06:03 / 24.07.2023
842

Rossiya armiyasi ikki yo‘nalishda faollashdi (foto)

Rossiya armiyasi ikki yo‘nalishda faollashdi (foto)

Foto: Reuters

Ukrain qismlari Zaporijjya va Baxmut atrofida sekinlik bilan harakatlanishi fonida Rossiya frontning boshqa uchastkalarida javob tahdidlarini yaratmoqda. So‘nggi kunlarda ular Luhansk oblasti shimoli-g‘arbida, chegara va Kreminna o‘rtasida sezilarli darajada faollashdi. Ayrim harbiy telegram-kanallar Rossiya armiyasi shimoliy yo‘nalishda keng ko‘lamli hujum boshlagani yoki unga tayyorgarlik ko‘rayotgani haqida fikr bildirmoqda. Ular hozirgi sharoitda yirik hujum amaliyoti o‘tkazishga qodirmi va bundan qanday maqsadlar ko‘zlanadi?

Frontdagi vaziyat haqida qisqacha

Chorshanba kuni RF mudofaa vazirligi Xarkiv oblastida Molchanovo (ukraincha nomi Movchanove) temiryo‘l stansiyasi egallangani haqida xabar berdi.

Molchanovo Xarkiv oblastining Liman Perviy qishloqchasi chekkasida, Oskol daryosi sohilida, Ukrainaning Kupyansk va Rossiyaning Valuyki shahrini bog‘lovchi temiryo‘l liniyasida joylashgan.

Rossiyaliklar bir qancha yo‘nalishlarda – Kupyansk va Borovoyega, Karmazinovka va Nevskoyega, Torskoye, Serebryanskiy o‘rmoni va Bilohorivkaga hujum qilmoqda. Har tomonda shiddatli janglar kechmoqda, Rossiya qo‘shinlari Kupyanskdan shimolda va shimoli-sharqda, ya’ni Liman Perviy hududida kichik taktik yutuqlarga erishgan – taxminan 1,5-2 km masofaga ilgarilangan.

Ular Kupyanskdan janubi-sharqda ham, Stelmaxovka qishlog‘i yo‘nalishida oldinga harakat qilmoqda. Rossiya armiyasida boshqa yo‘nalishlarda siljish yo‘q.

Bu vaqtda ukrain qismlari Baxmutdan shimolda va janubda hujumlarni davom ettirmoqda. Chorshanba kuni Ukraina qurolli kuchlari bosh shtabi spikeri Andrey Kovalev rossiyaliklar shimoliy qanotda Orexovo-Vasilevka yaqinidagi pozitsiyalaridan surib chiqilganini xabar qildi.

Janubiy frontda Rossiya qo‘mondonligi allaqachon rossiyaliklar mudofaasining ikkinchi liniyasiga hujum qilayotgan ukrain qo‘shinlarini to‘xtatish uchun Staromlinovka qishlog‘i (Berdyansk yo‘nalishi) yaqiniga zaxiralarini olib kelgan. Ukraina qurolli kuchlari Zaporijjya oblastidagi boshqa frontlarda ham kichik yutuqlarga erishmoqda.

Donetsk hududida, Avdiyivka va Maryinka shaharlari atrofida ham faol harbiy harakatlar tingani yo‘q. Lekin bu hududda tomonlarning hech biri bir-birining nazoratidagi muhim hududlarni egallay olgani yo‘q.

«Ular qulay fursat kutmoqda»

17 iyul kuni Ukraina qurolli kuchlari Sharqiy kuchlari guruhi spikeri Sergey Cherevatiy Rossiya Luhansk va Xarkiv oblastlari chegarasiga 100 mingdan ortiq kishi, 900 dan ortiq tank, 555 dona artilleriya tizimlari, 370 ta baravar o‘t ochish raketa tizimlarini — «eng yaxshi desant va motopiyoda bo‘linmalari, BARSdagi zaxiralari, hududiy qo‘shinlar, xususiy harbiy kompaniyalar jangchilari, „Shtorm-Z“ guruhini — hujumga o‘tish va Ukraina mudofaasini kesib o‘tish maqsadida olib kelgani» haqida ma’lum qilgandi.

Rossiya armiyasi Kupyansk yo‘nalishida faol hujum amaliyotlarini iyul oyi boshlarida boshlagandi, Ukraina qurolli kuchlarini Kreminna, Severodonetsk va endi Baxmutga tahdid solayotgan Seversk bo‘rtig‘idan surib tashlash uchun esa o‘tgan yildan buyon harakat qilmoqda.

Rossiya Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida katta kuch to‘plagani haqida Cherevatiyning bayonotidan oldinroq ham ma’lum bo‘lib ulgurgandi. Ukrainalik harbiy ekspertlar, xususan, urushayotgan tomonlarning shaxsiy tarkibi va texnikalari miqdoridan yaxshi xabardor bo‘lgan Konstantin Mashkovets ham bu yo‘nalishga olib kelingan kuchlarni taxminan shunday, hatto undan ham yuqoriroq baholagandi.

U nafaqat Rossiya qo‘shinlarining 120 kilometrlik polosadagi yuqori konsentratsiyasini (frontdagi har bir kilometrga qariyb ming askar — hozirgi vaqt o‘lchovlari bo‘yicha ancha ko‘p), balki katta miqdordagi zirhli texnikalar, xususan tanklar jamlangani hujumkor konfiguratsiyani ko‘rsatishini qayd etgandi.

«Ular qulay pallani kutishmoqda… va ularning janubdagi „hamkasblari“ Zalujniyni o‘z zaxiralarining asosiy qismini „ochishi“ga majbur qilishiga juda umid qilishmoqda… Va ukrain zaxiralari janubdagi „asosiy liniya“ni yorib o‘tib, u yerdagi janglar bilan band bo‘lib qolganida, ular zarba berishga umid qilishmoqda…» — deya yozgandi u 15 iyul kuni.

Rossiya armiyasi hamon qurol-yarog‘da miqdoriy ustunlikka ega, ammo ba’zi pozitsiyalarda sifat jihatdan ustunlik yo‘q. Foto: EPA

Rossiya nimaga intilmoqda?

Zarbalar yo‘nalishiga ko‘ra, ularning yaqin vaqt uchun maqsadlarini tushunish mumkin. Rossiya armiyasi o‘tgan yil kuzida ukrainlarning qarshi hujumi natijasida boy berilgan pozitsiyalarning bir qismini qaytarib olishni xohlaydi.

Birinchidan, front liniyasini Oskol daryosi bo‘ylab o‘rnatish va bu orqali ukrain kuchlarining Svatove va keyin Luhansk oblasti ichkarisiga yurishi xavfini bartaraf etish.

Ikkinchidan, Ukraina qurolli kuchlarining Jyerebets daryosining so‘l sohilidagi Torskoye posyolkasida joylashgan platsdarmini bartaraf etish - bu yerdan turib ukrainlar Kreminnaga, shunga mos ravishda butun Severodonetsk-Lisichansk aglomeratsiyasiga tahdid solib turadi.

Va uchinchidan (ammo bu faqat ikkinchi reja amalga oshganidan keyin bo‘lishi mumkin), Liman va Yampilni shturm qilishga urinish, shuningdek Seversk bo‘rtig‘iga hujum qilish mumkin — ukrainlarning bu forposti (oldingi punkt) bir vaqtning o‘zida bir necha yo‘nalishlarga xavf soladi (Ukraina qurolli kuchlari hozir bu yerdan turib janubga, Soledarga hujum qilmoqda).

Rossiyaning ehtimoli yurishi muvaffaqiyatga erishishi uchun zarur sharoitlar mavjudmi?

Rossiya armiyasi Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida chindan ham katta qo‘shin to‘plagan — son jihatdan Xerson, Zaporijjya va Donetsk oblastlarining bir qismida mudofaalanayotgan «Dnepr» va «Vostok» guruhlaridan keyin ikkinchi, ammo zichlik va konsentratsiya bo‘yicha qolgan barchadan ustun.

Rossiya chegaralari yaqinligi va front ortidagi bazalar Moskva nazoratidagi Luhansk oblastida joylashgani sababli, bu uchastkada RF qurolli kuchlarining ta’minot tizimi yaxshi yo‘lga qo‘yilgan.

Ukraina qurolli kuchlari 2023 yil yozidagi kampaniyada asosiy e’tiborni Zaporijjyada hujum qilishga qaratgan, shuningdek Baxmutni ozod qilish amaliyoti ham katta kuchlarni talab etadi. Kiyev boshqa yo‘nalishlarda zaxiralarni tejab sarflashga majbur.

Kupyansk yo‘nalishida Rossiya armiyasiga ustunlik taqdim etuvchi yana bir omil esa Ukraina qurolli kuchlarida Oskol daryosining so‘l qirg‘og‘idagi platsdarmlar uchun oxirigacha kurashish ishtiyoqi bo‘lmasligi bo‘lishi mumkin. Jiddiy tahdidlar tug‘ilgan taqdirda ukrain armiyasi Surovikinning xersoncha manyovrini takrorlab, tabiiy suv to‘sig‘i ortidagi nisbatan qulay pozitsiyalarga chekinishi mumkin.

Rossiya armiyasi qanday qiyinchiliklarga duch kelishi mumkin?

Foto: Reuters

Frontning bir kilometrlik uchastkasiga ming askar, 9-10 tank, beshta artilleriya stvoli va 3-4 ta baravar o‘t ochish reaktiv tizimi — jiddiy kuch. Ammo ochiq manbalarga ko‘ra, Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida ukrain qo‘shinlari son borasida rossiyaliklardan qolishmaydi, tank va artilleriya qurollari sonidagi farq esa g‘arbning zamonaviy va yuqori aniqlikdagi qurollari hisobiga kompensatsiya qilinadi.

Qurollar borasida Rossiya armiyasi raqibini hech narsa bilan hayron qoldira olmaydi, bu vaqtda esa Ukraina qurolli kuchlari g‘arblik ittifoqchilaridan muntazam ravishda qandaydir yangi narsalar oladi, bu bilan ko‘pincha jang maydonidagi kuchlar muvozanatini o‘zgartiradi va taktik qarorlarga ta’sir ko‘rsatadi.

Ikki tomonning kuch va vositalari joylashuvi ko‘rsatilgan vizual infografikani, masalan, Polshaning harbiy-tarixiy portali Martinn (@martinnkaaaa) infografikasida ko‘rish mumkin.

Rossiyaning yirik amaliyotni boshlanishining ehtimoliy vaqtini yaxshi deyish qiyin. Katta ehtimol bilan, shimolda to‘plangan yirik guruhni ancha oldinroq, Rossiya armiyasi Baxmut yaqinida tashabbusga ega bo‘lganida harakatlantirish hamda shimoldan hujumga o‘tishni Baxmutni egallash bilan sinxronlashtirib, Kramatorsk va Slovyansk tomon davom etish rejalashtirilgandi. Ammo hozirga kelib ma’lumki, Baxmutni egallash bo‘yicha amaliyot uzoq cho‘zilib, to‘xtab qoldi va rivojlanmadi, endi esa Rossiya qo‘shini ukrainlarning qanotlar va shimoli-sharqdan qilayotgan hujumlarini to‘xtatish uchun qo‘lidan kelganicha harakat qilishi kerak.

Bundan tashqari, Luhansk va Xarkiv oblastlari shimoli, shuningdek Donetsk oblasti — asosiy mudofaa chizig‘i yorib o‘tilganida tanklar ustunligidan foydalanish mumkin bo‘lgan yalang‘och dashtliklardan iborat emas. Bu hududlar ko‘p sonli suv to‘siqlari va tabiiy boshpanalar mavjud bo‘lgan murakkab past-balandliklardan iborat — himoyalanish uchun imkoniyatlar juda ko‘p.

O‘tgan yil kuzida Oskol daryosining sharqidagi marralarga yetib borgan ukrain armiyasi o‘tgan vaqt ichida kuchli va eshelonlangan mudofaa istehkomlari o‘rnatganiga shubha yo‘q. Albatta, nazariy jihatdan har qanday himoyani yorib o‘tish yoki taslim qilish mumkin, lekin qanday qurbonliklar evaziga? Ukraina qurolli kuchlarida sinovdan o‘tgan strategiya mavjud — kichik hududlarni topshirish evaziga raqibni qirib tashlash.

Zaporijjya yo‘nalishida shiddatli janglar ketayotgan mahalda, yo‘qotishlar ortadi, Rossiyaning «Dnepr» va «Vostok» guruhi zaxiralari tezlik bilan kamayib boradi, Baxmut yo‘nalishida ham ayni holat kuzatilmoqda, yana bir keng ko‘lamli amaliyot, yetmaganiga hujum amaliyoti esa Moskvaga juda qimmatga tushishi mumkin. Asosiy savol: zaxiralar barchasiga yetarli bo‘ladimi?

Xulosa

Xo‘sh, Rossiya Kupyansk va Liman yo‘nalishlarida keng ko‘lamli hujum amaliyoti o‘tkazishga qodirmi?
 
— Rossiya qo‘shinlari soni, ularning texnikalar bilan jihozlanganlik darajasi, omborlar va ta’minot yo‘llari mavjudligi hisobga olinsa — katta ehtimol bilan, yo‘qdan ko‘ra ha.

Rossiya armiyasi sezilarli yutuqlarga erisha oladimi?

— Yuqoridagi omillarni hisobgaolgan holda — katta ehtimol bilan hadan ko‘ra yo‘q.

U nimaga erisha oladi?

— Bu ukrain qo‘shinlarini band qilib qo‘yishi, qo‘mondonlikni zaxiralarni shiddatli va ahamiyatliroq janglar ketayotgan janubga emas, balki shimolga tashlashga majbur qilishi, bu orqali vaqtdan yutilishi va ehtimol pozitsiyalarni saqlab qolishi mumkin — garchi ulkan yo‘qotishlar berish evaziga bo‘lsa ham.

Ammo keyin Rossiya harbiy-siyosiy rahbariyati qarshisida muqarrar savol ko‘ndalang bo‘ladi: bu yo‘qotishlar nimaning hisobiga to‘ldiriladi? Moskva esa avval bunday qarorlarni qabul qilishni oxirigacha ortga surib kelgandi.

Rossiya va Ukraina urushi

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Rossiya armiyasi ikki yo‘nalishda faollashdi (foto)
ePN