Foto: akipress.org
Rossiya prezidenti Vladimir Putin MDH sammitida ishtirok etish uchun Qirg‘izistonga bordi. Bu - Rossiya rahbarining joriy yildagi birinchi xorijiy tashrifi. Bu haqda TASS xabar bermoqda.
Foto: “TASS”
Rossiya rasmiy delegatsiyasi tarkibida:
- tashqi ishlar vaziri Sergey Lavrov,
- bosh vazir o‘rinbosari Aleksey Overchuk,
- adliya vaziri Konstantin Chuychenko,
- tabiiy resurslar vaziri Aleksandr Kozlov,
- iqtisodiy rivojlanish vaziri Maksim Reshetnikov,
- fan va oliy ta’lim vaziri Valeriy Falkov,
- “Rosatom” rahbari Aleksey Lixachev bor.
Tashrif davomida Qirg‘iziston—Rossiya muzokaralari o‘tkazilishi ham kutilmoqda. Muhokama qilinadigan mavzular qatorida siyosiy, savdo-iqtisodiy, harbiy-texnikaviy, madaniy-gumanitar va boshqa sohalarda ikki tomonlama munosabatlarni yanada rivojlantirishning asosiy masalalari bor. Shuningdek, dolzarb xalqaro muammolar yuzasidan fikr almashish rejalashtirilgan.
Shundan so‘ng Putin Rossiyaning Kantdagi harbiy aviabazasining 20 yilligiga bag‘ishlangan tantanali tadbirda ishtirok etadi. Payshanba kuni Rossiya prezidentining Ozarboyjon rahbari Ilhom Aliyev bilan muzokaralari ham rejalashtirilgan.
13 oktyabr, juma kuni Bishkekda MDH davlat rahbarlari kengashining tor va kengaytirilgan tarkibdagi majlisi bo‘lib o‘tadi. Uning yakunlari bo‘yicha mamlakatlar rahbarlari qo‘shma hujjatlarni imzolashi kutilmoqda. Shuningdek, shu kuni Putin Tojikiston prezidenti Imomali Rahmon bilan alohida uchrashuv o‘tkazadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!