16:30 / 18.11.2022
1 916

Amerika Kongressi a’zosi Ukrainani «AQSHning 51-shtati»ga qiyosladi

Amerika Kongressi a’zosi Ukrainani «AQSHning 51-shtati»ga qiyosladi
Foto: Getty Images
AQSH Kongressi Vakillar palatasining Jorjiya shtatidan a’zosi Marjori Teylor Grin matbuot anjumani chog‘ida yordam ajratish siyosatini tanqid qilib, Ukrainani «AQSHning 51-shtati»ga qiyosladi. Bu haqda «RBK» xabar bermoqda.

«Biz Ukraina budjetini moliyalashtiryapmiz — 11,8 milliard dollar budjetni qo‘llab-quvvatlash sifatida yo‘naltirilyapti. Savol shundan iborat: Nima, Ukraina endi AQSHning 51-shtatimi? Unda Zelenskiy bizning hukumatimizda qanday lavozimni egallab turibdi?» — dedi u.

Grin bu holat «g‘azabni keltirishi»ni aytdi va «Amerika xalqi o‘z savollariga javob olishga loyiq» ekanini ta’kidladi.

Ushbu matbuot anjumani AQSH tomonidan Ukrainani qo‘llab-quvvatlash uchun ajratilayotgan mablag‘lar auditi haqidagi qonun loyihasiga aloqador edi. Grin boshchiligidagi bir guruh respublikachilar uni avvalroq Amerika Kongressiga kiritgandi. Hujjat mualliflari Ukrainaga mablag‘lar ajratilishiga bog‘liq bo‘lgan barcha hujjatlar va muhokamalar oldindan kelishib olinishini talab qilmoqda. Bu harbiy, fuqarolik va moliyaviy ko‘makka tegishli.

Harbiy operatsiya boshlanganidan buyon AQSH Ukrainaga 18,2 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va boshqa uskunalarni ajratdi. 4 noyabr kuni Pentagon Ukrainaga 400 million dollarlik yangi harbiy yordam paketi berilishini e’lon qildi. 15 noyabr kuni AQSH prezidenti Jo Bayden Kongressga Ukrainaga 37,7 milliard dollar miqdorida qo‘shimcha mablag‘ ajratish so‘rovini kiritdi.

Vakillar palatasida ko‘pchilik o‘rinni qo‘lga kiritgan Respublikachilar partiyasi Ukrainaga yuborilayotgan mablag‘larni tekshirishga chaqirdi. Biroq tashqi ishlar bo‘yicha qo‘mita rahabri Maykl Makkolning so‘zlariga ko‘ra, respublikachilar Kiyevga yordam berilishini to‘xtatishni rejalashtirmayapti, balki shunchaki uni qat’iyroq nazorat qilmoqchi.

Ma’lumot uchun: AQSH tarkibiga 50 ta shtat va Kolumbiya federal okrugi kiradi. Shuningdek, mamlakat bir nechat orol hududlarni, shu jumladan, Virginiya orollari, Guam, Puert-Riko, Amerika Samoasi va boshqalarni nazorat qiladi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Amerika Kongressi a’zosi Ukrainani «AQSHning 51-shtati»ga qiyosladi