Shimoliy Koreya o‘zining ilk «taktik yadroviy hujumkor suvosti kemasi»ni suvga tushirganini e’lon qildi, deb xabar berdi 8 sentabr, juma kuni Reuters agentligi ushbu davlat OAVga tayanib.
«Qahramon Kim Gun Ok» suvosti kemasi Koreya yarimoroli va Yaponiya o‘rtasidagi suvlarda patrullik qiluvchi flotga topshirildi. Suvosti kemasini suvga tushirish marosimida Shimoliy Koreya yetakchisi Kim Chen In uni Shimoliy Koreyaning asosiy «dengiz kuchlari suvosti hujum qurollaridan biri» deb atadi.
Mamlakat harbiy-dengiz flotini yadro quroli bilan qurollantirish dolzarb vazifadir, deya davom etdi Kim Chen In. U taktik yadro qurollari bilan jihozlangan suvosti kemalari va yerusti kemalari sonini ko‘paytirishga va’da berdi, deb yozadi Reuters.
Tahlilchilar suvosti kemasining imkoniyatlariga shubha bilan qarayapti
Reuters agentligi bilan suhbatlashgan tahlilchilar fikricha, suvosti kemasi Sovet Ittifoqining 633-loyihadagi suvosti kemasining modifikatsiyasi bo‘lib (NATO hisobotidagi nomi - «Romeo»), uni KXDR 1970-yillarda Xitoydan sotib olib, o‘zida ishlab chiqarishni boshlagan. Suratlarga qaraganda, kema ballistik va qanotli raketalar bilan qurollangan.
Yangi suvosti kemasi uchun asos sifatida foydalanilgan eski suvosti kemalari nisbatan shovqinli, sekin va cheklangan masofaga ega va shuning uchun urushda unchalik samarali emas, deydi AQSh hukumatining qurollar bo‘yicha sobiq eksperti Vann Van Dipen. «Bu narsa jangda qo‘llanganda, u ittifoqdosh suvosti kemalariga qaraganda juda zaif bo‘ladi. Shuning uchun menimcha, qandaydir jiddiy harbiy nuqtayi nazardan bu unchalik muhim ahamiyatga ega emas», dedi u.
Janubiy Koreya harbiylari, shuningdek, suvosti kemasi normal ishlashga tayyor emasligi va Shimoliy Koreya o‘z imkoniyatlarini bo‘rttirib ko‘rsatishga urinayotgani alomatlari borligini aytdi, deb yozadi Reuters. Biroq Koreya mudofaa tahlillari instituti (KIDA) ilmiy xodimi Sin Sin Ki Reuters agentligi bilan suhbatda ogohlantirishicha, Janubiy Koreya va Qo‘shma Shtatlar bunday suvosti kemalarini aniqlash va yo‘q qilishga kafolat bera olmaydi. «Shimoliy Koreya o‘z harbiy-dengiz kuchlarining operativ imkoniyatlarini o‘tmishdagiga nisbatan sezilarli darajada kengaytirgani va mustahkamlagani aniq», — dedi u.
“Zamin” yangiliklarini “Instagram”da kuzatib boring