17:28 / 21.11.2023
455

22 kishining qotili – rossiyalik ashaddiy jinoyatchi «Sasha Soldat» ozod qilindi

22 kishining qotili – rossiyalik ashaddiy jinoyatchi «Sasha Soldat» ozod qilindi

Bundan bir necha kuni oldin rossiyalik ashaddiy jinoyatchi, 90-yillardagi eng taniqli yollanma qotil «Sasha Soldat» ozodlikka chiqarilgani haqida xabar tarqaldi. Bir paytlar yigirmadan oshiq odamni o‘ldirganlikda ayblangan bu yigitga marhumlarning yaqinlari umrbod qamoq jazosi so‘ragan, biroq sudya unga 24 yil qamoq jazosi bergandi.

Rossiyada «Orexov jinoiy guruhi» deb atalgan jinoiy to‘da killeri, «Sasha Soldat» laqabli Aleksandr Pustovalov 2023 yil 18 noyabr kuni ozod qilingan.

U 16 noyabr kuni Tver viloyati Monino qishlog‘idagi qattiq tartibli koloniyadan Torjokdagi koloniyaga o‘tkazilgan. Killer aynan o‘sha yerdan ozod qilingan.

Pustovalov OAV e’tiborini tortmaslik uchun koloniyani yashirincha tark etgan.

Jinoyat olami yetakchilari va huquq-tartibot idoralari xodimlarini o‘ldirgan Aleksandr Pustovalov umumiy hisobda 24 yil qamoqda o‘tirdi. U 1999 yilda 30 dan ortiq odamni o‘ldirganlikda ayblanib qo‘lga olingan va 24 yilga qamalgandi.

U ozod qilinganidan keyin uch yil davomida politsiyada ro‘yxatdan o‘tishi kerak, shuningdek, Moskvadan chiqib ketishi va tunda ko‘chaga chiqishi taqiqlangan.

Xo‘sh, «Sasha Soldat» kimlarni o‘ldirgan va uning ushlanishi jarayoni qanday bo‘lgan? Quyida shu haqida hikoya qilamiz.

IIVga ishga kirmoqchi bo‘lgan yigit qanday qilib jinoyatchiga aylandi?

Aleksandr Pustovalov 1973 yilda Moskvada tug‘iladi. Bola kambag‘al oilada otasiz o‘sadi – uni bog‘chada ishlaydigan onasi tarbiyalaydi. Maktabda Pustovalov dzyudo bilan shug‘ullanadi va pianino chalishni o‘rganadi. O‘qishdan bo‘sh vaqtlarida u «Xalq otryadi»da ishlab, militsiyaga yordam beradi.

Sakkizinchi sinfni tugatgandan so‘ng o‘smir zavodlardan biriga ishga kiradi. Hamkasblari uni ancha qobiliyatli, tajribali, hunarmandlar bosh qotiradigan muammolarni hal qila oladigan mehnatkash va topqir ishchi sifatida eslashadi.

1991 yilda Aleksandr Pustovalov armiya safiga chaqiriladi va dengiz piyoda qo‘shinlari korpusiga qo‘shiladi. 1993 yilda uyga qaytgach, yigit Ichki ishlar vazirligining tezkor otryadiga ishga kirishga harakat qiladi.

Ammo oliy ma’lumoti bo‘lmagani uchun uni ishga qabul qilishmaydi. Pustovalovga post-patrul xizmatida ishlash taklif qilinadi, biroq u rad etadi.

Ana shunday kunlarning birida Aleksandrni 90-yillarda Moskvadagi «Orexov» uyushgan jinoiy guruhi payqab qoladi.

Bu shunday sodir bo‘lgandi: kunlarning birida Pustovalov barda o‘tirganida u yerga bosqinchilar hujum qilishadi. Aleksandr ularning barchasini osongina yer tishlatadi.

Shunda barda bo‘lgan jinoiy guruh a’zolari uni ko‘z ostilariga olib qo‘yishadi va ko‘p o‘tmay Pustovalovga «qo‘riqlash kompaniyasi»da ishlashni taklif qilishadi.

Shu tariqa, Aleksandr «Orexov» uyushgan jinoiy guruhi uchun ishlay boshlaydi. Unga «Sasha Soldat» laqabini berishadi.

«Orexov» guruhi 1980-yillar oxirida, SSSR parchalanib ketishidan biroz avval Moskvadagi Orexovo-Borisovo mavzesida tuzilgan, keyinchalik guruh kengayib ketganda ham o‘z nomini saqlab qolgan edi.

Bu guruhga Pustovalovga o‘xshagan sobiq dengiz piyodachilari, desantchilar va sportning yakkakurash turlarida muvaffaqiyat qozongan sportchilar tanlab olingan. Guruh kengaygan vaqtda Moskvaning juda katta qismini o‘z nazoratiga olishga muvaffaq bo‘lgandi.

Guruhdagi martabaning oshishi

Jinoiy dunyoda Pustovalov har qanday vaziyatdan chiqib keta oladigan aqlli va topqir qotil sifatida yodda qolgan. «Sasha Soldat» filmlar va teleseriallarda namoyish etiladigan 90-yillarning odatiy, bilimsiz va no‘noq bosqinchilaridan farq qilardi.

U hatto ingliz tilini ham yaxshi bilardi, «buyruqlar»ga ijodiy yondashardi. O‘z qurbonlariga nisbatan sovuqqon va shafqatsiz edi.

Uyushgan jinoiy guruh avvaliga «Sasha Soldat»ga kichik ishlarni topshiradi – u o‘z guruhi safidagi ishonchsiz bosqinchilarni yo‘q qiladi. Keyinroq unga raqobatchi va boshqa jinoiy guruhlar boshliqlarini o‘ldirish topshiriladi.

Aksariyat hollarda buyurtma qotilliklarni amalga oshirishda unga hech kim yordam bermagan, barchasini yakka holda, sovuqqonlik bilan bajargan.

«Sasha Soldat» uchun birinchi jiddiy ish «Ossuriya mafiyasi»dan bo‘lgan qonundagi o‘g‘ri Aleksandr Bijamoning o‘ldirilishi edi. 1995 yilning yozida Pustovalov o‘z «qurboni»ni kafega taklif qiladi.

Bijamo kafega jinoiy avtoritet boshlig‘i Gennadiy Utnin bilan birga keladi. U «Orexov» jinoiy to‘dasi vakili «Sasha Soldat» bilan gaplashib, kelishuvga erishishni maqsad qilgandi.

Biroq na uchrashuv bo‘ladi, na kelishuv. Bijamo sherigi va qo‘riqchilari bilan kafega kirib kelganda «Sasha Soldat» hamda uning sheriklari ularga qarata o‘q uzadi va barchasini o‘ldiradi.

Shundan so‘ng «Sasha Soldat» bir necha yil davomida Moskvadagi turli jinoiy to‘da boshliqlarini sovuqqonlik bilan yo‘q qiladi.

Pustovalov jinoiy to‘dalardan birining boshlig‘i bo‘lgan Kutepovni mashinadan turib otadi. Mahalliy yunonlar yetakchisi Kyulbyakovni restoranda tasodifiy uchrashuv chog‘ida otib tashlaydi.

Kunsevsk uyushgan jinoiy guruh rahbarini yo‘q qilish boshqacharoq tarzda bo‘ladi. «Sasha Soldat» xizmatchilar kiyimini kiygan holda guruh rahbarining kafega kelishini bir necha kun poylaydi va maqsadiga yetadi.

«Sasha Soldat»ning eng mashhur qotilligi qamoqdan qochib, Gretsiyaga uchib ketgan va Pustovalovning xo‘jayini bilan til topishishni rejalashtirgan yana bir mashhur qotil Aleksandr Solonikning yo‘q qilinishi edi.

Pustovalov yana uch nafar qotil bilan birga Gretsiyaga uchib boradi va Saloniki shahri yaqinidagi villaga joylashadi. «Sasha Soldat» o‘z qurboni bilan avvaldan tanish edi.

Ular bir-birini yaxshi bilishardi. Shu sababli Solonik Pustovalovdan shubhalanmaydi. Pustovalov uni kechki payt ziyofatga taklif etadi. Solonik restoranga ma’shuqasi bilan birga keladi. Ko‘p o‘tmay restorandagi ziyofatni «Sasha Soldat» yashayotgan villada davom ettirishga qaror qilishadi.

Villada «Sasha Soldat» to‘satdan Solonikni polga yiqitib, bo‘g‘ib o‘ldiradi. So‘ng uning ma’shuqasi ham o‘ldiriladi. Solonikning jasadini yaqin atrofdagi o‘rmonga ko‘mib, ertasi kuni Rossiyaga qaytishadi.

Hibsga olish va hukm

1999 yilda politsiya «Orexov» jinoiy to‘dasi a’zolarining izidan tushadi. Guruhning bir necha a’zolarini qo‘lga olgan tezkor xodimlar Pustovalovni ham topadi.

1999 yil noyabr oyida «Sasha Soldat» o‘z kvartirasida hibsga olinadi. U qo‘lga olish chog‘ida qarshilik ko‘rsatmaydi. Tergovchilardan ham hech narsani yashirmaydi va ular bilan hamkorlik qiladi.

Pustovalov so‘roq paytida tergovchilar isbotlay olgan qotilliklarini tan oladi. Nima uchun odamlarni o‘ldirgani haqidagi savolga u «Men askarman, bu mening ishim» deb javob beradi.

«Orexovskiy» jinoiy to‘dasi a’zolarini tergov qilish besh yil davom etadi. «Sasha Soldat» ustidan sud jarayoni 2004 yilda bo‘lib o‘tadi.

Sud majlislarida Pustovalov o‘ldirgan shaxslarning yaqinlari uni qarg‘ashadi, so‘kishadi. Sudyadan unga umrbod qamoq jazo jazosi berilishi talab qilinadi.

Biroq sudya Pustovalov aybini tan olganini va kechirim so‘raganini jazoni yengillashtiruvchi holat deb baholaydi. Natijada «Sasha Soldat» 13 ta qotillikda aybdor deb topilib, 22 yilga ozodlikdan mahrum etiladi.

2005 yilda o‘tkazilgan sud majlisida uning ishi qayta ko‘rib chiqiladi va Pustovalov banditizmda ham aybdor deb topiladi. «Sasha Soldat»ning jazo muddati 23 yilga oshiriladi.

2016 yilda yana bir sud majlisi bo‘lib o‘tadi va «Sasha Soldat» yana to‘rtta qotillikda aybdor deb topilib, sud unga berilgan qamoq jazosiga yana bir yil qo‘shadi. Shunda umumiy jazo muddati 24 yil bo‘ladi.

2021 yilda Aleksandr Pustovalov suddan o‘zini shartli ravishda ozod qilishni so‘raydi. Mahkum voyaga yetmagan farzandi borligini, o‘zi esa anchadan buyon qilgan ishidan pushaymonligini, tarbiyalanib, to‘g‘ri yo‘lga qaytganini, jamiyatga xavf tug‘dirmasligini aytadi. Murojaat «Sasha Soldat» o‘tirgan qamoqxona rahbariyati tomonidan qo‘llab-quvvatlanadi. Hatto ular Pustovalovga «kirishimli, faol va do‘stona» deb ta’rif berishadi.

Ammo sudya qamoqxona ma’muriyatining «Pustovalov tuzalish yo‘liga o‘tgan»i haqidagi dalillarini yetarli emas deb topadi.

Ana shu qaror tufayli omma «Sasha Soldat»ning panjara ortidagi hayoti haqida yangi tafsilotlarni bilib oladi.

Ma’lum bo‘lishicha, Pustovalov qamoqda o‘zini yaxshi tutishni faqat 2017 yilda boshlagan. Bungacha u «jazoni o‘tash tartibini g‘arazli buzuvchi» hisoblanib, qochib ketishga va qamoqxona xodimlariga hujum qilishga moyil shaxs» sifatida qayd etilgan.

So‘nggi yillarda mahbus haqiqatan ham o‘zini tirishqoqlik bilan tutadi, hatto ishlay boshlaydi. Dastlab u marosim jihozlarini yig‘ish bilan, keyinroq sabzavotlarni tuzlash bilan shug‘ullanadi.

O‘zini yaxshi tutgani bilan Aleksandr Pustovalovni muddatidan oldin ozod qilish rad etiladi va u jazo muddatini oxirigacha o‘taydi.

2023 yil 18 noyabrda Aleksandr Pustovalov qamoq muddatini to‘liq o‘tagan bo‘lsa ham bir qator shartlar evaziga ozod qilinadi. Jumladan, politsiya uni keyingi uch yil davomida kuzatib boradi.

Pustovalovga o‘zi yashaydigan shaharni tark etishi yoki tungi vaqtda kvartirasini tark etishi mumkin emas.

G‘ayrat Yo‘ldosh tayyorladi.


arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo