22:05 / 30.05.2023
579

Moskvaga navbatdagi dronlar hujumi. Soʻnggi ma'lumotlar (foto, video)

Moskvaga navbatdagi dronlar hujumi. Soʻnggi ma'lumotlar (foto, video)

Atlasova koʻchasi 11-uyda dron urilishi oqibatlari. Foto: GETTY IMAGES
Hujum haqidagi xabarlar Kiev qatorasiga uch kun oʻqqa tutilishi fonida paydo boʻldi. Dronlar Moskvagacha avval ham etib kelishgandi - ular may oyida Kremlga hujum qilgandi.

Rossiya poytaxti Moskva shahridagi turar joy binolari 30 may tongida dronlar hujumiga uchradi. Dronlardan biri Profsoyuznaya koʻchasidagi uyga, ikkinchisi Novaya Moskvadagi Atlasova koʻchasidagi uyga urilgan. Dron Profsoyuznaya koʻchasidagi 98-uyning yuqori qavatiga urilgan, uy fasadi vayron boʻlgan va oynalari singan, uchta pod'ezd aholisi evakuatsiya qilingan. Atlasova koʻchasida uchuvchisiz uchar qurilma kelib tushishi oqibatida ham uy fasadi shikastlanib, yuqori qavatlarda derazalar sinib ketgan.

Favqulodda xizmatlar Leninskiy prospektidagi uylardan biriga ham etib kelgan, bu erga ham dron kelib tushgani taxmin qilingan. 112 manbasi xabar berishicha, Leninskiy prospektidagi uyga dron qulashi oqibatida jabrlanganlar bor, ularning soniga aniqlik kiritilmoqda. Moskva transport departamenti xabar qilishicha, Udaltsova koʻchasining Leninskiy prospektidan Mixail Pevtsov koʻchasigacha boʻlgan qismi yopib qoʻyilgan.

Moskva meri Sergey Sobyanin uchuvchisiz uchar qurilmalar hujumi oqibatida shaharda bir necha binoda shikastlanishlar qayd etilganini xabar qilib, «hech kim jiddiy jarohatlanmagani»ni ma'lum qilgan. «Shaharning barcha favqulodda xizmatlari voqea joyida. Ular hodisa tafsilotlarini oʻrganmoqda, — deya yozgan Sobyanin. — Sizdan faqat rasmiy manbalarga tayanish va tasdiqlanmagan ma'lumotlarni tarqatmaslikni soʻrayman». Keyinroq Sobyanin qoʻshimcha xabar berib, ikki kishi tibbiy yordam soʻrab murojaat qilganini aytdi. Uning soʻzlariga koʻra, ularning ikkisini ham shifoxonaga yotqizishga hojat boʻlmagan va ularga voqea joyida zarur yordamlar koʻrsatilgan.

Moskva oblasti hududida bir qancha dronlar urib tushirilgan. «Dojd» xabariga koʻra, Odintsovo va Krasnogorsk rayonlarida, shuningdek Novorijskoe va Rublevskoe shosselari hududlarida portlash ovozlari eshitilgan. Moskva oblasti gubernatori Andrey Vorobevning xabar qilishicha, Moskvaga uchib borayotgan dronlarning bir nechtasi urib tushirilgan. «Bugun tongda Moskva oblastining ayrim rayonlari aholisi portlashlar ovozini eshitgan boʻlishi mumkin — bizning havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz ishlamoqda. Moskvaga uchayotgan bir qancha uchuvchisiz uchish qurilmalari urib tushirildi. Aholidan xotirjamlikni saqlashni soʻrayman», — deya yozgan Vorobev.

Profsoyuznaya koʻchasi 6-korpus 98-uyda dron hujumi oqibatlari

Baza ma'lumotlariga koʻra, hujumda 25 ga yaqin uchuvchisiz uchar qurilmalar ishtirok etgan — ularning katta qismi Moskva oblasti hududida havo hujumidan mudofaa tizimlari orqali urib tushirilgan, dronlarning bir qismi juda pastlab uchgani tufayli daraxtlar va simlarga oʻralashib qolgan. Uchta dron turar joy binolariga kelib urilgan, ammo ulardan bittasida portlovchi qurilma harakatga kelmagan. RBK manbasi xabar qilishicha, jam 10 ta dron urib tushirilgan. Nashr suhbatdoshlaridan birining aytishicha, dronlar Moskva oblastining Odintsovo, Istrinskiy va Krasnogorsk rayonlarida urib tushirilgan, yana bir manbaga koʻra — ikkita apparatni Novaya Moskva hududida erga qoʻndirishgan.

RF mudofaa vazirligi sakkiz dona samolyot tipidagi dron urib tushirilganini ma'lum qildi. «Ularning uchtasi radioelektron kurash vositalari yordamida toʻxtatildi, boshqaruvni yoʻqotdi va belgilangan nishondan chetga ogʻib ketdi. Yana beshta uchuvchisiz uchar apparatlar Moskva oblastida „Pantsir-S“ zenit-raketa komplekslari yordamida urib tushirildi», — deya vazirlik bayonotidan iqtibos keltirgan RIA Novosti. Harbiy idora xabarida hujumda jami qancha dron ishtirok etganiga aniqlik kiritilmagan.

Moskvada dronlar hujumidan keyin sun'iy yoʻldosh navigatsiyasi signallari soʻndirildi. Mash manbasi xabar berishicha, taksichilar va haydovchilar GPS ishidagi uzilishlardan shikoyat qilishgan. Huquq-tartibot organlariga aloqadar ushbu telegram-kanalning yozishicha, politsiya uchun «Tayfun» rejasi e'lon qilingan — bu chora favqulodda vaziyatlar oqibatlarini bartaraf etish uchun shaxsiy tarkibni yigʻishni nazarda tutadi.

Leninskiy prospekti 1-korpus 92-uy oldida dron parchalari

Moskva shahri va Moskva oblastiga hujum qilgan dronlar orasida yangi modeldagi uchuvchisiz uchar qurilmalar ham boʻlgan. «Gap «utka» aerodinamik sxemasidan foydalanadigan, benzinli ichki yonuv dvigateli bilan jihozlangan va KZ-6 shaklidagi zaryadlarni olib yuruvchi samolyot tipidagi dron haqida bormoqda», deydi «Transport texnologiyalarini rivojlantirish» markazi direktori Aleksey Rogozin. Mash manbasi yozishicha, bu ukrainlarning A-2 «Sinitsa» dronining takomillashtirilgan versiyasidir.

Ukraina hujumga aloqadorligini rad etgan. «Biz mamnuniyat bilan kuzatyapmiz va hujumlar soni oshishini prognoz qilyapmiz, ammo, albatta, bunga bizning bevosita aloqamiz yoʻq», — dedi Ukraina prezidenti ofisi maslahatchisi Mixaylo Podolyak. U shuningdek, Ukraina hukumatini Moskvadagi dronlar emas, Kievning oʻqqa tutilishi koʻpaygani koʻproq qiziqtirishini qoʻshimcha qilgan: «Bu biz uchun unchalik qiziq boʻlmagan voqea».

Davlat dumasining mudofaa boʻyicha qoʻmitasi rahbari Andrey Kartapolov bu hodisani «axborot aktsiyasi» va «tinch aholini qoʻrqitish akti» deb baholagan. Uning soʻzlariga koʻra, hozirda asosiysi tinch aholi orasida vahima paydo boʻlishiga yoʻl qoʻymaslik va sodir boʻlgan voqealarni tahlil qilish hisoblanadi. Shuningdek, Kartapolov Rossiya hududi ulkanligi Moskvaga hujum qilishga imkon berganini ta'kidlagan. «Dronlar havo hujumidan mudofaa vositalari joylashgan rayonlarni chetlab oʻtib uchishi mumkin boʻlgan lazeykalar doim topiladi».

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo