
AQSH Harbiy-havo kuchlari ARRW (Air-Launched Rapid Response Weapon) dasturi doirasida gipertovushli raketa prototipini sinovdan o‘tkazdi. Bu mart oyida AGM-183A gipertovushli raketasi parvozi muvaffaqiyatsizlikka uchraganidan keyingi sinov, deb yozadi Defence News havo kuchlari bayonotiga tayanib.
Sinovlar 19 avgust, shanba kuni bo‘lib o‘tgan. Boeing B-52H Stratofortress strategik bombardimonchi samolyoti ARRW dasturi doirasida ishlab chiqilgan Lockheed Martin AGM-183A gipertovushli raketasini Kaliforniyaning janubiy qirg‘oqlari yaqinida uchirgan. Sinov muvaffaqiyatli o‘tgani yoki yo‘qligi haqida xabarda aytilmagan.
Mart oyidagi muvaffaqiyatsizlik
Mart oyida AQSH Harbiy-havo kuchlari kotibi Frenk Kendall Harbiy havo kuchlari AGM-183A prototipini sinovdan o‘tkazganini, biroq u muvaffaqiyatsizlikka uchraganini e’lon qilgandi. AQSH Harbiy-havo kuchlari hisobotiga ko‘ra, sinovda “bir nechta maqsadlarga erishilgan, muhandislar keyingi tahlil uchun ma’lumotlarni to‘plagan.
Mart oyidagi muvaffaqiyatsizlikni e’lon qilar ekan, Kendall AGM-183A loyihasining taqdiri yana ikkita sinovdan keyin hal qilinishini aytdi.
Bloomberg ta’kidlashicha, AQSHga bunday qurollar Xitoy va Rossiyaga qarshi turish uchun kerak. 2022 yilda Pentagon shu turdagi raketalar ishlab chiqarilishiga start berishi kerak edi, ammo prototiplarni sinovdan o‘tkazishdagi muvaffaqiyatsizliklar tufayli bunday bo‘lmadi. AQSH Harbiy-havo kuchlari ishlab chiqarish 2023 yilning kuzida boshlanishini va’da qildi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!