
Hindistonning g‘arbida joylashgan bu shtatda Divali bayrami paytida ko‘prik qulashi oqibatida kamida 134 kishi halok bo‘ldi, 170 nafar odam qutqarildi. Shtat ma’murlari yuzlab kishining o‘limiga aybdor deb gumon qilingan 9 kishini qo‘lga oldi.
Politsiya bosh inspektori Ashok Yadavning aytishicha, mustamlaka davrida qurilgan mazkur ko‘prikni ta’mirlash va moliyalashtirishga aloqador shaxslarga nisbatan jinoiy ish ochilgan. U hozircha qo‘lga olinganlarning shaxsini oshkor qilgani yo‘q.
Aslida nima bo‘lgan edi?
Gujaratning Morbi tumanidagi ushbu diqqatga sazovor ko‘prikning kengligi 1,25 metr, uzunligi esa 233 metrni tashkil qiladi. U mahalliy aholi orasida "Tebranma ko‘prik" nomi bilan tanilgan va undan foydalanish davrining boshlanishi 1879, Britaniyaning mustamlaka yillariga to‘g‘ri keladi. Aytish joizki, ko‘prik bosh vazir Narendra Modining vatanida joylashgan.
Yakshanba kuni tunda olomon ko‘prikda suratga tushish uchun kelgan edi. Voqea joyidan olingan videolarda ko‘rinib turganidey, ba’zilar ko‘prik qulayotganda, uning yon tomonlaridagi arqonlardan tutib turishgan va taxminan 10 metr balandlikdan Machxu daryosiga tushib ketgan.
Yakshanba hindaviylarning mashhur bayrami Divalining so‘nggi kuni edi va rasmiylarning hisob-kitoblariga ko‘ra, bayramini nishonlash uchun ko‘prikda 500 nafarga yaqin odam to‘plangan. Ma’lumotlarda ko‘prik 100-150 kishini ko‘tarish quvvatiga ega ekanligi aytilgan. Aytish joizki, mazkur ko‘prik chorshanba kuni Hindistondagi xususiy kompaniya tomonidan yetti oylik ta’mirdan so‘ng qayta ochilgan edi.
Xavfsizlik choralarining qanday muhim jihatlari ko‘rilmagan?
Ta’mirlashni amalga oshirgan Gujaratdagi elektr jihozlari va soat ishlab chiqaruvchi Oreva kompaniyalar guruhi xavfsizlik qoidalarini buzgan, degan taxminlar paydo bo‘ldi.
Morbi shahar hokimiyati hokimi Sandipsinx Zalaning aytishicha, Oreva kompaniyasi shartnomaga muvofiq, ko‘prikka 15 yil davomida xizmat ko‘rsatishi lozim edi.
«Ular bizga ko‘prikning qayta ochilayotgani haqida hech qanday ma’lumot berishmadilar», deydi Zala Indian Express nashriga bergan intervyusida. «Biz ularga hech qanday xavfsizlik sertifikatlarini bermaganmiz».
Indian Express nashri yozishicha, Oreva vakili ko‘prik qulab tushishiga uning o‘rtasida juda ko‘p odam uni bir tomondan ikkinchisiga chayqatishga uringani sabab bo‘lganini keltirgan.
Hukumatning munosabati qanday bo‘ldi?
Shtatda o‘zining Bhartiya Janata partiyasi (BJP) uchun saylovoldi tashviqotini olib borayotgan Modi seshanba kuni Morbiga tashrif buyurishni rejalashtirmoqda. Modi 12 yil davomida Gujarat bosh vaziri bo‘lib kelgan va shtatda bu yil saylovlar bo‘lib o‘tishi kutilmoqda.
BJP boshchiligidagi shtat hukumati ko‘prikning qulashini tekshirish uchun besh nafar politsiyachi va amaldorlardan iborat guruh tuzgan.
Gujaratning eng yirik shahri Ahmadoboddan kelgan jurnalist Xaresh Jala nima uchun mahalliy hukumat ko‘prikning jamoatchilikka ochilishiga ruxsat berganiga hayron bo‘ldi.
«To‘rt kun o‘tdi va mahalliy ma’murlar shuncha kundan beri uxlayapti», degan Jala Al-Jazira muxbiriga. “Ko‘rinishidan, pudratchi pul ishlashga shoshilgan. ...Ta’mirlash haqiqatan ham yakunlanganmidi yoki bu sud jarayoni bo‘ladimi, bu tergov masalasidir».
2011 yilda G‘arbiy Bengaliyaning Darjiling shahrida sodir bo‘lgan shunga o‘xshash hodisa – gavjum ko‘prikning qulashi oqibatida 32 kishi halok bo‘lgan edi. Xuddi shu shtatda, besh yil o‘tib G‘arbiy Bengaliya poytaxti Kalkuttada yo‘l o‘tkazgich qulab tushishi 26 kishining umriga zomin bo‘lgandi.
Manba: Azon.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar