Foto: Reuters
Belgiya poytaxti Bryussel shahri politsiyasi futbol o‘yinidan oldin shvetsiyalik ikki nafar muxlisini o‘ldirishda gumon qilingan 45 yoshli tunislik erkakni qo‘lga oldi. Bu haqda Belgiyaning RTBF telekanali xabar berdi.
Gumonlanuvchi kafeda qo‘lga olingan, otishma chog‘ida u yaralangan. Keyinchalik shifoxonada vafot etgan.
Belgiya Ichki ishlar vaziri Annelis Verlinden so‘zlariga ko‘ra, gumonlanuvchi yonidan topilgan qurol shvetsiyalik muxlislarni otishda foydalanilgan qurol bilan bir xil bo‘lgan.
«Bu haqiqiy jinoyatchi qo‘lga olingani ehtimolini oshiradi. Biz 100 foiz ishonch hosil qilish uchun barmoq izlarini ham tekshiramiz», deb uning so‘zlarini keltirdi Reuters.
16 oktyabr oqshomida, Belgiya va Shvetsiya o‘rtasida futbol bo‘yicha Yevropa chempionati saralash o‘yinidan oldin, Bryusseldagi «Eyzel» stadionidan taxminan 5 km uzoqlikda Shvetsiyaning ikki fuqarosi otib o‘ldirildi. Otishma haqida o‘yin tanaffusi vaqtida xabar tarqaldi. Shundan so‘ng, o‘yin davom ettirilmadi.
Belgiya matbuoti jinoyatchini «Islomiy davlat» tarafdori bo‘lgani haqida yozdi. Belgiya bosh vaziri Aleksandr De Kro voqeani terakt deb atadi. Mamlakat rasmiylari mamlakatda terrorchilik xavfi darajasini maksimal darajaga ko‘tardi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring