Rossiya Ukrainaga hujum qilayotganda urib tushirilgan «Shohid» kamikadze dronlaridan birida Ukrainaning «Kiyevstar» operatori sim-kartasi topildi. Mutaxassislar uning qanday qilib dronga tushib qolgani va nima uchun kerakligini o‘rganmoqda. Bu haqda Ukraina Qurolli Kuchlari Harbiy-havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat ma’lum qildi.
29 noyabr kuni «Ukraїna najivo» telegram-kanali Ukrainada urib tushirilgan Rossiyaning dronida «Kiyevstar» kompaniyasi sim-kartasi topilgani haqida xabar berdi. Amerika urushni o‘rganish instituti ham ushbu xabarga e’tibor qaratdi. Harbiy tahlilchilarning fikricha, sim-karta rossiyalik harbiylarga «Kiyevstar» mobil tarmog‘i orqali dronni kuzatish va uning parvoz yo‘nalishini o‘zgartirish imkonini beradi.
«Kiyevstar» kompaniyasi bunday hodisalar takrorlanmasligi uchun huquq-tartibot idoralari bilan hamkorlik qilayotganini bildirdi.
«Mutaxassislar buni allaqachon o‘rganishmoqda. Biroq, bu haqda har doim ma’lumot bera olmaymiz», dedi Ukraina Qurolli kuchlari Harbiy havo kuchlari spikeri Yuriy Ignat.
Uning so‘zlariga ko‘ra, mutaxassislar rossiyalik harbiylar Ukraina sim-kartasidan foydalanib, internetga kirish imkoniyatiga ega bo‘lishi va dronlarni boshqara oladimi yoki yo‘qligini o‘rganmoqda.
Ignatning qayd etishicha, Rossiya armiyasi o‘z qurol-yarog‘larini, jumladan, dronlarni takomillashtirmoqda.
«Xususan, [rossiyaliklar] ularni aniqlashni qiyinlashtirish uchun ochiq rangli shohidlarni qora rangga bo‘yashmoqda. Ammo havo hujumidan mudofaa bunday «modernizatsiya» deb ataladigan narsaga allaqachon moslashmoqda va bu o‘z natijalarini bermoqda», dedi Ukraina Qurolli kuchlari vakili.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring