
“Xalqimiz o‘z tarixiy zaminida yashash va o‘z huquqlarini himoya qilish yo‘lida asrlar davomida katta fidoyilik ko‘rsatdi. Shunga qaramasdan, xalqimiz turli davrlarda o‘z ona yurtlaridan ayro yashagan”.
Bu gaplarni Ozarbayjon prezidenti Ilhom Aliyev bir guruh G‘arbiy Ozarbayjon (Eron) ziyolilari bilan uchrashuvda aytdi, deya xabar berdi “Azertac” sayti.
Ilhom Aliyev Ozarbayjon tarixida ham shonli, ham qorong‘u sahifalar bo‘lganini ta’kidladi:
– XX asr xalqimiz uchun juda katta fojealarni olib keldi. 1918 yilda yangi tashkil etilgan Ozarbayjon Xalq Respublikasining dastlabki qarorlaridan biri tarixiy shahrimiz – Irevanni (hozirgi Yerevan) Armanistonga berdi. Bu kechirilmas qadam, xiyonat va jinoyat edi. Buni barchamiz yaxshi bilamiz, buni xalqimiz ham bilishi kerak. Biz hech qachon tariximizni buzmasligimiz kerak, – dedi Ilhom Aliyev.
Shuningdek, Aliyev, yuz yil avval tashkil etilgan va ruslar tomonidan (xuddi Qo‘qon muxtoriyati kabi) bosqinchilik harakati bilan vayron qilingan mustaqil Ozarbayjon davlatining ayanchli taqdiri borasida ham alohida to‘xtalib o‘tdi.
“Ozarbayjon Demokratik Respublikasining tashkil etilishi, uning qisqa muddatli faoliyati haqida bir necha bor fikr bildirganman. Ozarbayjon Demokratik Respublikasi asoschilarining faoliyatini yuqori baholadim. U bor-yo‘g‘i ikki yil yashagan bo‘lsa-da, haqiqatan ham musulmon olamida jahon miqyosida birinchi respublika edi. Biroq tariximizning qora sahifalarini unutmasligimiz, yashirmasligimiz kerak. Birinchidan, tarixiy haqiqatni buzib ko‘rsatmaslik kerak. Ikkinchidan, bu fojeali voqea barchamiz uchun saboq bo‘lishi kerak”, dedi u.
Ilhom Aliyev hozirgi kunda Eron davlati hududida qolgan va qariyb o‘ttiz million ozarbayjon yashaydigan G‘arbiy Ozarbayjon ham tarixan o‘zlariga tegishli zamin ekanini va buni ko‘plab tarixiy hujjatlar, tarixiy xaritalar tasdiqlashini ta’kidladi.
“Afsuski, armanlar Qorabog‘da qilgani kabi G‘arbiy Ozarbayjonda ham barcha tarixiy va diniy yodgorliklarimizni tekislab, vayron qildi. Ular ozarbayjonlarning tarixiy merosini yo‘q qilmoqchi bo‘ldi, ammo bunga erisha olmadi, chunki tarix bor, hujjatlar bor, xaritalar bor. XX asr boshlaridagi xarita G‘arbiy Ozarbayjonning tarixiy Ozarbayjon viloyati ekani, bu hududdagi shahar va qishloqlarning nomlari esa ozarbayjoncha bo‘lganidan yana bir bor guvohlik beradi. Biz yaxshi bilamizki, ozarbayjon xalqi tarixlar davomida hozirgi Armaniston hududida yashab kelgan”.
Aliyev keyingi asosiy vazifa ana shu ma’lumotlarni jahon jamoatchiligiga yetkazish ekani bildirdi. Bu borada ishlar allaqachon boshlangani, G‘arbiy Ozarbayjonning ziyolilari ham bu yo‘nalishda yanada maqsadli ish olib borishiga ishonishini ma’lum qildi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar