
Foto: AP
Ukrainada Rossiya bosqini natijasida hozirgacha kamida 8311 nafar tinch aholi halok bo‘lgan, ulardan 437 nafari bolalar. Bundan tashqari, 11 mingdan ortiq tinch aholi jarohatlangan. Bu haqda 20 noyabr, yakshanba kuni bo‘lib o‘tgan umummilliy telemarafon efirida mamlakat bosh prokurori Andrey Kostin ma’lum qildi. «Ammo biz haqiqiy ko‘rsatkich ancha yuqori ekanligini tushunamiz, bizda hali ham bosib olingan hududlarga kirish imkoni yo‘q», — deya qo‘shimcha qildi u.
Kostinning so‘zlariga ko‘ra, so‘nggi ikki oy davomida Xarkiv, Donetsk va Xerson viloyatlarining okkupatsiyadan ozod qilingan hududlarida 700 dan ortiq halok bo‘lganlarning jasadi topilgan, ularning 90 foizi tinch aholi vakillaridir. «Biz deyarli har bir shaharda, Xarkiv viloyatining har bir qishlog‘ida Ukraina fuqarolari halok bo‘lgan joylarni topdik», deb ta’kidladi bosh prokuror.
Ukraina Bosh prokuraturasi urush boshlanganidan beri 45 mingdan ortiq ehtimoliy harbiy jinoyatlar va milliy xavfsizlik asoslariga qarshi 19 mingdan ortiq jinoyatlarni qayd etgan, dedi Andrey Kostin.
Rossiya Federatsiyasining 216 nafar harbiy xizmatchisi harbiy jinoyatlarda gumon qilinyapti, ulardan 17 nafari harbiy asirlar, qolganlariga ayblovlar sirtdan e’lon qilindi, dedi Kostin. 60 nafar shaxsga nisbatan ayblov xulosasi sudga yuborilgan, ulardan 12 nafari sudlangan.
Rossiyaliklar gumon qilinayotgan jinoyatlar orasida aholi punktlariga hujum qilish, tinch aholiga nisbatan yomon munosabatda bo‘lish (73 gumondor), tinch aholini qasddan o‘ldirish (35 gumondor), jinsiy zo‘ravonlik (gumon 6 nafar harbiy xizmatchiga e’lon qilingan, ulardan biri qotillikda ham gumon qilinmoqda) bor. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar