date
views 1 048

Qozog‘iston 2024 yildan hashamat solig‘ini joriy qiladi

Qozog‘iston 2024 yildan hashamat solig‘ini joriy qiladi
Foto: AP
Qozog‘iston parlamenti Senati yig‘ilishida milliy iqtisodiyot vaziri Alibek Quantirov Qozog‘istonda hashamat solig‘ini joriy etish masalasiga to‘xtaldi.

Vazirning so‘zlariga ko‘ra, 2023 yilning birinchi choragida tegishli davlat idoralari hashamat solig‘i bo‘yicha qoidalarni o‘z ichiga olgan yangi Soliq kodeksini yaratish ustida faol ishlashni rejalashtirmoqda.

«Keyingi yil biz yangi Soliq kodeksi ustida faol ishlamoqchimiz. Kuzga qadar parlamentga taqdim etamiz. Hozircha, biz oldindan taxmin qilmoqdamizki, hashamat solig‘i joriy etiladi. 2024 yildan boshlab butunlay yangi Soliq kodeksi kuchga kiradi», dedi Alibek Quantirov.

Vazir hashamat solig‘i qanday bo‘ladi, uni kimlar to‘laydi degan savolga ham javob berdi.

«Biz turli xil variantlarni ko‘rib chiqmoqdamiz. Birinchi variant ko‘chmas mulk obyektlari soni bo‘yicha. Ya’ni ma’lum miqdordan oshib ketganligi uchun. Agar bir jismoniy shaxsning ko‘chmas mulk obyektlari ko‘p bo‘lsa, u holda ko‘chmas mulk obyektlariga qo‘shimcha soliq solish mumkin bo‘ladi. Yoki bu ularning narxiga bog‘liq bo‘ladi. Albatta, bu, asosan, ushbu soliqni to‘lashga qodir bo‘lgan badavlat odamlarga ta’sir qiladi. Shunga ko‘ra, bu ularga zarar keltirmaydi. Hashamat solig‘i, qoida tariqasida, qimmatbaho mashinalar, boshqa hashamatli narsalar, ehtimol antikvar buyumlar va boshqalarga nisbatan qo‘llanishi mumkin», deb tushuntirdi vazir.

Avvalroq, Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayev soliq islohoti doirasida o‘rta sinfga ta’sir qilmaydigan hashamat solig‘ini joriy etish imkoniyatlarini ko‘rib chiqish zarurligini aytgan edi.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Qozog‘iston 2024 yildan hashamat solig‘ini joriy qiladi