10:20 / 10.10.2022
1 079

Armaniston va Ozarbayjon bir-birining hududiy yaxlitligini tan oldi

Armaniston va Ozarbayjon bir-birining hududiy yaxlitligini tan oldi
Foto: Yelisey saroyi matbuot xizmati
Pragadagi uchrashuvda Armaniston va Ozarbayjon bir-birining hududiy yaxlitligini va suverenitetini tan oldi. Bu haqda Yelisey saroyi matbuot xizmati xabar bermoqda.

Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev, Armaniston bosh vaziri Nikol Pashinyan, Fransiya prezidenti Emmanuel Makron va Yevroittifoq kengashi raisi Sharl Mishel ko‘p soatlar davom etgan muzokaralardan keyin yakuniy bayonot qabul qildi.

Ozarbayjon va Armaniston yetakchilari Pragaga Fransiya prezidenti va Yevroittifoq kengashi raisi taklifi bilan keldi.

Ular BMT ustaviga va 1991 yilgi Olmaota deklaratsiyasiga sodiqligini tasdiqladi hamda ularga muvofiq, bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan olishini bildirdi.

«Armaniston va Ozarbayjon, BMT ustaviga va 1991 yilgi Olmaota deklaratsiyasiga sodiqligini yana bir marta namoyish etgan holda, bir-birining hududiy yaxlitligi va suverenitetini tan oladi. Tomonlar bu delimitatsiya bo‘yicha komissiya faoliyati uchun asos bo‘lib hisoblanishini ma’lum qildi, komissiyaning keyingi majlisi oktabr oxirida Bryusselda o‘tkazilishi kerak», — deyiladi to‘rt tomonlama uchrashuv yakunida qabul qilingan bayonotda.

Armaniston Ozarbayjon bilan chegaraga Yevroittifoq fuqarolik missiyasini yuborishga rozi bo‘ldi. Ozarbayjon ham ushbu komissiya bilan hamkorlikka rozilik berdi. Missiya o‘z ishini oktabrda boshlab, uni 2 oy davomida yakunlaydi.

Avvalroq Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev yil oxirigacha Armaniston bilan tinchlik shartnomasi imzolanishi mumkinligini, bu arman tomonining xohishiga ham bog‘liqligini aytgandi.

Armaniston va Ozarbayjon o‘rtasidagi ziddiyat
Yerevan va Baku o‘rtasida navbatdagi keskinlik 12 sentyabrdan 13 sentyabrga o‘tar kechasi boshlandi. Armaniston Ozarbayjonni janubi-sharqiy chegarani o‘qqa tutishda aybladi. O‘z navbatida, Boku ham Armaniston tomondan Ozarbayjon armiyasining ta’minot yo‘llari minalangani, shuningdek, o‘t ochilganini da’vo qildi.

13 sentyabr tongida tomonlar Moskva vositachiligida o‘t ochishni to‘xtatishga kelishdi, ammo otishmalar to‘xtamadi va ikki mamlakat ham bunda qarshi tarafni aybladi. 14 sentyabr oqshomida tomonlar tinchlik bo‘yicha yana bir bor kelishuvga erishdi.

Armaniston KXSHTdan yordam so‘radi, biroq ular tinchlikparvar kuchlarni yuborishdan bosh tortdi. KXSHT Armanistonga o‘z missiyasini jo‘natdi, 19 sentyabr kuni guruh nizoni tinchlantirish uchun takliflar ishlab chiqqanini ma’lum qildi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo