14:08 / 07.10.2022
1 630

44 davlat yetakchilari Pragada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini muhokama qilmoqda

44 davlat yetakchilari Pragada Rossiyaning Ukrainaga qarshi urushini muhokama qilmoqda
Foto: AP
Yangi Yevropa siyosiy hamjamiyatining maqsadi - xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlash, dedi Yevropa ittifoqi kengashi rahbari Sharl Mishel. Germaniya kansleri Shols yangi siyosiy formatni «katta yangilik» deb atadi.

Chexiya poytaxti Pragada Yevropaning 44 davlati davlat va hukumat rahbarlari Rossiyaning Ukrainaga qarshi qurolli tajovuzini muhokama qilish uchun yig‘ildi. Yangi Yevropa siyosiy hamjamiyatining maqsadi - barqarorlik, xavfsizlik va tinchlikni mustahkamlashdan iborat, dedi 5 oktabr, payshanba kuni YEI kengashi raisi Sharl Mishel. Yangi muzokaralar formati tashabbuskori Fransiya prezidenti Emmanuel Makron Pragadagi sammit Rossiya prezidenti Vladimir Putin uchun Yevropaning «birligi belgisi» bo‘lishiga umid bildirdi.

Forum tashkilotchisi - Chexiya bosh vaziri Petr Fiala sammit ochilishidagi nutqida 1968 yil Praga bahori voqealarini esladi, o‘shanda Moskva tanklar yordamida «erkinlikni kengaytirish umidlarini yo‘q qilgan». «Yomonlikning ko‘ziga qarash qiyin, lekin haqiqat g‘alaba qozonadi. Ukraina g‘alaba qozonishini hammamiz qalbimiz tubida bilamiz, chunki haqiqat uning tomonida», - dedi Fiala.

Germaniya kansleri Olaf Shols yangi muzokara formatini Yevropa kengashi va Yevropada xavfsizlik va hamkorlik tashkiloti (YEXHT) kabi formatlarni to‘ldiradigan, tinchlik hamda xavfsizlikka foyda keltiradigan «buyuk yangilik» deb atadi. Shols buni endilikda Yevropaning turli burchaklaridan kelgan davlat va hukumat rahbarlari birinchi marta o‘zlarini qiziqtirgan mavzularni kun tartibisiz muhokama qilishi va muhokamalar natijalariga ko‘ra qarorlar qabul qilishi mumkinligini ijobiy lahza deb atadi.

Pragadagi sammitda Yevropa ittifoqining 27 davlatidan tashqari Buyuk Britaniya, Turkiya, Ukraina, G‘arbiy Bolqon davlatlari, Armaniston, Ozarboyjon va boshqa qator davlatlar ham ishtirok etmoqda. Rossiya va Belarus uchrashuvga taklif qilinmagan. Forumning asosiy mavzulari - xavfsizlik siyosati va energetika masalalari.

Sammit boshlanishidan oldin ham Yevropa ittifoqi mamlakatlari o‘rtasidagi energiya xavfsizligi masalasida qarama-qarshiliklar yana keskin ko‘rsatilgan edi. Polsha bosh vaziri Mateush Moravetskiy Germaniya hukumatini tanqid qildi. «Yevropa ittifoqining energetika siyosati Germaniya tomonidan belgilanishini qabul qilish mumkin emas», dedi u.

Avvalroq Berlin Polsha va Yevropa ittifoqining yana 14 davlatining Norvegiya va AQSHdan gaz narxini cheklash haqidagi talabiga rozi emasligini bildirgan edi. Germaniya iqtisodiyot vaziri Robert Habekning tushuntirishicha, narxlar yuqori chegarasi joriy etilishi gaz taqchilligiga olib kelishi mumkin, chunki Norvegiya, AQSH va Jazoir buning natijasida Osiyoda yonilg‘ini qimmatroq narxlarda sota boshlaydi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo