![Kreml Zelenskiy va Si Szinpin o‘rtasidagi suhbatga munosabat bildirdi](/uploads/posts/2023-04/756485093679232.jpg)
Foto: “RIA Novosti”
Xitoy rahbari Si Szinpin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy o‘rtasidagi telefon suhbati bu davlatlarning suveren ishi, biroq Moskva Ukrainadagi urushga barham berishi mumkin bo‘lgan barcha tashabbuslarni olqishlaydi. Bu haqda Rossiya prezidenti matbuot kotibi Dmitriy Peskov jurnalistlarga ma’lum qildi, deb xabar bermoqda “RBK”.
“Biz Ukrainadagi mojaroga barham berishi mumkin bo‘lgan va Rossiyani uning barcha maqsadlariga erishishga yaqinlashtiradigan hamma narsani olqishlashga tayyormiz”, — dedi Peskov jurnalistlarga.
Xitoy rahbari Moskvaga tashrifi chog‘ida Vladimir Putin bilan Ukrainaning 1991 yilgi chegaralariga qaytishini muhokama qilganmidi, degan savolga Peskov: “Bu haqda gap bo‘lmagan”, deb javob berdi.
Zelenskiy Si Szinpin bilan suhbatdan so‘ng “hududiy murosaga erishilmasa, tinchlik bo‘lmasligini”, Ukraina 1991 yilgi chegaralari doirasida butun hududi ustidan nazoratni qaytarishi kerakligini aytgan.
Si Szinpin va Vladimir Zelenskiy urush boshidan buyon ilk bor suhbatlashdi
Ukraina va Xitoy rahbarlari 26 aprel kuni telefon orqali suhbatlashdi, bu ikki yetakchi o‘rtasida Rossiyaning Ukrainaga bostirib kirishidan keyin birinchi muloqot bo‘ldi.
Zelenskiy Xitoy yetakchisi bilan suhbat “uzoq va mazmunli bo‘lganini” aytdi. Ukraina prezidenti mazkur muloqot ikki tomonlama munosabatlar rivojiga kuchli turtki berishini qayd etdi.
Xitoy davlat axborot vositalarining xabar berishicha, ikki yetakchi “Ukraina inqirozi” va xalqlarining ikki tomonlama munosabatlarini muhokama qilgan. Xitoy Rossiya bilan ziddiyatni hal qilish uchun Ukrainaga maxsus vakilini yuboradi.
Rossiya Tashqi ishlar vazirligi ushbu suhbatga munosabat bildirar ekan, Pekinning muzokaralarga ko‘maklashish istagini qayd etdi, ammo Ukraina har doim tinchlik rejalarini barbod qilib kelayotganini ta’kidladi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring ![arenda kvartira tashkent](/uploads/d5fb3f5cdf_bisyor_banner_1000x100.webp)
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar