
Foto: Picture Alliance
Volodimir Zelenskiy G7 davlatlari rahbarlari oldida video-aloqa orqali chiqish qilib, ularni Ukrainaga Rossiya raketalaridan himoyalanish uchun samarali havo hujumidan mudofaa tizimini yaratishda yordam berishga chaqirdi.
«Millionlab odamlar G7'ga bunday yordam uchun minnatdor bo‘lishadi», deya ta’kidlab o‘tdi Zelenskiy.
Bundan tashqari, u «hukmronligining oxiriga yetgan Rossiya rahbarida hali ham vaziyatni yanada keskinlashtirish imkoni bor»ligini eslatdi. Bu «barchamiz uchun xavf», deya ogohlantirdi Ukraina prezidenti.
«Katta yettilik» Rossiyaning «aybsiz fuqarolar o‘limiga sabab bo‘lgan Ukraina fuqarolik infratuzilmasi va shaharlariga raketa hujumlari»ni keskin qoraladi.
Seshanba kuni Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy ishtirokida videoformatda bo‘lib o‘tgan yig‘ilish yakunlari bo‘yicha berilgan bayonotga ko‘ra, G7 davlatlari tinch aholiga nisbatan hujumlar «harbiy jinoyat bo‘lib, buning uchun Rossiya prezidenti Putin va boshqa aybdorlar javobgarlikka tortilishini» eslatdi.
G7 davlatlari Rossiyaning soxta referendumlar orqali Ukraina hududlarini anneksiya qilishga bo‘lgan noqonuniy urinishlarini qoraladi va rad etdi.
«Yettilik» Ukraina hududini o‘zgartirishga urinishlari uchun jismoniy shaxslar, kompaniya va tashkilotlarga nisbatan iqtisodiy sanksiyalar qo‘llashda davom etish niyatida.
G7 davlatlari Rossiyaning Ukrainadagi urushni kuchaytirishga qaratilgan harakatlarini, jumladan, «global tinchlikka tahdid soluvchi yadroviy qurollardan foydalanishga safarbarlik va tahdidlarni» qoraladi va «Rossiya tomonidan kimyoviy, biologik yoki yadroviy qurollardan har qanday foydalanish keskin javob harakatiga olib kelishini aytdi».
Bundan tashqari, «yettilik» Belarus hukumatini Rossiya qo‘shinlari tomonidan Ukrainaga qarshi agressiya uchun mamlakat hududidan foydalanishini to‘xtatishga chaqirdi.
«Rossiya va Belarus qo‘shinlarining qo‘shma mintaqaviy guruhini tuzish to‘g‘risidagi e’lon Belarus rejimi Rossiyaning sherigi ekanligiga yana bir misol bo‘ldi», — deyiladi bayonotda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar