshiruv o‘tkazilishini talab qilmoqda.

Axloq politsiyasi
Eron Islom Respublikasi Huquq-tartibot kuchlari Ibrat patruli («axloq politsiyasi») — Eron Ichki ishlar vazirligi nazorati ostidagi huquq-tartibot organi. 2005 yilda alohida tuzilma sifatida ajralib chiqqan. Ibrat patruli vazifalariga Eron fuqarolari va chet elliklarning jamoat joylarida shariat bo‘yicha munosib kiyinib yurishini ta’minlash kiradi.

Ayollarning boshini yopmay yurishi, ro‘mol yoki hijobni noto‘g‘ri taqishi, avratni yopmaydigan kiyim kiyishi, ba’zi hollarda esa «begona erkak bilan yaqindan muloqot qilishi» ularni hibsga olish uchun asos bo‘lib hisoblanadi.

Avvalroq Eron Madaniyat va islom vazirligi ayollarning reklamalarda suratga tushishini taqiqlagandi, bu Eronning Domino kompaniyasi bir ayol boshiga ro‘mol sharf tashlab, avtomobilni boshqarib ketayotgani, so‘ng esa shokoladli qiyom bilan qoplangan muzqaymoqni yegani aks etgan rolikni chiqarganidan keyin yuz bergandi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » AQSH hijob bilan bog‘liq namoyishlar tufayli Eronga sanksiyalar kiritadi