2 187
Ukrainalik fuqaroning Rossiyadagi xorijliklarni vaqtincha saqlash markazida ko‘rganlari...

Ukraina fuqarosi Vladimir 15 yil davomida Rossiyaga ishlash uchun borib yurgan. U Moskvada bo‘lganida Rossiyaning keng ko‘lamli Ukrainaga qilgan hujumi ro‘y berdi. Harbiy harakatlar tufayli u na Ukrainaga keta oldi, na Rossiyada qolish uchun hujjatlarini yangilay oldi.
Vladimir ikki kunni politsiya bo‘limida o‘tkazganini aytadi. U yurtiga ketishga izn so‘raganida sud unga ruxsat bermadi – Vladimir kuzatuv ostida deportatsiya qilinishi kerak. Bu vaqtga kelib Ukrainaning Rossiyadagi elchixonalari va konsulliklari ishlamay qolgan edi. Uni deportatsiya qilish masalalari bilan shug‘ullanadigan hech kim yo‘q edi. Shunday qilib, bu odam Moskvadagi chet el fuqarolarini vaqtincha hibsga olish markaziga tushdi. Vladimirning so‘zlariga ko‘ra, biron bir qamoqxonani «Saxarova» vaqtinchalik markazi bilan taqqoslab bo‘lmaydi.
«Bu mutlaqo hammaga nisbatan hayvoniy munosabat. Markaziy Osiyodan kelgan barcha yigitlarni shunchaki kaltaklashadi, haqorat qilishadi. Men hech qachon odam kabi gaplashganlarini eshitmaganman», - deydi Vladimir.
Har kuni yuzlab yangi mahbuslar olib kelinardi, deydi u. Ko‘pchilik nima uchun hibsga olinganini ham tushunmagan. Markazda ular deyarli hammani Ukrainadagi urushga jalb qilishga harakat qilishgan. Vladimirning so‘zlariga ko‘ra, ular unga fuqarolik va ba’zi imtiyozlarni va’da qilishgan. Bunga rozi bo‘lganlar ham bo‘lgan.
Vladimir sakkiz oyni Saxarovadagi vaqtinchalik hibsxonada o‘tkazdi. Uning ozodlikka chiqishiga huquq himoyachilari yordam berishdi.
«Menga bir inspektor kelib: “Qirg‘izistonga uchasanmi?” – deb so‘radi. Men: “Men hatto Arktikaga pingvinlar oldiga bo‘lsayam uchaman, shu yerdan ketsam bo‘ldi", deydi Vladimir.
Chipta pulini uning do‘stlari yig‘ib berishgan. Bishkekda Vladimirni “Saxarovo”dagi xorijlik fuqarolarni vaqtincha saqlash markazining sobiq mahbuslari kutib olishdi. Qirg‘izistonda Vladimir tezda ish topishga muvaffaq bo‘ldi. Endi uning maqsadi chipta uchun pul yig‘ib, Ukrainadagi singlisi va onasining oldiga qaytish.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar