
Belarus xalq vakillari palatasi amaldor va harbiylarning davlatga xiyonati uchun o‘lim jazosini belgilash nazarda tutilgan qonun loyihasini qabul qildi. Bu me’yor mamlakat jinoyat kodeksining uchta moddasiga o‘zgartirish kiritilishiga olib keladi.
Minsk ushbu loyiha terrorizm va ekstremizmga qarshi yanada samarali kurashishga yordam berishiga ishonmoqda. Bundan tashqari, mazkur qonun Belarus fuqarolarining xorijiy maxsus xizmatlar tomonidan yollanishiga xalal berishi mumkinligi aytilmoqda.
Belarus Yevropa va postsovet hududida o‘lim jazosi qo‘llashda davom etayotgan yagona davlat sanaladi. Beloruslar bu jazoning saqlab qolinishini yoqlab, 1996 yilgi referendumda ovoz bergandi. Shundan keyin huquq himoyachilari buni bekor qilishga bir necha bor chaqirgan bo‘lsa-da, ushbu masala bo‘yicha boshqa referendum o‘tkazilmadi.
Mamlakatda o‘ta og‘ir jinoyatlar uchungina o‘lim jazosi qo‘llanilishi mumkin. Shu bilan birga ayollar, voyaga yetmaganlar va 65 yoshdan oshganlarga bu chora qo‘llanilmaydi. Ammo hukumat JKda o‘lim jazosini qo‘llash mumkin bo‘lgan moddalarni ko‘paytirmoqda.
Joriy yil may oyida Aleksandr Lukashenko “terrorchilik aktini sodir etishga harakat qilgan”lik uchun o‘lim jazosini tayinlash xaqidagi qonunni imzolagandi. Unga ko‘ra, xorijiy davlat va xalqaro tashkilot vakillariga urushni qo‘zg‘ash maqsadida qilingan suiqasd o‘lim bilan jazolanadi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar