13:30 / 27.07.2023
379

Belarusdagi «Vagner» Polsha va Yevropaning boshqa davlatlariga xavf soladimi?

Belarusdagi «Vagner» Polsha va Yevropaning boshqa davlatlariga xavf soladimi?

Lukashenko va Putin Sankt-Peterburgdagi uchrashuvda. Foto: Knews.by

Aleksandr Lukashenko Sankt-Peterburg shahrida Vladimir Putin bilan uchrashuvda iyun oyidagi isyondan so‘ng Belarus hududiga qabul qilingan «Vagner» xususiy harbiylashgan kompaniyasi uning «asabini tarang» qilayotgani, chunki ular «Varshava tomon yurish» qilishni istashayotganini aytgan.

G‘arb ekspertlari «Vagner» XHK kuchlari Polsha uchun ham, Yevropaning boshqa istalgan davlati uchun ham jiddiy tahdid bo‘la olmasligini aytishmoqda. Bunga sabab — kompaniya hujumkor yurishlar uchun zarur bo‘ladigan og‘ir qurol-yarog‘dan mosuvo qilingan — ularga ajratilgan harbiy texnikalar Rossiya mudofaa vazirligiga topshirilgan.

«Balki buni aytishim kerak emasdi, lekin aytishga majburman. Vagnerchilar asablarimizni tarang qilmoqda. «G‘arbga borgimiz kelyapti. Bizga ruxsat bering», deyishyapti. Men ularga G‘arbda sizlarga nima bor? — dedim. «Varshavaga, Jyeshuvga bir ekskursiya qilib kelsak degandik», deb javob berishdi», — deya Lukashenkoning so‘zlaridan iqtibos keltirgan Interfaks.

«Vagner» XHKning Belarusdagi bazasi. Foto: Maxar / ISW

Lukashenko avvalroq Putin bilan kelishganidek, vagnerchilarni Belarusning markazida to‘plab o‘tirgani, ularni boshqa joyga disklokatsiya qilishni istamayotgani, chunki ularning kayfiyati chatoqligiga urg‘u bergan.

«Shunisi ahamiyatga molikki, ular Ittifoq davlat atrofida nimalar bo‘layotganini bilib turishibdi. Buni, shunchaki chizgi tariqasida aytyapman. Shuning uchun biz mudom bu ishlarga qarshi chiqamiz, men esa sizdan bu masalani o‘zingizda ham bir qarab ko‘rishingizni so‘rayman», — degan Lukashenko.

«Belta»ning yozishicha, Putin bilan uchrashuvi chog‘ida Lukashenko o‘zining aytishiga ko‘ra, Polsha qo‘shinlari Ittifoq davlat chegaralariga tashlanishini ko‘rsatuvchi xaritani namoyish etgan. Undagi ma’lumotlarga ko‘ra, polyak brigadalaridan biri Brest shahridan bor-yo‘g‘i 40 km narida, boshqasi esa Grodno shahridan 100 km uzoqlikda joylashgan. Lukashenkoning ta’kidlashicha, bu nuqtalarga asosiy strategik zaxiralar tortib kelinmoqda va u bunday siyosatni «o‘ylanmagan qadam» deb baholaydi.

Lukashenko Putinga Polsha qo‘shinlarining joylashish xaritasini namoyish etgan. Foto: Kremlim.ru

Lukashenkoning fikricha, G‘arb davlatlarining yakuniy rejasiga ko‘ra g‘arbiy Ukraina hududlari Polshaga olib beriladi.

«Ular g‘arbiy Ukrainani ajratib olib, uni Polshaga qo‘shib yuborishmoqchi. Bu Rossiya Federatsiya qo‘shinlariga qarshi operatsiyada polyaklarning faol ishtiroki uchun to‘lov bo‘ladi. Amerikaliklar ham buni qo‘llab-quvvatlashmoqda», — degan Lukashenko.

Amerikaning Urushni o‘rganish instituti (ISW) ta’kidigia ko‘ra, Belarusda «Vagner» XHKning ixtiyorida og‘ir qurol-yarog‘ mavjudligi xususida biror belgi yo‘q. Tahlilchilarning eslatishicha, vagnerchilar qurolli isyon yakunlangach, Putin va Lukashenko bilan tuzilgan bitimga ko‘ra harbiy texnika va boshqa qurollarni RF mudofaa vazirligiga topshirishi kerak bo‘lgan. O‘z navbatida, RF mudofaa vazirligi yaqinda yollanma jangchilardan qurol-yarog‘ va texnikalarni qabul qilib olgani to‘g‘risida hisobot e’lon qilgandi.

Ekspertlar shuningdek, Belarusdagi Osipovichi shahri yaqinidagi «Vagner» XHK asosiy bazasining Maxar sun’iy yo‘ldoshlari orqali tushirilgan fotosuratlariga qarab ham xulosa qilishmoqda. 23 iyul kuni tushirilgan eng so‘nggi fotosuratlardan ko‘rinishicha, baza ichida va uning atrofida turgan transport vositalari yuzlab yengil mashinalar, kichikroq yuk mashinalari va 35 tacha yarimtirkamalardan iborat.

«Vagner» XHKning Belarusdagi bazasi. Foto: Maxar / ISW

«Belarusda joylashgan «Vagner» XHK kuchlari toki mexanizatsiyalashgan texnika bilan ta’minlanmas ekan, Polsha uchun ham, Ukraina uchun ham harbiy tahdid bo‘la olmaydi. Hattoki zarur texnika bilan ta’minlangan taqdirda ham ular NATO uchun jiddiy tahdidga aylanmaydi», — deya xulosa chiqarishgan tahlilchilar.

Ekspertlar yana bir jihatga urg‘u qaratishgan. «Vagner» XHKning Belarus hududidagi yangi garnizoni Moskvadan 720 km narida joylashgan. Oldingisi — Krasnodar o‘lkasida joylashgani Rossiya poytaxtidan 1370 km narida edi.

«Vagner» XHKning 23–24 iyun kungi harbiy isyonidan so‘ng kompaniya asoschisi Yevgeniy Prigojin Belarusga yo‘l olishi e’lon qilingan edi. XHK yollanma jangarilariga yo uyga qaytish, yoki mudofaa vazirligi bilan shartnoma imzolash yoki Prigojin ortidan Belarusga yo‘l olish taklif etilgan edi.

14 iyul kuni Belarus Respublikasi mudofaa vazirligi «Vagner» XHK yollanma jangarilari mamlakatga kirib kelishganini e’lon qildi. Vazirlik Mogilyov oblastidagi «mashq nuqtalari» haqida so‘z ochib, u yerda «Vagner» yollanma jangchilari yo‘riqchi sifatida ish boshlashganini xabar qildi. Keyinroq Belarus mudofaa vazirligi «Vagner» XHK bilan Polsha chegarasi yaqinida birgalikda mashqlar o‘tkazilgani haqida gapira boshladi. «Vagner»ning Marks laqabli «qo‘mondonlar kengashi» a’zosi Belarusga 10 minggacha yollanma jangarilar kirib kelishini ta’kidlagandi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Belarusdagi «Vagner» Polsha va Yevropaning boshqa davlatlariga xavf soladimi?
ePN