
Bugun multimedia juda rivojlangan va barcha kamerasi bor qurilmalar ko‘tarib yurgan zamonda bitta muvaffaqiyatli videolavha tufayli inson mashhur bo‘lib ketishi ham mumkin.
Geroin iste’mol qilishga o‘rganib qolgan britaniyalik daydi yigit Jeyms Bouen bilan shunday bo‘lgan. Yelkasiga mushugini o‘tqazib olib ko‘chada qo‘shiq aytib yurgan daydi yigit tasvirlangan video ijtimoiy tarmoqlarda tarqalgach u mashhur bo‘lib ketadi.
Yegulik uchun pul topish maqsadida Tottenhem shahri ko‘chalarida qo‘shiq aytib yurgan Jeymsga odamlar e’tibor bermasdi. Kunlardan bir kun uning oldida mushuk paydo bo‘ladi.

Foto: fanpage.gr
Yelkasiga mushuk o‘tqazib olgan holda qo‘shiq kuylayotgan yigit o‘tkinchilarning e’tiborini tortadi. Shundan so‘ng odamlar to‘xtab Jeymsning qo‘shiqlarini eshita boshlashadi.
Bu orada tomoshabinlar uni mushugi bilan qo‘shiq aytib turgan holida videoga olib, tasvirlarni turli ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi. Video millionlab insonlar tomonidan tomosha qilinadi.
Shu tariqa daydilik bilan kun kechirib yurgan nashavand yigit oddiy bir mushuk sababli giyohvand moddalar iste’mol qilishni to‘xtatadi va sog‘lom hayotga qaytadi. Shuningdek, mushukning ortidan mashhur bo‘lib ketadi. Keyinchalik u mushugi haqida kitoblar yozib, millionlab funt sterling mablag‘ ishlab oladi.
Jeyms Bouen haqida
Jeyms Bouen 1979 yilda Angliyaning Sarri grafligida tug‘iladi va ko‘p o‘tmay uning ota-onasi ajrashib ketishadi. Onasi boshqa odamga turmushga chiqadi va Jeymsni o‘zi bilan Avstraliyaga olib ketadi.
1997 yilda Jeyms 18 yoshda ekanida Britaniyaga qaytadi va o‘gay opasinikida yashay boshlaydi. Ammo u yerdan tezda quviladi va ko‘chalarda yashab yuruvchi boshpanasiz daydiga aylanadi.
Jeyms ko‘chada yashar ekan, geroin iste’mol qilishga o‘rganib, nashavandga aylanadi. O‘sha paytda Jeyms ko‘chalarda gitara bilan qo‘shiq kuylar va shu tariqa yegulik uchun ozroq pul ishlardi. Ammo u ishlagan pul geroinga va oziq-ovqatga yetmasdi.
Jeyms Avstraliyadan qaytib kelgach 10 yil davomida shu tarzda darbadar yashaydi, turli shaharlar bo‘ylab ko‘chib yuradi. 2007 yilda u Tottenhem shahri ko‘chalarida yashab yurganida boshpanasizlarga ko‘mak beruvchi tashkilot xodimlari e’tiboriga tushadi.
Ular Jeymsning geroindan xalos bo‘lishiga yordam berishga qaror qilishadi. Uni shahar ma’muriyati moliyalashtiradigan uylardan biriga joylashtirishadi.

Foto: dno24.com
Jeyms geroin iste’mol qilmasligi uchun unga tarkibida metadon bo‘lgan tabletka ichishga ruxsat berishadi. Bu uchun unga maxsus kartochka berishadi. Jeyms shu kartochka orqali tabletkani belgilangan vaqtda maxsus dorixonadan olishi mumkin edi. Dasturda metadon iste’moli vaqt o‘tishi bilan kamaytirib borilishi va shu yo‘l bilan giyohvand moddalar ta’siridan qutulish ko‘zda tutilgandi.
Jeymsning hayotini o‘zgartirgan mushuk
Garchi Jeyms endi sovuq va yomg‘irli havoda ko‘chada tunab qolishdan qutulib vaqtincha bo‘lsa ham o‘z boshpanasiga ega bo‘lgan bo‘lsa-da oziq-ovqat uchun pul topish muammo edi.
U Tottenhemning odamlar gavjum joylarida gitara chalib qo‘shiq aytar ekan, tushadigan pul uning tuzukroq ovqatlanishi uchun yetmasdi. Ana shunday sharoitda, ayrim kunlarda ozib ketgan Jeyms kunni och o‘tkazishga ham majbur bo‘lar edi.
Kunlardan bir kun u ertalab xonasida qandaydir ovozlarni eshitadi. Uyga o‘g‘ri tushdi deb o‘ylab chiroqni yoqqanida yoqimtoy mushukka ko‘zi tushadi. U mushukni Bob deb atay boshlaydi.
Jeyms mushukka o‘zi uchun olib kelgan sutni beradi va so‘ng uydan chiqarib yubormoqchi bo‘ladi. Ammo mushuk ketmaydi. Shunda Jeyms mushukning old oyoqlaridan biri yaralanganini ko‘rib qoladi va uni veterinarga olib borib davolaydi.

Foto: pikabu.ru
O‘sha vaziyatda o‘zi uchun zo‘rg‘a yegulik topayotgan Jeyms mushukni ham boqa olmasdi. U barcha qo‘shnilardan so‘rab chiqadi, ammo mushukning egasi topilmaydi.
Ertasi kuni Jeyms mushukni tashqariga qo‘yib yuboradi va qo‘shiq aytadigan joyiga jo‘naydi. Mushuk uning ortidan ergashadi. Jeyms avtobusga chiqqanida mushuk ham uning ortidan chiqadi borib tizzasiga o‘tirib oladi. Shundan so‘ng u mushukni o‘zi bilan olib ketadi.
Jeyms mushukni yelkasiga opichlab olib qo‘shiq aytar ekan, tomoshabinlar har kungidan ko‘proq to‘planayotganini va shunga yarasha pul ham ko‘p tushayotganini ko‘radi.
Jeyms qo‘shiqni tugatgandan so‘ng bir qancha tomoshabinlar u bilan suratga tushishadi. Uni mushuk bilan qo‘shiq aytayotgan holatini videoga olib ijtimoiy tarmoqlarga joylashadi. O‘sha videolar millionlab odamlar tomonidan tomosha qilinadi.

Foto: theclinic.cl
Tez orada mushukning ham o‘z muxlislari paydo bo‘ladi. Ulardan biri Bobga chiroyli sharf sovg‘a qiladi. Havo sovuq bo‘lgan paytlarda Jeyms mushukka ana shu sharfni o‘rab qo‘yardi.
Kutilmagan muvaffaqiyat Jeymsni xursand qiladi. U giyohvand moddalar ta’siridan batamom qutulish uchun metadon qabul qilishni ham to‘xtatadi. Shundan so‘ng u bir necha kun tanasidagi og‘riqqa chiday olmay uyda yotadi.
Jeyms giyohvand moddalardan qutulish uchun o‘zi bilan o‘zi kurashar ekan, mushuk och qolsa ham uning yonidan ketmaydi. Mushukning bu sadoqati Jeymsga kuch beradi va u tanasidagi og‘riqlarni yengib chiqadi.
Keyinchalik Jeyms mushugi haqida shunday degandi: «Barchasiga shu mitti jonzot – mushuk sababchi. U kelib mendan yordam so‘radi. Giyohvand moddalar iste’moli tufayli tanam o‘z-o‘zini yemirish holiga tushganda men unga yordam berish uchun ham hammasini yengib o‘tdim. Har kuni tongda sog‘-salomat uyg‘onishimning sababchisi shu mushuk bo‘ladi. U menga to‘g‘ri yo‘l ko‘rsatdi, men qolgan umrimda u bilan birga bo‘laman».
Ijtimoiy tarmoqlarda mashhur bo‘lgach Jeymsning mushugini ko‘rish uchun u qo‘shiq aytadigan joyga ko‘pchilik kela boshlaydi. Tushum ham yaxshi bo‘ladi va yigitning moddiy ta’minoti biroz o‘nglanadi. Ammo bu vaqtinchalik holat edi.

Foto: dno24.com
Kunlardan bir kun u qo‘shiq aytayotgan paytda janjal bo‘ladi va Jeyms politsiyaga tushib qoladi. Unga ko‘chalarda qo‘shiq aytishni cheklab qo‘yishadi. Chorasiz qolgan Jeyms The Big Issue ko‘cha gazetasini sota boshlaydi.
Bu paytga kelib Jeyms va uning mushugi ijtimoiy tarmoqlarda ancha tanilib qolgandi. Jeyms mushugi bilan ko‘chada gazeta sotib yurar ekan, odamlar u bilan selfi qilishni xohlashar, yigit bundan foydalanib faqat gazeta sotib olganlarga suratga tushishga ruxsat berardi. Ko‘p o‘tmay gazeta sotuvchi raqobatchilarining ig‘vosi bilan u bu ishdan ham ayriladi.
Shundan so‘ng Jeyms bir necha kun yig‘ilib qolgan pullarini ishlatadi. Pullar tugagach mushuk bilan ikkalasi yana och qolishadi. U o‘ziga belgilangan cheklovni buzib yana ko‘chada qo‘shiq aytishga chiqadi.
Ko‘p o‘tmay cheklov bekor qilinadi va Jeyms mushugi bilan qo‘shiq aytishda davom etadi.
Jeyms Bouen yozuvchi
2010 yilga kelib Jeyms ancha mashhur bo‘lib ulgurgan, mahalliy telekanallarda u haqda bir nechta lavhalar efirga berilgan bo‘lsa-da yigit hamon ko‘chada darbadar holda qo‘shiq aytib yurardi.
O‘sha paytda mahalliy Islington Tribune gazetasida ko‘cha qo‘shiqchisi va uning mushugi haqida maqola e’lon qilinadi.
Maqolani adabiy agentlik bilan shug‘ullanuvchi Meri Penkos ismli ayol o‘qib qoladi va Jeymsni qidirib topadi.
Meri Jeymsga boshidan o‘tganlarni yozib kitob holida chop etish taklifini beradi. U Jeymsni bu ish barchaga foyda keltirishiga ishontiradi.
Merining taklifidan so‘ng Jeyms adiblardan biri bilan hamkorlikda boshidan o‘tkazgan voqealarni yoza boshlaydi. Jeyms o‘z asariga «Bob laqabli daydi mushuk» deb nom beradi.

Foto: alamy.com
Kitob chop etilgach u Jeymsga ancha mablag‘ va ulkan mashhurlik olib keladi. Kitob birgina Britaniyaning o‘zida million nusxada sotiladi.
Qisqa vaqtda dunyoning 30 tiliga tarjima qilinib chop etilgan kitob The Sunday Times gazetasining bestseller asarlar reytingida qariyb bir yarim yil (76 hafta) mobaynida eng qiziqarli kitob sifatida birinchi o‘rinni egallab turadi.
2013 yilda Jeymsning kitobi AQSHda ham chop etiladi va New York Times gazetasining bestseller asarlar ro‘yxatida dunyoning eng qiziqarli kitoblari orasida yettinchi o‘rinni egallaydi.

Foto: grandoman.com
Jeymsning kitobi juda katta muvaffaqiyat bilan sotilgach noshirlar unga kitobning davomini va bolalar uchun mo‘ljallangan variantlarini yozishni taklif etishadi.
Shundan so‘ng Jeyms mushugi haqida yana o‘nga yaqin kitob yozadi:
- «Dunyo Bob nomli mushuk nigohida»
- «Bob g‘ayrioddiy mushuk» (Bolalar uchun)
- «Bob nomli mushuk: sevgi bilan» (Bolalar uchun)
- «Bob qayerda?»
- «Mening ismim Bob»
- «Bob ismli mushukdan sovg‘a»
- «Bob yordamga shoshiladi»
- «Bobning mitti kitobi»

Jeymsning kitoblari bir nechta sovrinlarni qo‘lga kiritgan. Jumladan, 2012 yilda «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi Britaniya milliy kitob sovrinini qo‘lga kiritadi.
2014 yilda Dunyo kitob kunida «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi o‘smirlarni ilhomlantiruvchi eng yaxshi asarlardan biri sifatida tan olinadi.
«Bob laqabli ko‘cha mushugi» filmi
Jeymsning «Bob ismli daydi mushuk meni qanday asrab qolgandi?» kitobi mashhur bo‘lgach 2015 yilda AQSHlik taniqli kinorejissyor Rojer Spottisvud shu asar asosida film suratga olishini e’lon qiladi.
Ushbu rejissyor 1992 yilda suratga olingan «To‘xta, bo‘lmasa onam otadi» (Bosh rolda Silvester Stallone suratga tushgan), «Xirosima» (Xirosimaga AQSH atom bombasi tashlashi haqida) filmlari bilan mashhur.
Suratga olish ishlari 2015 yil 25 oktabrdan 6 noyabrgacha Londondagi «Tuiknem» kinostudiyasida va shaharning Kovent-Garden tumanida bo‘lib o‘tadi. Asar nomi ancha uzun bo‘lgani uchun filmga «Bob laqabli daydi mushuk» deb nom beriladi.

Foto: alamy.com
Filmning budjeti 8 million dollar etib belgilanadi. Unda bosh rolni britaniyalik taniqli kinoaktyor Lyuk Tredevey, Bobni esa Jeymsning mushugi haqiqiy Bob ijro etgan.
Filmning jahon taqdimoti 2016 yil 3 noyabr kuni Londondagi kinoteatrda bo‘lib o‘tadi. O‘sha kuni film dunyo kinoprokatiga chiqariladi. Taqdimotga shahzoda Uilyamning rafiqasi Ketrin Middlton tashrif buyuradi.
Garchi film aksariyat kinotanqidchilar tomonidan ijobiy baholangan bo‘lsa-da turli reytinglarda uncha yuqori ball ololmaydi. Shu sababli prodyuserlar sarflagan pullarini zo‘rg‘a yig‘ib olishadi.
2017 yilda film Britaniya milliy kinomukofoti tanlovida «Eng yaxshi film» deb topiladi.
Mazkur filmda Jeyms Bouenning o‘zi ham bir marta ko‘rinish bergan. U sotib olgan kitobiga film qahramonidan dastxat qo‘ydiradi va unga ajoyib asar uchun minnatdorchilik bildiradi.

Foto: pikabu.ru
Bob va Jeymsning keyingi taqdiri
2020 yilda Bob va Jeymsning hayoti haqida yana bir film suratga olinadi. Film suratga olinib bo‘lganidan so‘ng Jeyms ommaga o‘zi bilan 2007 yildan 2020 yilgacha qariyb 14 yil birga yashagan mushugi vafot etgani haqida xabar beradi.
Shu tariqa geroin iste’mol qilishga o‘rganib qolgan daydi yigitning to‘g‘ri hayotga qaytishiga sababchi bo‘lgan mushuk vafot etadi.
Bugun Jeyms Bouen Britaniyadagi mashhur insonlardan biri. Uning hisob raqamlarida millionlab funt sterling bor.
Yigitning tarjimai holini o‘qimagan yoki u haqdagi filmlarni tomosha qilmagan odamlar uning bir paytlar boshpanasiz daydi va nashavand bo‘lganiga ishonmaydi.
G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.
Manba: Kun.uz

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar