
21 oktabr - O‘zbek tili bayrami arafasida O‘zbekistonning Vengriyadagi elchisi Abat Fayzullayev Vengriya Fanlar akademiyasining Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida akademiya kutubxonasi bosh direktori Ishtvan Monok va Vengriyaning Etvosh Lorand universiteti (ELTE) turkiyshunoslik kafedrasi mudiri, Sharqshunoslik instituti direktori Benedek Peri bilan uchrashdi, deb xabar bermoqda «Dunyo».
Ishtvan Monok Vengriya Fanlar akademiyasi kutubxonasi 1825 yilda tashkil topganini, kutubxonada 10 mingdan ziyod tarixiy qo‘lyozmalar saqlanishi, ular orasida Sharq qo‘lyozmalari to‘plami noyobligi bilan ajralib turishini ma’lum qildi. 1951 yili vengriyalik olim va sharqshunos Layosh Ligeti tomonidan asos solingan ushbu to‘plamda O‘rta Osiyo olimlari, shoir va yozuvchilariga tegishli fors va turkiy-chig‘atoy (qadimiy o‘zbek) tilida yozilgan 80 ga yaqin qo‘lyozma saqlanadi.
Uchrashuv chog‘ida Sharq qo‘lyozmalari bo‘limida saqlanayotgan Alisher Navoiyning «Muhokamat ul-lug‘atayn» asari qo‘lyozmasi, Navoiy asarlarini o‘rganishni osonlashtirish uchun tayyorlangan XVI asrga oid «Chig‘atoy usmonli lug‘ati», vengriyalik mashhur shoir Arani Yanosh qalamiga mansub «Ajoyib bug‘uning hikoyati» asarining o‘zbek olimi Mulla Is'hoq Ibrohim tomonidan XIX asrdagi tarjimasi asl nusxasi bilan tanishish imkoni yaratildi.
O‘rta Osiyo olimlari qalamiga mansub ko‘plab asarlar Usmonli turklar imperiyasi davrida vengriyalik mashhur turkiyshunos olim va sayohatchi Armin Vamberi tomonidan Istanbul orqali Budapeshtga olib kelingan. I.Monok ushbu asarlarni o‘rganish va tadqiq etish niyatida bo‘lgan barcha o‘zbek mutaxassislariga akademiya kutubxonasi doimo ochiq ekanligini alohida qayd etdi.
Uchrashuvda Vengriyaning Etvosh Lorand universitetida o‘zbek tili o‘quv kurslarini joriy etish va O‘zbekistondan tegishli mutaxassislarni jalb qilish imkoniyatlari ham atroflicha muhokama qilindi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar