19:56 / 26.10.2022
1 971

Saudiya Arabistoni chiziqsimon futuristik shaharni qurmoqda: maqsad pul ishlashmi?

Saudiya Arabistoni chiziqsimon futuristik shaharni qurmoqda: maqsad pul ishlashmi?
«The Line» dengizdan boshlanadi. Foto: neom.com
Jahonning 56 foiz aholisi ayni paytda shaharlarda istiqomat qilishadi. Shaharlardagi barqarorlik va jamoatchilik farovonligi jahondagi barcha davlatlar hukumatlari uchun jiddiy muammo bo‘lmoqda. Bu muammoni yechish uchun Saudiya Arabistoni gorizontal osmono‘par binolar ko‘rinishidagi 170 km uzunlikdagi «The Line» («Chiziq») futuristik shahar qurishga ahd qildi.

Loyihaning ishlab chiqaruvchisi Saudiya Arabistonining valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon boshqaruvidagi mashhur NEOM texnoparkidir.

«The Line» nima o‘zi?

«Chiziq» — NEOM tomonidan yaratilgan, inson uchun mo‘ljallangan futuristik shahar konsepsiyasi bo‘lib, loyiha an’anaviy shahar hayoti va urbanizm uchun o‘ziga xos inqilob bo‘lishi kutilmoqda. NEOM so‘zi qadimiy yunoncha neos (yangi) so‘zini bildiradi, yoki arabcha mustaqbal, yangi kelajak degani. Kelajak shahri «The Line»ning ilk rejasi 2021 yilning yanvarida NEOM direktorlar kengashi raisi Muhammad ibn Salmon tomonidan e’lon qilingan edi.

«The Line» Saudiya Arabistonida shahar rivojlanishi va tabiatni asrab qolish uchun uyg‘unlikka erishishga qaratilgan.

«Chiziq» shahri 9 million aholiga mo‘ljallangan bo‘lib, 34 kvadrat kilometr maydonni egallaydi. Loyiha qiymati 1 trillion dollar. Odamlar barcha ob’ektlarga yo piyoda, yo yuqori tezlikli temiryo‘l orqali uzog‘i bilan 20 daqiqada yetib ololadi. Loyiha asoslangan modelga ko‘ra, odamlar o‘zlariga zarar ob’ektgacha eng ko‘pi bilan 5 daqiqa piyoda yurishadi.

Shaharda barcha sharoit bo‘ladi. Foto: zdf.de
Shahzoda boshqarayotgan NEOM haqida

Saudiya Arabistonining shimoli-g‘arbida, Qizil dengiz sohillarida joylashgan va 41 ta sohiloldi orollaridan iborat NEOM (yangi kelajak) tadbirkorlik, yangi texnologiyalar, atrof-muhitni avaylab asrash va obod qilish uchun yangi modellarni loyihalovchi tirik laboratoriyadir.

Saudiya valiahd shahzodasi Muhammad ibn Salmon «The Line» taqdimotida. Foto: ajel.sa
Rejalashtiruvchilarning aytishicha, Saudiyaning davlat investitsiyalari, shuningdek, mahalliy va xalqaro investorlarning dastagi ostida 1 trillion dollarlik NEOM loyihasi giperbog‘langan, kognitiv shaharchalar, bandargohlar va tadbirkorlik zonalari, tadqiqot markazlari, sport va ko‘ngilochar markazlar va turistik yo‘nalishlarni o‘z ichiga oladi.

U global investitsiyalarni jalb qilish uchun ideal joylashgan, chunki jahon savdo oqimlarining 13 foizi Qizil dengiz orqali o‘tadi, jahonning 40 foiz qismi havo orqali 6 soatlik parvoz masofasida.

NEOM tirik laboratoriyasi. Foto: flipboard.com
NEOM’ning unikal jo‘g‘rofiy joylashuvi ham mo‘’tadil iqlimni ta’minlaydi va u yerda harorat Arabiston yarimorolining qolgan qismiga nisbatan o‘rtacha 10 darajaga pastroq.

Vision 2030 rejasining bir qismi

«The Line» Saudiya Arabistonida qabul qilingan Vision 2030 rejasining bir qismidir. Bundan tashqari, NEOM texnoparki «The Line»da sun’iy idrok ma’lumotlar va prognozlash modellaridan foydalanib, kundalik hayotni yaxshilab borishni va’da qilmoqda.

Shahar qurilishi allaqachon boshlab yuborilgan. Foto: dezeen.com
Dizayn allaqachon o‘zining dadilligi va ambitsiyalari tufayli yaxshi taqrizlar olgan. Londonlik iqtisodchi Muhammad Ramadiyning aytishicha, «The Line» ayrim an’anaviy shahar quruvchilarining skeptik qarashlariga qaramasdan inqilobiy loyiha.

«Urbanizm konsepsiyasi kelgusi avlodlar tomonidan tarixdagi davrlarni belgilab bergan, odamlar oson qabul qilmagan ulkan shahar qurilishlariga taqqoslasa bo‘ladigan tiklanadigan energiya manbalari, shahar hayoti hamjamiyatning yashovchan usuli o‘laroq qabul qiladigan narsa bo‘ladi. Valiahd shahzodaning dadil takliflari NEOM’dan faqat Saudiya Arabistoni emas, butun insoniyat yutishini aniq ta’kidlamoqda», — degan Ramadiy.

Ikki «devor» orasidagi bog‘-u rog‘lar. Foto: thenextweb.com
Ha, «The Line» tiklanuvchan energiya manbalariga ulanadi. Chunki barqarorlik loyihaga asos qilib olingan, NEOM foydalanadigan yerlarning 95 foizi atrof-muhitni asrash uchun saqlab qo‘yilgan. NEOMdagi barcha energiya 100 foiz qayta tiklanadi — quyosh va shamol energiyalari, elektr energiyasini vodoroddan olish — sof va ifloslanmagan shahar muhitini yaratadi.

Avtomobillarsiz shahar

NEOM rejasiga ko‘ra, hech qanday avtomobillar bo‘lmaydi va zaharli gazlar ham ishlab chiqarilmaydi. An’anaviy shaharlardan farqli o‘laroq, insonlarning salomatligi va farovonligi transport va infratuzilmadan ustun ko‘riladi. Endi bor-yo‘g‘i 200 metr, uzunligi 170 kilometr va balandligi 500 metrgacha bu — ikki gorizontal osmono‘par binolarning o‘lchamlari.

Koinotdan qaralsa shahar 170 km uzunlikdagi chiziq ko‘rinishida namoyon bo‘ladi. Foto: dailymail.co.uk
Shahar hamjamiyati avtomobillar emas, insonlar atrofida quriladi, butun shahar hududlarni bog‘lovchi yo‘lkalardan iborat bo‘ladi. Yo‘llar va ko‘chalar o‘rnini bog‘lar va yashil o‘simliklardan iborat maydonlar va xiyobonlar egallaydi. Sun’iy idrok aholi va korxonalar uchun vaqtni tejash maqsadida hayotni yengillashtirish usullarini o‘rganadi va prognoz qiladi.

«The Line» shahrini to‘rtta turli ekologiya zonalar birlashtiradi: sohil, cho‘l, tog‘ va baland vodiy. Tabiat yashash sharoitlari va farovonlikni yaxshilashi uchun hamjamiyat yuragiga integratsiya qilinadi. Shahar shuningdek qishloq xo‘jaligiga ixtisoslashgan hududlarga ham bo‘linadi va u yerda oziq-ovqat mahsulotlari barqaror ishlab chiqariladi.

Futuristik shahar tuzilmasi

Loyihaning tasvirlariga e’tibor berilsa ikkita parallel devorsimon konstruksiya va ularning orasidagi erkin makonga ko‘z tushadi. Shaharning fasadi to‘liq ko‘zgusimon bo‘ladi. Urbanizatsiya an’anaviy shahar rejalashtirish modellaridagi kabi vertikal emas, gorizontal shaklda rivojlanadi.

NEOM’ning shahar rejalashtirish bo‘yicha ijrochi direktori Tariq Kaddumiyning aytishicha, NEOM barqaror qurilish materiallari va usullari ustida ham tadqiqotlar olib bormoqda. Ular 9 million kishi yashaydigan shaharda uglerod ajralib chiqishini nolga tushirish uchun nima qilish kerakligi ustida ishlashmoqda.

Ishlab chiqaruvchilar bu konsepsiyani «vaznsizlik urbanizmi» deb ham atashmoqda. Dengiz sathidan 500 metr balandlikka ko‘tarilar ekan, bu konstruksiya Empayr Steyt Bilding kabi ko‘plab osmono‘par binolardan ham balandroq bo‘lishini bildiradi.

«Chiziq» ko‘plab mashhur osmono‘par binolardan ham balandroq bo‘ladi. Foto: dailymail.co.uk
«Chiziq»dagi shahar hayoti uch o‘lchamda tashkil etiladi; vaznsizlikdagi urbanizmdan ikkita hosila bu — giperyaqinlik va giperaralashuv. Ya’ni ob’ektlar bir biriga juda yaqin va aralashgan holda bo‘ladi. Giperyaqin shahar modeli avtomobillarga mo‘ljallangan dizaynga emas, multimodal tashuvlarga ixtisoslashadi.

Ushbu loyiha doirasida Saudiya Arabistoni 380 ming ish o‘rni yaratishni ham maqsad qilgan.

Albatta, Kelajak shahri «Chiziq»ni tanqid qilayotganlar ham topilmoqda. An’anaviy shahar dizaynerlari va katta shaharlardagi hayot sifati tanqidchilari shug‘ullanishmoqda. Shahar 34 kv km maydonni egallaydi va u bir kishiga 4 kv metr joy tegadi degani. Garchi NEOM «The Line» modelini uglerod ajralib chiqishi nolga teng bo‘lgan eko-shahar deb atayotgan bo‘lsa-da, miqyoslar va ijtimoiy maqsadlar loyiha atrof-muhiti oldiga qo‘yadigan jiddiy savollarni keltirib chiqarmoqda. Shuningdek, shahar tashqi devorlarining ko‘zgusimon bo‘lishi jonivorlar va qushlar uchun ekologik halokat keltirib chiqarishi mumkinligi ham ta’kidlab o‘tilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo