20:48 / 09.12.2022
847

AQSHda rasmiylarga TikTok'dan foydalanish taqiqlandi

AQSHda rasmiylarga TikTok'dan foydalanish taqiqlandi
AQSHda Texas gubernatori Greg Ebbott hukumat xodimlariga TikTok ijtimoiy tarmog‘idan foydalanishni taqiqlashni buyurdi. Bu haqda Axios xabar berdi.

Ma’lum qilinishicha, taqiqqa Xitoy hukumatining TikTok orqali ma’lumotlar olishi ehtimoli borligi sabab bo‘lmoqda.

«Gubernator Greg Ebbott TikTok'ni taqiqlashni buyurdi, chunki Xitoy Kommunistik partiyasi AQSHning muhim ma’lumotlari va infratuzilmasiga kirishi tahdidi kuchayishda davom etmoqda», deyiladi Texas gubernatorligi bayonotida.

Ta’kidlanishicha, TikTok'ni mobil telefonlar, kompyuterlar va planshetlarga yuklab olish yoki ulardan foydalanish taqiqlangan. Avvalroq bunday buyruqni Janubiy Dakota gubernatori Kristi Noem ham e’lon qilgan.

Ma’lumot o‘rnida, noyabr oyida Qirg‘iziston parlamenti deputati Janibek Qidiqboyev mamlakatda TikTok ijtimoiy tarmog‘ini bloklashni taklif qilgandi. U buni TikTok bolalarga xavfli ta’sir qilishi, jumladan, ijtimoiy tarmoqda narkomaniya, spirtli ichimlik reklama qilinib, tanalar ham ko‘rsatilishi bilan izohlagandi.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo