date
views 238

To‘qayev urushlarga barham berishda diniy yetakchilar kuchiga tayanishni taklif qildi

To‘qayev urushlarga barham berishda diniy yetakchilar kuchiga tayanishni taklif qildi

Foto: Akorda.kz

Bugun dunyo ahli misli ko‘rilmagan jiddiy ixtiloflarga guvoh bo‘lmoqda, ammo ularni bartaraf etish uchun hali imkoniyat bor. Bu haqda Qozog‘iston prezidenti Qosim-Jo‘mart To‘qayevning «The Jerusalem Post» gazetasida chop etilgan maqolasida so‘z boradi.

«Jahon ahli BMT ta’sis qilinganidan keyingi global tartibning izdan chiqishi va xalqaro taranglikning avj olishiga guvoh bo‘lmoqda. «Sovuq urush» davridan buyon kuzatilmagan ixtiloflar yana qaytmoqda. Oqibatda ona sayyoramiz yangi global qurollanish poygasi, yadro qirg‘ini tahdidi, qurolli, gibrid, kiber va savdo urushlarining keng yoyilishi kabi jiddiy muammolarga ro‘baro‘ kelmoqda», – deb yozadi Q.To‘qayev.

Qozog‘iston rahbariga ko‘ra, ixtiloflarga barham berish, tamaddunlararo muloqot va ishonchni mustahkamlashda diniy yetakchilar hal qiluvchi rol o‘ynashi mumkin.

«Jahonda yangi xalqaro xavfsizlik tizimini barpo etish yangi global tinchlik harakatini shakllantirishni talab etadi. Men bu borada diniy yetakchilarning roli beqiyos deb hisoblayman. Dunyo aholisining 85 foizi o‘zini biror bir dinga mansub deb biladi. Bu muhim omildir. Shu tariqa diniy yetakchilar umumjahoniy jarayonga sezilarli ta’sir ko‘rsatadi. Qolaversa, inson hayotining muqaddasligi, o‘zaro ko‘makka chorlash, raqobat va g‘animlikdan voz kechish – barcha dinlarga xos qadriyatlar sanaladi. Ushbu tamoyillar yangi umumjahoniy nizomga asos bo‘lishiga ishonchim komil», – deb hisoblaydi maqola muallifi.

Unga ko‘ra, diniy yetakchilar odamlarni nafrat, g‘azab va dushmanlik kabi halokatga yetaklovchi illatlardan qaytarib, insonparvarlik, mehr-muhabbat kabi gumanistik ideallarga da’vat qilishi kerak.

Qozog‘istonda 2003 yildan buyon Jahon va an’anaviy dinlar yetakchilari qurultoyi o‘tkazilib keladi. Mashvaratdan ko‘zlangan maqsad dinlararo muloqot an’analarini mustahkamlash, diniy jamoalar o‘rtasida o‘zaro tushunish va hurmatni chuqurlashtirishdan iboratdir.

Q.To‘qayev o‘z maqolasida mazkur qurultoyning ahamiyatiga ham to‘xtalgan.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » To‘qayev urushlarga barham berishda diniy yetakchilar kuchiga tayanishni taklif qildi