
Foto: Getty Images
Qo‘shma Shtatlar Ukrainaga 1,8 milliard dollarlik yangi harbiy yordam paketini e’lon qiladi, bu paketga birinchi marta Patriot zenit-raketa komplekslarining batareyasi kiradi. Bu haqda 21 dekabr, chorshanba kuni manbalarga tayanib, AP agentligi xabar berdi.
21 dekabrda e’lon qilinishi kutilayotgan paket Pentagon zaxiralaridagi qariyb 1 milliard dollarlik qurol-yarog‘ va yana 800 million dollarlik Ukraina xavfsizligiga ko‘maklashish tashabbusi mablag‘larini o‘z ichiga oladi.
Patriot tizimi G‘arb Ukrainaga Rossiya havo hujumlarini qaytarish uchun taqdim etgan eng ilg‘or zenit-raketa tizimi bo‘ladi, deya qayd etadi AP. Ukraina harbiylarini yangi tizimlarga o‘rgatish bir necha hafta davom etishi mumkin va Germaniyadagi Grafenvyor poligonida o‘tkazilishi kutilmoqda.
Patriot tizimidan tashqari, Qo‘shma Shtatlar Kiyevga yalpi o‘t ochish reaktiv tizimlari uchun HIMARS raketalarini, minglab artilleriya va minomyot snaryadlarini, yuk mashinalarini va HARM "havo-yer" sinfidagi boshqariladigan raketalarni topshiradi. Ukraina, shuningdek, Joint Direct Attack Munition (JDAM) to‘plamlarini oladi - ular an’anaviy erkin tushadigan bombalarni "aqlli" o‘q-dorilarga aylantiradi.
Yangi paket Kongress Ukrainaga 2023 yilgacha davlat moliyalashtirishi to‘g‘risidagi qonun loyihasi doirasida yana 44,9 milliard dollarlik yordam ko‘rsatishni tasdiqlashga tayyorligi haqidagi xabarlar fonida e’lon qilinadi, deya ta’kidlaydi AP.
Yangi harbiy yordam paketi AQSHning Ukrainaga havo hujumidan mudofaa tizimini mustahkamlash uchun yuborayotgan ilg‘or qurollar arsenalini kengaytirayotganini ko‘rsatadi.
Agentlik manbalarining ta’kidlashicha, Ukraina yetakchilarining doimiy iltimoslari va mamlakat fuqarolik infratuzilmasining keng miqyosda vayron bo‘lishi, jumladan, qishda elektr va issiqlik ta’minotidagi uzilishlar oxir-oqibat AQSHni Patriot yetkazib berish borasidagi shubhalarni chetga surishga majbur qildi.
Yangi yordam paketi Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiyning Vashingtonga tashrifi bilan birgalikda e’lon qilinishi kutilmoqda. E’lon qilinmagan tashrif Ukraina rahbarining 24 fevralda Rossiya hujumi boshlanganidan beri amalga oshirgan ilk xalqaro safari bo‘ladi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar