13:53 / 16.10.2023
211

Ekvadorda autsayder hisoblangan nomzod prezident saylovida g‘alaba qozondi

Ekvadorda autsayder hisoblangan nomzod prezident saylovida g‘alaba qozondi

Daniel Noboa Foto: Franklin Jacome/Getty Images

Ekvadorda 15 oktyabr, yakshanba kuni prezidentlik saylovlarining ikkinchi bosqichi yakunlandi. Unda mamlakat parlamenti sobiq deputati, markazchi Daniel Noboa g‘alaba qozondi, uning raqibi «Fuqarolik inqilobi» so‘l harakatidan nomzod Luisa Gonsales bo‘ldi.

Ovozlarning 90 foizi hisoblab chiqilgach, Ekvador Milliy saylov kengashi Noboaning g‘alabasini muddatidan avval e’lon qildi. Gonsales raqibini g‘alaba bilan tabrikladi.

35 yoshli Noboa Ekvador tarixidagi eng yosh prezidentga aylandi. Uning otasi, biznesmen Alvaro Noboa ham oldin bir necha bor prezidentlikka nomzod bo‘lgan. Saylov kampaniyasi davridagi so‘rovlarda kichik Noboa autsayderlardan biri bo‘lgan va prezidentlik saylovining birinchi bosqichida 24 foiz ovoz to‘plab, 33 foiz ovoz olgan Gonsalesga mag‘lub bo‘lgan. Biroq, nomzodlarning hech biri talab qilingan 50 foizlik chegaradan o‘ta olmadi, shu sababli ikkinchi tur o‘tkazilishi belgilandi.

Reuters keltirgan tahlilchilar fikricha, Noboaning g‘alabasi dastlab investorlar tomonidan ijobiy o‘zgarishlar sifatida qabul qilinishi mumkin, biroq uzoq muddatda vaziyat uning kabineti tayinlanishiga bog‘liq bo‘ladi. Noboa nomzod sifatida ko‘rsatilishidan oldin o‘zining «Milliy demokratik harakat» partiyasini tuzdi, u avgust oyida mamlakatda bo‘lib o‘tgan parlament saylovlarida uchinchi o‘rinni egalladi.

Ekvadorda prezidentlik saylovlari muddatidan oldin bo‘lib o‘tdi, ular 2023 yil may oyida amaldagi davlat rahbari Gilermo Lasso tomonidan e’lon qilingan edi. Bu unga neft tashishni tashkil etish bilan bog‘liq korrupsion sxemada ishtirok etganlikda ayblovlar bo‘yicha impichment e’lon qilish masalasini ko‘rib chiqish fonida sodir bo‘ldi. Siyosatchi bu ayblovlarni rad etyapti.

Ekvadorda saylovlarning ikkinchi turi maxsus xavfsizlik choralari ostida o‘tdi

Avgust oyida prezidentlik saylovlarining birinchi turi arafasida Ekvador poytaxtida nomzodlardan biri Fernando Vilyavisensio o‘ldirilgan edi. Bu siyosatchi saylovoldi mitingini o‘tkazgan maktab binosidan chiqishda sodir bo‘lgan - bir guruh hujumchilar o‘t ochgan, hujum paytida siyosatchi boshidan jarohat olgan.

Saylov poygasida Vilyavisensio favorit hisoblangan. Keyinchalik uning qotilligida gumon qilinganlar hibsda saqlangan joyida o‘ldirildi.

Vilyavisensio o‘ldirilganidan bir necha kun o‘tgach, «Fuqarolik inqilobi» harakatining yetakchisi Pedro Briones o‘z uyi yonida otib ketildi - Gonsales ushbu uyushmadan nomzod bo‘lgandi.

Siyosatchilarning o‘ldirilishi fonida mamlakatda favqulodda holat e’lon qilindi, prezidentlikka nomzodlar ovoz berishning ikkinchi bosqichida o‘q o‘tkazmaydigan jilet kiyib oldi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo