
Foto: TASS
The New York Times manbalari Rossiya qo‘shinlarining bir qismini va C-300 zenit-raketa komplekslarini Suriyadan olib chiqib ketayotgani to‘g‘risida xabar berdi. Bir necha qo‘mondonlar allaqachon Ukrainaga yuborilgan.
Rossiya Suriyadan 1600 nafargacha askardan iborat ikkita batalon va C-300 zenit-raketa komplekslarini olib chiqib ketdi. Bu haqda The New York Times gazetasi 19 oktabr, chorshanba kuni kechqurun Isroil va G‘arbdagi anonim manbalarga tayanib xabar berdi. Isroillik harbiy manbaning qo‘shimcha qilishicha, Suriyadan bir necha rossiyalik qo‘mondon allaqachon Ukrainaga ko‘chirilgan.
Turli nashrlar bir necha oylardan beri Rossiya Suriyadagi harbiy ishtirokini uni Ukrainada mustahkamlash maqsadida kamaytirayotgani, shuningdek, Ukraina frontiga suriyalik yollanma askarlarni yuborayotgani haqida yozmoqda. Sentyabr oyida OAV Rossiya Ukrainadagi katta yo‘qotishlar fonida Suriyadagi mojaroga «siyosiy yechimni tezlashtirishga» urinayotgani haqida xabar bergan edi.
Urush boshlanganidan beri Isroil Ukrainaga faqat tibbiy va gumanitar yordam ko‘rsatish bilan cheklanib qoldi. Rossiya oktabr oyida Erondan olingan Shahed-136 dronlari bilan Ukraina shaharlariga hujum qilganidan keyin Ukraina Isroildan havo hujumidan mudofaa tizimlarini so‘radi. Isroil tomoni Ukrainaga baribir qurol yetkazib bermasligini, biroq yaqinlashib kelayotgan zarbalar haqida erta ogohlantirish tizimini ishlab chiqishda yordam berishga tayyorligini ta’kidlamoqda.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar