00:49 / 07.01.2023
1 742

Millatchilar yangi yilda tug‘ilgan ilk chaqaloq rus bo‘lmaganidan vasvasaga tushdi

Millatchilar yangi yilda tug‘ilgan ilk chaqaloq rus bo‘lmaganidan vasvasaga tushdi
Rossiyaning “madaniy poytaxti” deb nom olgan Sankt-Peterburgda yangi yilning ilk chaqalog‘i tuva millatiga mansub bola bo‘ldi. Bu xabar internetda tarqalganidan so‘ng millatchilar “genofondni asrash va slavyanlarning kamayib ketayotgani”dan vasvasaga tushib, ijtimoiy tarmoq irqchilik va millatchilik ruhidagi izohlarga to‘lib ketdi.

Shuni ham aytib o‘tish kerakki, Tuva chet el emas, Rossiya Federatsiyasining bir subyekti, tuvaliklar ham xuddi ruslardek Rossiya fuqarosi hisoblanishadi.

“Piter segodnya” nashrida berilgan xabarga berilgan izohlarda rossiyaliklar chaqaloq va uning onasiga nisbatan haqorat va nafrat yog‘dirishga o‘tishdi. Ular tuvaliklarni har tomonlama haqorat qilib ularni «tarasha», «bug‘u boquvchilar» va «ko‘zlari qisiq» deb atashgan.

Mana rossiyaliklar, aniqroq aytadigan bo‘lsak, davlatni tashkil etuvchi millat vakillari yozgan ayrim sharhlar:

«Jin ursin. Shaharning birinchi tug‘ilgan bolasi tuvalik. Dahshat».

«Tuvaga yaqinroq boshqa tug‘ruqxona yo‘q ekanmi?!».

«Bunaqada butun Osiyo Sankt-Peterburgga ko‘chib keladi».

«Genofond birinchi o‘rinda turadi. Sovet Ittifoqi bu kichik xalqlarni yuvinishga qancha vaqt o‘rgatgan. Endi bular slavyanlarning haqiqiy o‘rnini olib qo‘yyapti».

«Davlatga uyat! Ko‘k ko‘zli bolalarning tug‘ilishi to‘xtab qoldi».

“Salom, bo‘lajak taksi haydovchisi”.

“Achinarlisi, shahrimizdagi bolalar maydonchalarida ko‘zlari qisiq bolalargina qolgan”.

«Men shunchaki “churka”larni yoqtirmayman».

«Suratda rus baqaloq bolani ko‘rishni xohlayman, mana bularni emas!».

Eslatib o‘tamiz, Rossiya Ukrainaga qarshi urushga asosan o‘zining kichik xalqlari vakillarini yubormoqda. Urushda o‘layotgan kichik xalqlarning soni rus millatiga mansub halok bo‘lganlardan ancha ko‘p. 2022 yil sentyabr holatiga ko‘ra, halok bo‘lgan rossiyaliklarning 40% dan sal kamrog‘i slavyan bo‘lmagan etnik guruhlar vakillari bo‘lgan.

Rossiyalik jurnalist Aleksandr Nevzorov shunday yozadi: “Putinizm kuchayib bormoqda. Bu SSSRda «yetti qulf» ostida bo‘lgan va qattiq ta’qibga uchragan o‘sha rus millatchiligi uchun ajoyib issiqxonaga aylandi. 90-yillarda, ozodlik yillarida bunday so‘zlar umuman aqlga sig‘mas edi. Ehtimol, bunday o‘ylar eng shafqatsiz millatchilarning kallasida yashagan bo‘lishi mumkin, lekin uyalib, ularni yashirish odat edi. Putinizm xalqning eng qabih narsasiga tayanib, rus irqchiligiga mutlaq erkinlik berdi. O‘zingiz ko‘rib turganingizdek, «Piter segodnya» nashridagi izohlar irqchilik kuch, ovoz, eksklyuziv huquq va imkoniyatlarga ega ekanligi ma’lum bo‘ldi.

Men sizni hafsalangizni pir qilaman: irqchilikni orqaga surish diktator o‘limidan keyin ham ish bermaydi. Bu axlatni yo‘q qilish, uni «qafas»iga qaytarish uchun yigirma yillik mashaqqatli va aqlli mehnat kerak bo‘ladi, buning uchun zamonaviy Rossiyaning na kuchi va na imkoni bor.

P.S. Sizga shuni eslatib o‘tamanki, maqolaga yozilgan izohlar urushdan oldin Rossiyada eng madaniyatli va «yevropalashgan» hisoblangan shahar aholisi tomonidan yaratilgan
”.

O‘zbekistonlik jamoat arbobi, iqtisodchi Yuliy Yusupov ham bu voqeaga munosabatini bildirib shunday deydi: "Zamonaviy irqchilik nima degani?

Bu tuvalik ayol Sankt-Peterburgda tug‘ishga jur’at etgani uchun haqoratlar ostida qoldi. Axir «churka» ayolning Rossiyaning «madaniy poytaxti»da bola tug‘ishiga balo bormi?!

Aksariyat aholisi irqchilar, stalinchilar va putinparastlar bo‘lgan mamlakat kimni “denatsifikatsiya” qilmoqchi? Bandera yoqmayapti, deysizmi?
”.

Manba: Azon.uz

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo