Foto: Reuters
Saudiya Arabistoni rasmiylari Isroil bilan munosabatlarni normallashtirish bo‘yicha har qanday muhokamani to‘xtatayotgani haqida AQSHni ogohlantirdi. Bu haqda Elaph gazetasi xabar berdi.
Nashr ma’lumotlariga ko‘ra, bu qarorga Binyamin Netanyaxu boshchiligidagi Isroil vazirlar mahkamasining falastinliklarga nisbatan “ekstremizmi” sabab bo‘lgan. Isroil bosh vaziri kanselyariyasidagi manbaga ko‘ra, mamlakat rahbariyati Saudiya Arabistoni pozitsiyasidan sarosimaga tushgan. Netanyaxu, ko‘plab vazirlar va ekspertlar Ar-Riyod munosabatlarni Falastin masalasiga bog‘lamasdan yaxshilashga rozi bo‘lishini kutgan.
Bir necha kun oldin AQSH davlat kotibi Entoni Blinken Isroil va Saudiya Arabistoni munosabatlarining normallashishiga kafolat yo‘qligini aytgandi. Uning ta’kidlashicha, bu jarayonda tomonlar nafaqat o‘zlarining, balki falastinliklarning manfaatlarini ham hisobga olishi kerak.
Shu bilan birga, amerikalik siyosatchi Saudiya Arabistoni va Isroil o‘rtasidagi munosabatlarni tartibga solish yahudiy davlati va Falastin o‘rtasidagi tinchlik o‘rnini bosa olmasligini ta’kidladi.
2022 yil dekabr oyida Isroil bosh vaziri Benyamin Netanyaxu Vazirlar Mahkamasining asosiy vazifalaridan biri Isroil va arab davlatlari o‘rtasidagi “tinchlik doirasini keskin kengaytirish” bo‘lishini aytgandi. 2023 yil 10 mart kuni Eron va Saudiya Arabistoni ikki oy ichida diplomatik munosabatlarni tiklash va elchixonalarini qayta ochishga kelishib olgan.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!