date
views 283

Armaniston prezidenti Rim statutini ratifikatsiya qilishni ma’qulladi

Armaniston prezidenti Rim statutini ratifikatsiya qilishni ma’qulladi

Foto: president.am

Armaniston prezidenti Vaagn Xachaturyan parlament tomonidan qabul qilingan Xalqaro jinoyat sudining (XJS) Rim statutini ratifikatsiya qilish haqidagi qonunni imzoladi. Xachaturyan, shuningdek, Armaniston XJS vakolatlarini tan olishi haqidagi bayonotni ham qabul qildi.

Armaniston 1998 yilda Rim statutini imzolagan, biroq hujjat mamlakat Konstitutsiyasiga zid deb topilgach, ratifikatsiya jarayoni 2004 yilda to‘xtatilgan edi. 2022 yil oxirida Armaniston hukumati ratifikatsiya jarayonini tikladi.

Rossiya Armanistonning hujjatni ratifikatsiya qilishiga faol qarshilik ko‘rsatdi, chunki, XJS 2023 yil mart oyida Rossiya prezidenti Vladimir Putinni hibsga olish uchun order bergan. U Ukrainaning bosib olingan hududlaridan bolalarni Rossiyaga noqonuniy ravishda deportatsiya qilganlikda gumon etilmoqda.

Armaniston hukumati xavfsizlik nuqtai nazaridan Rim statutini ratifikatsiya qilish zarurligini asoslab berdi: «Mamlakatimizga qarshi harbiy jinoyatlar sodir qilingan va qilinmoqda. Bizga bu [ratifikatsiya] kerak, mamlakatimizga kerak», degan edi parlament spikeri Alen Simonyan sentyabr oyida.

Armaniston rasmiylari ratifikatsiya Ozarboyjon rahbariyatini Tog‘li Qorabog‘dagi «ehtimoliy harbiy jinoyatlar» uchun Xalqaro jinoyat sudida javobgarlikka tortish imkonini berishiga umid qilmoqda. Armaniston parlamenti spikeri o‘rinbosari Akop Arshakyan aprel oyida mamlakat rasmiylari Putinni hibsga olmoqchi emasligini aytdi.

13 oktyabr kuni Rossiya prezidenti Vladimir Putin XJS orderi chiqqanidan keyin birinchi marta xorijiy davlatga tashrif buyurdi – u Qirg‘izistonga, MDH Davlat rahbarlari kengashi yig‘ilishiga bordi. Jurnalistlar bilan suhbat chog‘ida Putin xorijga borishni hali rejalashtirmayotganini, biroq Armanistonga borishga tayyorligini aytdi.

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Armaniston prezidenti Rim statutini ratifikatsiya qilishni ma’qulladi