Foto: Bundeswehr
Yaqin haftalarda Fransiya Ukraina Qurolli kuchlarining bir nechta batalonlarini o‘nlab zirhli texnika va yengil tanklar, jumladan, AMX-10RC bilan jihozlaydi. Shuningdek, Parij Ukraina aholisini Rossiya zarbalaridan himoya qilish uchun Kiyevga havo mudofaasini kuchaytirishda yordam beradi. Bu haqda ikki davlat prezidentlari Volodimir Zelenskiy va Emmanuel Makronning 14 may kuni Parijdagi uchrashuvida qabul qilingan qo‘shma Ukraina-Fransiya deklaratsiyasida aytiladi.
"Urush boshidan beri Fransiyaning Ukrainaga o‘zini himoya qilish uchun ko‘rsatib kelayotgan harbiy yordami davom etadi. Ukrainaning mudofaa qobiliyatini mustahkamlash bo‘yicha eng dolzarb va shoshilinch ehtiyojlarini inobatga olgan holda yangi harbiy yordam paketlari tayyorlanmoqda”, - deyiladi hujjatda. Fransiya tomoni nafaqat o‘z hissasini qo‘shishini, balki Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish va Ukraina harbiylarini tayyorlash bo‘yicha Yevropa Ittifoqi va NATO faoliyatida ishtirok etishini ta’kidladi.
Qo‘shma bayonotda aytilishicha, Fransiya harbiylardan tashqari Ukrainaga moliyaviy va humanitar ham yordam ko‘rsatadi. Xususan, Parij Kiyevga “Ukrainaning urush jinoyatlarini tergov qilish qobiliyatini kuchaytirish uchun” ikkita mobil DNK laboratoriyasini berdi. Deklaratsiyada tomonlarning harbiy jinoyatchilarni javobgarlikka tortish borasidagi “qat’iy majburiyatlari” ta’kidlangan. Shu maqsadda xalqaro mexanizmlarni ishlab chiqish davom ettiriladi.
Fransiya Ukraina prezidenti Volodimir Zelenskiy tomonidan ilgari surilgan “tinchlik formulasi”ni qo‘llab-quvvatlashini bildirdi. Parij “Ukraina tinchlik formulasi qoidalari va boshqa mumkin bo‘lgan yaxshi takliflar asosida yaqin oylarda chaqiriladigan Global tinchlik sammitida imkon qadar keng xalqaro ishtirokni ta’minlash uchun Ukraina bilan hamkorlik qilishga tayyor”, deyiladi deklaratsiyada.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar