The Wall Street Journal nashrining yozishicha, Shimoliy Afrika davlatlari Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishi uchun Yevropa Ittifoqi tomonidan sanksiyalar kiritilgach, Rossiyadan dizel yonilg‘isi va boshqa neft mahsulotlari importini keskin oshirgan. Rossiya Yevropa bozoridan uzilganligi sababli, Marokash, Tunis, Misr, Liviya va Jazoir Rossiyaning qayta ishlangan mahsulotlarining «jiddiy xaridoriga aylandi», deb yozadi gazeta 25 fevral, shanba kuni.
Xususan, Marokash rasmiylari 2021 yilda qariyb 600 ming barrel dizel yonilg‘isi sotib olgan bo‘lsa, 2023 yilning o‘zida bu ko‘rsatkich 2 million barrelni tashkil qilgan. Tunis 2021 yilda Rossiya neft mahsulotlarini deyarli sotib olmadi, ammo so‘nggi oylarda Rossiyadan plastmassa va kimyoviy moddalar ishlab chiqarish uchun ishlatiladigan benzin, nafta, dizel yonilg‘isi va gazoyl importining keskin o‘sishi kuzatildi.
Yanvar oyida bu mamlakat Rossiyadan 2,8 barrel neft mahsulotlarini sotib olgan bo‘lsa, fevralda bu ko‘rsatkich 3,1 million barrelgacha oshishi kutilmoqda, deb yozadi gazeta. Gazetaga intervyu bergan tahlilchilarga ko‘ra, gap Mag‘rib ehtiyojlari uchun juda katta hajmdagi import qilinadigan neft mahsulotlari haqida ketmoqda.
Shu bilan birga, Shimoliy Afrika mamlakatlari, ushbu ma’lumotlarga ko‘ra, neftni qayta ishlash hajmini kengaytirmasdan, Yevropaga neft mahsulotlari eksportini oshirdi. Yevropa Ittifoqida bu fakt Rossiyaga qarshi sanksiyalarni aylanib o‘tish bilan bog‘liq xavotirlarni uyg‘otadi, deb yozadi The Wall Street Journal.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)