22:00 / 27.04.2023
441

Rossiyalik bloger Yelena Blinovskaya chegarada qo‘lga olindi

Rossiyalik bloger Yelena Blinovskaya chegarada qo‘lga olindi
Foto: Russian Look / Alamy / Vida Press
27 aprel kuni rossiyalik bloger Yelena Blinovskaya Smolensk oblastidan Belarusga o‘tmoqchi bo‘lganida huquq-tartibot organlari tomonidan qo‘lga olindi. Rossiya tergov qo‘mitasi bergan ma’lumotlarga ko‘ra, bloger katta miqdordagi pul yuvish va soliq to‘lashdan bo‘yin tovlashda gumonlanmoqda. Ma’lum qilinishicha, u budjetga 918 mln rubl soliqni to‘lamagan.
 
«Tergov ma’lumotlariga ko‘ra, gumonlanuvchi o‘z biznesidan topgan daromadini kam qilib ko‘rsatgan. Blinovskaya 2019-2021 yillarda 918 mln rubldan ortiq soliqni to‘lamagan. O‘z hisobidagi pullarni moliyaviy operatsiyalar orqali legallashtirgan», deyiladi tergov qo‘mitasi xabarida.
 
Blogerning uyi va ofisida tintuv o‘tkazilgan. Qo‘lga olingan paytda Blinovskayada boshqa davlatga uchib ketish uchun samolyot chiptalari ham bo‘lgan.
 
Ma’lumot uchun, 28 aprel kuni bloger Toshkent shahrida o‘zining navbatdagi biznes-marafonini o‘tkazishni rejalashtirgandi va chiptalar sotuvi yo‘lga qo‘yilgandi. Chiptalar narxi 1 mln so‘mdan 8 mln 600 ming so‘mgacha sotilayotgandi. Kun.uz muxbiri ushbu holatdan so‘ng vaziyatni aniqlashtirish uchun marafon tashkilotchilari bilan bog‘landi.
 
«Marafon noma’lum muddatga qoldirildi va chiptalar sotuvi to‘xtatildi. Barcha sotilgan chiptalarning pullari egalariga qaytariladi. Pullarni qaytarish yaqin vaqtlar ichida boshlanadi», deya izoh berdi tashkilotchilardan biri.
 
Yelena Blinovskaya Rossiyada bloger, teleboshlovchi va psixologiya hamda shaxsiy rivojlanish bo‘yicha kurslar tashkilotchisi sifatida tanilgan. Uning Instagram'dagi sahifasida 5,3 milliondan ortiq kuzatuvchisi bor. Forbes ma’lumotlariga ko‘ra, Blinovskayaning «istaklar marafoni» auditoriyasi 2020 yilda 100 ming kishini tashkil etgan va bu orqali bloger 330 mln rubl daromad qilgan.

arenda kvartira tashkent
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo