21:37 / 18.05.2023
1 863

Putin maqtagan raketani ishlab chiqqan olimlar hibsga olindi

Putin maqtagan raketani ishlab chiqqan olimlar hibsga olindi
Ukrainada urush boshlanganidan keyin Rossiyani qamrab olgan davlatga xiyonat to‘lqini mahalliy mudofaa sanoatining eng yirik ilmiy markazigacha yetib bordi.
 
Novosibirsk nazariy va amaliy mexanika institutining gipertovushli samolyotlarni yaratishda ishtirok etgan uch olimi xavfsizlik kuchlari tomonidan bu yilgi eng yuqori – umrbod qamoq jazosi bo‘lgan modda bo‘yicha hibsga olindi.
 
16 may, seshanba kuni institut xodimlari ochiq xat e’lon qilishdi, unda institutda yuqori tezlikdagi aerogazodinamika laboratoriyasiga asos solgan texnika fanlari doktori va bosh ilmiy xodim Valeriy Zveginsev xiyonatda gumon qilinib, hibsga olingani haqida e’lon qilingan.
 
7 apreldan beri Zveginsev uy qamog‘ida saqlanmoqda. Uning bevosita rahbari, institut direktori Aleksandr Shiplyuk o‘tgan yilning avgust oyida, bosh tadqiqotchi Anatoliy Maslov hibsga olinganidan bir necha kun o‘tib, Lefortovo tergov izolatoriga joylashtirilgan edi. Ikkalasiga ham xuddi shu modda – Rossiya Federatsiyasi Jinoyat kodeksining 275-moddasi «Xiyonat» bo‘yicha ayblov qo‘yilgan. Academ.info  xabariga ko‘ra, Maslov gipertovushli texnologiyalar bilan bog‘liq ma’lumotlarni Xitoyga berganlikda gumon qilingan.
 
Shiplyuk va Maslov 10 yildan ortiq gipertovushli raketalar ustida ishlamoqda. Ular bunday qurollarning eksperimental dizaynini 2012 yilda Fransiyadagi ilmiy seminarda taqdim etishgan, deb ta’kidlaydi Reyter agentligi. To‘rt yil o‘tgach, ikki olim birgalikda mualliflik qilgan gipertovush tezligida aerodinamik tadqiqotlar bo‘yicha ish paydo bo‘ldi.
 
Shiplyuk so‘nggi yillarda gipertovushli raketalarni himoya qilish bilan ham shug‘ullangan – uning internetda keltirilgan ishi shu mavzuga bag‘ishlangan, deb yozadi The Telegraph.
 
Umuman olganda, fizika-matematika sohasidagi kuchli salohiyati bilan tanilgan Rossiya Fanlar akademiyasining Sibir bo‘limida 16 kishi jinoiy javobgarlikka tortilgan, ular orasida Rossiya Fanlar akademiyasining sobiq rahbari, akademik Aleksandr Aseyev ham bor. Olimlardan biri, Novosibirsk davlat universitetining kvant optik texnologiyalari laboratoriyasi rahbari 54 yoshli Dmitriy Kolker FSB tomonidan hibsga olinganidan ko‘p o‘tmay, Moskva tergov izolatorida vafot etgan edi.
 
2018 yil 1 mart kuni Prezident Vladimir Putin Federal Majlisga murojaati chog‘ida Rossiyada gipertovushli qurollar yaratilishi haqida ma’lum qildi. Qo‘shma Shtatlar bo‘ylab uchirilgan uchirmalarni namoyish qiluvchi animatsion taqdimotda Putin deputatlar, senatorlar va amaldorlarga kemaga qarshi «Sirkon» raketasini va rejalashtiruvchi blokli «Avangard» qit’alararo ballistik raketasini ko‘rsatgan edi.
 
Bundan tashqari, Putin “Kinjal” gipertovushli raketa tizimini taqdim etar ekan, uni og‘zidan boli tomib maqtagan va nafaqat mavjud, balki kelajak havo hujumiga qarshi mudofaa tizimlarini ham «yengib o‘tish kafolatlangan» degan edi.
 
Biroq 4 may kuni Ukraina Qurolli Kuchlari qo‘mondonligi “Kinjal”ni 1970 yillarda ishlab chiqilgan va Kiyev Germaniya va Gollandiyadan olgan Amerikaning “Patriot” havo mudofaa tizimlari yordamida urib tushirganini e’lon qildi. Keyinroq raketa tutib olingani haqidagi ma’lumot Pentagon tomonidan rasman tasdiqlandi.
 
Prezident matbuot kotibi Dmitriy Peskov chorshanba kuni bo‘lib o‘tgan brifingda Kreml gipertovushli raketalar bilan ishlagan  olimlarning davlatga xiyonatda gumon qilinib hibsga olinishiga izoh bermadi.
 
«Rossiya maxsus xizmatlari ishlamoqda, ular o‘z vazifalarini bajarmoqda, bu juda og‘ir ayblov», dedi u va faqat sud shaxsni aybdor deb topishi mumkinligini qo‘shimcha qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Putin maqtagan raketani ishlab chiqqan olimlar hibsga olindi