
Foto: Reuters
Putinning maqsadi - Ukraina xalqining mavjudligiga barham berish, deydi senator Jim Rish. Senat Qo‘shma Shtatlar va uning ittifoqchilarini Ukrainani qo‘llab-quvvatlashga va bu mamlakatdagi harbiy jinoyatlarni tergov qilishga chaqirdi.
7 dekabr, chorshanba kuni AQSH Senati xalqaro aloqalar qo‘mitasi Rossiyaning Ukrainaga qarshi harakatlarini Ukraina xalqining genotsidi sifatida tan oladigan rezolyutsiyani qabul qildi. Hujjat Rossiya Federatsiyasini ushbu mamlakatga harbiy bostirib kirishi paytida «Ukraina xalqiga qarshi genotsid aktlarini sodir etgani uchun» qoralaydi, AQSH va uning ittifoqchilarini Ukraina hukumatini qo‘llab-quvvatlashni davom ettirishga va «bu dahshatli jinoyatlar uchun javobgarlar shaxslarni jazoga tortishga qaratilgan tergovlarni olib borishga» chaqiradi.
«Putin o‘z harakatlari bilan o‘z maqsadi - Ukraina xalqining mavjudligiga chek qo‘yish ekanini juda aniq ko‘rsatdi. Men shaxsan Irpen va Kiyev viloyatining boshqa hududlarida uning shafqatsizligining dalilini ko‘rdim», dedi rezolyutsiya mualliflaridan biri bo‘lgan respublikachi senator Jim Rish.
Yana bir hammuallif, demokrat senator Ben Kardin «Putinning noqonuniy va asossiz urushi davomida Ukraina xalqiga qarshi sodir etilgan jinoyatlar son-sanoqsiz xalqaro konvensiyalarni buzadi va faqat genotsid sifatida tavsiflanishi mumkin», dedi.
Rezolyutsiya AQSH prezidenti Jo Baydenni Ukraina xalqining genotsidiga aloqador shaxslarga qarshi «Magnitskiy akti» bo‘yicha sanksiyalar qo‘llashni taklif qiladi.
Xalqaro jinoiy sud Ukrainada sodir etilgan harbiy jinoyatlarni tergov qilmoqda. Rossiya o‘z harbiylari Ukrainada tinch aholini o‘ldirganini rad etadi. Qotilliklar haqidagi ma’lumotni tarqatish Rossiyada mahalliy armiyaga qarshi feyklar to‘g‘risidagi modda bo‘yicha jinoiy javobgarlikka tortish bilan tahdid qilishi mumkin.
Avvalroq bir qator davlatlar parlamentlari Rossiyaning Ukrainaga harbiy bostirib kirishi munosabati bilan Rossiyani terrorizm homiysi yoki terrorchi rejim deb e’lon qilgan edi. Xuddi shunday rezolyutsiya Yevropa parlamenti tomonidan ham ma’qullangan. Shunga o‘xshash hujjatlar allaqachon AQSH Kongressiga bir necha bor kiritildi, ammo ularning hech biri hali qabul qilinmagan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar