12:20 / 11.11.2023
229

Germaniya Kiyevga 20 mlrd yevrolik yordam ko‘rsatilishiga qarshi

Foto: Reuters

Yevropa Ittifoqidagi ayrim davlatlar Bryusselning Ukrainaga harbiy yordam ko‘rsatish uchun 20 milliard yevro sarflash to‘g‘risidagi rejasiga qarshilik bildirmoqda. Bu haqda Reuters diplomatlarga tayanib xabar berdi.

Avgust oyida Yevropa Ittifoqi diplomatiyasi rahbari Josep Borrel Kiyevga 2024-2027-yillar davomida 20 milliard yevro — har yili 5 milliard yevro miqdorida harbiy yordam ko‘rsatish bo‘yicha fond yaratish taklifini bildirgandi. Ammo agentlik suhbatdoshlarining so‘zlariga ko‘ra, 14-noyabr kuni o‘tkaziladigan Yevroittifoqqa a’zo davlatlar mudofaa vazirlar uchrashuvidan oldin qator davlatlar, jumladan, Germaniya ham to‘rt yil oldindan bu kabi katta mablag‘ning ajratilishiga shubhasini bildirgan.

“Germaniya tomonida savollar ko‘p va bunga haqi bor. Biz katta pullar haqida gapiryamiz”, — deydi YIning yuqori martabali diplomati.

Yevropa Ittifoqining boshqa qator davlatlari ham ichki budjet qisqartirilgani hisobiga uzoq muddatli bunday majburiyatni zimmasiga olish qiyinchilik tug‘dirishi haqida gapirmoqda. Uch nafar diplomatning so‘zlariga ko‘ra, Yevroittifoq oxir-oqibat faqat oldindan bir yilga mablag‘ ajratish qaroriga kelishi mumkin.

Avvalroq Politico nashri uch yevropalik diplomatga tayanib, Yevropa Ittifoqi Ukraina bilan uning ittifoqqa kirishi bo‘yicha muzokaralar boshlangani haqida dekabr oyida rasman e’lon qilmoqchiligini xabar qilgandi. 8-noyabr kuni Yevrokomissiya Ukrainaning Yevropa Ittifoqiga qo‘shilish bo‘yicha muzokaralarga tayyorligi haqidagi hisobotini taqdim etdi. Yevrokomissiya Ukraina va Moldova bilan ittifoqqa qo‘shilish bo‘yicha qator shartlar asosida muzokaralarni boshlashni tavsiya qilgan.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo