16:52 / 22.12.2022
1 699

Rossiya Arktikadagi harbiy bazalarini kuchaytirmoqda

Rossiya Arktikadagi harbiy bazalarini kuchaytirmoqda
Foto: Maxar Technologies
Rossiya Arktika yaqinidagi Uzoq Shimol hududlarida o‘z harbiy bazalarini kuchaytirishda davom etmoqda, shu tariqa, ushbu mintaqadagi ishtirokini oshirmoqda. Maxar Technologies kompaniyasidan olingan sun’iy yo‘ldosh tasvirlarini o‘rganib chiqib, jurnalistlar shunday xulosaga keldi, deb yozadi CNN.

Suratlarda Rossiyaning so‘nggi bir yil ichida takomillashtirilgan qator radiolokatsiya bazalari va uchish-qo‘nish yo‘laklarini ko‘rish mumkin.

«Arktika mintaqasi azaldan Rossiya neft-gaz sektori, shuningdek, uning yadroviy mudofaasi uchun muhim bo‘lib hisoblanadi, chunki bu hududda zamonaviy yadro qurol-yarog‘lari va suvosti kemalarining katta qismi joylashgan», — deyiladi maqolada.

Nashr qayd etishicha, erib borayotgan muzliklar janubi-sharqiy Osiyodan Yevropaga yangi dengiz yo‘llarini ochayotgani Arktikaning Rossiya uchun ahamiyatini yanada oshiradi.

Avvalroq NATO bosh kotibi Yens Stoltenberg Rossiyadan Shimoliy Amerikaga eng qisqa yo‘l Arktika Shimoliy qutbi orqali o‘tishini aytgandi. Shuningdek, u alyans mamlakatlari Norvegiya neft va gaz infratuzilmasiga qarshi potensial qo‘poruvchiliklardan tobora ko‘proq tashvishlanayotganini, chunki Norvegiya tabiiy gazi Yevropaga yetkazmalarning 20 foizdan ziyodini tashkil qilishini ta’kidlagandi.

«Boltiq dengizidagi qo‘poruvchilikdan keyin biz Boltiq va Shimoliy dengizlardagi ishtirokimizni kemalar, suvosti kemalari, dengiz patrul samolyotlari orqali oshirdik. Bu qisman monitoring uchun, vaziyatdan yaxshiroq xabardor bo‘lish uchun, shuningdek, Rossiyani tiyib turish va bu muhim infratuzilmani himoya qilishga tayyorligimizni unga ko‘rsatish uchun qilindi», — dedi Stoltenberg.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya Arktikadagi harbiy bazalarini kuchaytirmoqda