09:54 / 08.10.2022
2 661

Putinning yaqinlari orasida urushdagi xatolarni ochiq ayta oladigani topildi

Putinning yaqinlari orasida urushdagi xatolarni ochiq ayta oladigani topildi
Foto: Aleksey Drujinin / press-slujba prezidenta RF / TASS
Putinning atrofidagi yaqin odamlaridan biri unga urush bilan bog‘liq harakatlariga qo‘shilmasligi haqida ochiq aytgan. Bu haqda Washington Post AQSH razvedkasi ma’lumotlariga tayanib yozmoqda.

Xabarda yozilishicha, Putinga qo‘mondonlikning harbiy harakatlarni olib borishdagi xatolari va samarasiz boshqaruvi haqida aytishgan. Nashrning ma’lum qilishicha, razvedka bu ma’lumotni juda muhim deb hisoblagan va bu haqda Bayden, shuningdek, administratsiyaning boshqa muhim vakillari xabardor qilingan.

Razvedka ma’lumotida Putinga jangdagi xatolar haqida ochiq aytgan yaqinining ismi ham aytilgan, ammo jurnalistlar bu kim ekanini aniqlay olmagan. Washington Post razvedka ma’lumotlari va rossiyalik siyosatchilarning oxirgi vaqtlardagi chiqishlarini solishtirgan holda rus siyosiy elitasida urushga nisbatan turli xil pozitsiya shakllangan degan xulosaga kelgan. O‘z navbatida razvedkachilar Putin lavozimidan ketishiga ishora qiluvchi holatlar mavjud emas deb hisoblagan.

Putinning matbuot kotibi Dmitriy Peskov WP e’lon qilgan xabarga munosabat bildirar ekan bu gaplar haqiqatga to‘g‘ri kelmasligini aytgan. Ammo Peskov Rossiya siyosiy elitasida qisman safarbarlik e’lon qilinishi kabi jiddiy masalalarda turli qarashlar shakllanganini rad etmagan: «Ha, boshqacha harakat qilish kerak edi deb hisoblaydiganlar ham topiladi, ammo bu oddiy, ishda bo‘ladigan holat. Harbiy operatsiya borasida, ta’lim borasida, iqtisodiy masalalarda tortishuvlar bo‘lib turadi, bu nimanidir anglatmaydi», degan Peskov.

«Vaziyat barqaror emas deb hisoblayman. Shuncha vaqt dunyoning yarmi biz bilan deb maqtanib yurdik, lekin na Modi va na Si (Hindiston va Xitoy rahbarlari nazarda tutilmoqda) bizni qo‘llamayotganini ko‘rdik», degan gazeta bilan suhbatda rossiyalik siyosatchi Putin qisman safarbarlik e’lon qilgan kuni. U Modi va Si biz tomonda emasligi ko‘rindi, deb ular Samarqanddagi SHHT sammitida o‘zini qanday tutganiga ishora qilgan.

Washington Post'ning Yevropa xavfsizlik tashkilotlaridagi manbalari AQSH razvedkasi bergan ma’lumotlardan bexabarligini aytish barobarida rus siyosiy elitasida qarama-qarshi fikrlar paydo bo‘lganini tasdiqlagan. «Bosqin boshidan buyon Putinning atrofidagilarda vahima ortib borayotganini ko‘rdik. Ular oxirgi yo‘qotishlar va harbiy taktikadagi kamchiliklardan xavotirga tushgan», degan nashrning Yevropa razvedka xizmatidagi manbasi. Boshqa bir manbaga ko‘ra, Putin juda qaysar bo‘lib qolgan va haddan tashqari Ukraina masalasiga berilib ketgan.

Rossiya biznes elitasining ikki vakili amerikalik jurnalistlar bilan suhbatda keyingi ikki haftada urush borasidagi qabul qiladigan qarorlari hatto Putinning kelajagiga ham ta’sir qilishi mumkinligini aytgan. «Bu burilish nuqtasi», degan suhbatdoshlardan biri. Uning fikricha, armiya yo‘qotishlarini qoplay olmasa, Rossiyada ichki nizo boshlanadi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo