14:41 / 14.11.2022
1 797

Istanbuldagi teraktda gumonlangan ayol qo‘lga olindi

Istanbuldagi teraktda gumonlangan ayol qo‘lga olindi
Foto: AFP
Turkiya politsiyasi Istanbul shahri markazidagi Istiqlol ko‘chasida portlash sodir etishda gumonlangan shaxsni qo‘lga oldi. Bu haqda Turkiya ichki ishlar vaziri Sulaymon Soylu ma’lum qildi.

Vazirning aytishicha, Suriyadagi terrorchilik guruhi portlashga aloqadorlikda gumonlanmoqda - OAV gap Kurdiston ishchi partiyasi haqida ketayotganini taxmin qilgan.

«Tergovda terrorchilik hujumi izlari Suriyaga olib borayotgani va bunda Anqara tomonidan terrorchi sifatida tan olingan guruhlar ishtirok etgani bo‘yicha dalillar bor. Bizning ma’lumotlarga ko‘ra, terakt amalga oshirish buyrug‘i Kobanidan bo‘lgan, hujum ijrochisi esa Suriyaning Afrin shahridan kelgan», — deya Soyluning so‘zlarini keltirgan TRT Haber telekanali.

Vazir jami 21 kishi, jumladan bomba o‘rnatgan shaxs qo‘lga olinganini ma’lum qilgan. «Yaqin vaqtlar ichida bizga bu og‘riqni keltirganlarga biz ortig‘i bilan qaytaramiz», — deya qo‘shimcha qilgan Soylu.

Mamlakat vitse-prezidenti Fuat O‘qtoy Turkiya hukumati 13 noyabr kuni poytaxtda ro‘y bergan portlashni terakt sifatida baholayotganini ma’lum qilgan.

Teraktdan keyin Turkiya hukumati OAVga portlash haqida yangiliklar, voqea joyidan kadrlar, portlash sabablari va gumonlanuvchilar bo‘yicha versiyalarni norasmiy manbalarga asoslangan holda tarqatishni taqiqlagan.

«Qabihona hujum»

Erdo‘g‘an Balidagi G20 sammitiga uchib ketish oldidan Istanbuldagi Otaturk aeroportida matbuot anjumani uyushtirdi
ANADOLU AGENCY

Yakshanba kuni Turkiya prezidenti Rajab Toyyib Erdo‘g‘an Istanbul markazidagi Taqsim maydoni hududida olti kishi o‘limiga va o‘nlab kishilar jarohat olishiga sabab bo‘lgan portlashni qoralagandi.

«Davlatimizning tegishli bo‘linmalari ushbu qabihona hujum uchun aybdorlarni qidirish ustida ishlamoqda», dedi Erdo‘g‘an Turkiya telekanallari tomonidan jonli translyatsiya qilingan matbuot anjumanida.

Portlash sayyohlar va mahalliy aholi orasida mashhur bo‘lgan Istiqlol ko‘chasida sodir etildi. Turkiya vitse-prezidenti Fuat O‘qtoy hujum ijrochisi ayol kishi ekanini aytgandi.

TRT WORLD/ANADOLU AGENCY
«Hujumni amalga oshirgan shaxs ayol kishi bo‘lgan, u bombani portlatgan. Bu terrorchilik akti sodir etilganini ko‘rsatadi. Portlash oqibatida olti kishi halok bo‘ldi. Yaralanganlar soni 81 nafarga yetdi», degan u.

«Zafer» partiyasi raisi o‘rinbosari Adem Toshqoya gumonlanuvchi shaxsi haqida ham ma’lumot bergan — u Jiyan Tosun, ammo keyinroq o‘z postini o‘chirib yuborgan.

So‘nggi ma’lumotlarga ko‘ra, 81 kishidan 50 kishiga javob berilgan, besh kishi jonlantirish bo‘limida, ularning ikki nafari og‘ir ahvolda qolmoqda.

O‘qtoyning so‘zlariga ko‘ra, to‘rt kishi voqea joyida halok bo‘lgan, shifoxonada yana ikki kishining joni uzilgan. Turkiya Bosh prokuraturasining 14 nafar tergovchisi, shuningdek sud tibbiyot ekspertlari tergov harakatlariga jalb etilgan.

«Buning ortida kim turgan bo‘lmasin, mamlakat ichkarisida yoki dunyoning istalgan burchagida bo‘lsa ham biz ularga yetib boramiz. Bu odamlar Turkiyaga olib kelinadi, sudga tortiladi va jazolanadi», degan O‘qtoy.

Terakt uchun javobgarlar haqida Erdo‘g‘an ham matbuot anjumani davomida to‘xtalgan. U ham keskin ohangda aybdorlar jazolanishiga va’da bergan.

«Ro‘y bergan hodisa aybdorlari o‘zlariga munosib jazoni olishadi. Terrorizm orqali Turkiyani va turk millatini egallashga bo‘lgan urinishlar bugun ham, ertaga ham o‘z maqsadiga erisha olmaydi», degan u.

Istanbul gubernatori Ali Yerliqoya portlash mahalliy vaqt bilan soat 16:20 da sodir etilganini ma’lum qilgandi.

Voqea joyiga zudlik bilan politsiya otryadlari, tez yordam mashinalari, o‘t o‘chiruvchilar va boshqa favqulodda xizmatlar yetib kelgan.

Ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgan videoyozuvlarda odamlar ko‘plab restoran va do‘konlar joylashgan Istiqlol ko‘chasi bo‘ylab chopib ketayotgani aks etgan.

Taqsim maydoni va Istiqlol ko‘chasi Istanbulning sayyohlar orasida mashhur va doimiy ravishda odamlar bilan gavjum bo‘ladigan hududlari sanaladi.

Voqea joyida olingan videoroliklarda portlash oqibatida yaralanib yoki gangib qolgan holda yerda o‘tirgan odamlar ham ko‘rinadi.

Roliklardan, shuningdek muxbirlarning xabarlaridan bilish mumkinki, portlash ovozi uzoqlardan ham eshitilgan, portlash joyida esa alanga ko‘tarilgan.

Tasvirlarda shuningdek portlash ro‘y bergan joyda keng o‘ra paydo bo‘lgani, atrofida bir necha kishi jasadi yotgani ko‘rinadi.

Portlash hududidagi barcha odamlar evakuatsiya qilingan, voqea joy o‘rab olingan.

Foto: Kemal Aslan / Reuters
O‘zbekistonning Istanbuldagi Bosh konsulxonasi Istanbuldagi portlash oqibatida jabrlanganlar orasida O‘zbekiston fuqarolari mavjudligi haqida ma’lumot yo‘qligini ma’lum qildi.

Keyinroq portlash oqibatida O‘zbekiston fuqarosi bo‘lgan bloger, jamoatchilik faoli Islam Kaparzo ham jabrlangani ma’lum bo‘ldi. Bu haqda uning o‘zi ijtimoiy tarmoqdagi sahifasida yozib qoldirgan. «Ozgina jarohatlandim, lekin halokatli emas, hayotman», — degan u.

Istiqlol ko‘chasida avval ham 2015-2016 yillarda qator teraktlar amalga oshirilgan, bu hujumlarning barchasi uchun javobgarlikni ISHID guruhi zimmasiga olgan.

Istanbuldagi so‘nggi yirik terakt 2017 yil 1 yanvariga o‘tar kechasi sodir etilgan, o‘shanda Kalashnikov avtomati bilan qurollangan shaxs Bosfor sohilidagi tungi klubga bostirib kirgan va u yerdagi kishilarni o‘qqa tutgandi. Hujum oqibatida 39 kishi halok bo‘lib, 69 kishi yaralangandi.

Istanbul1, Terakt1, Ayol1, Qo‘lga olindi1

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Istanbuldagi teraktda gumonlangan ayol qo‘lga olindi