Foto: Getty Images
Daniya parlamenti muqaddas matnlarni tahqirlashni taqiqlovchi qonunni ma’qulladi. U mamlakatda terrorchilik xavfini oshirayotgan «tizimli ta’qiblar»ni to‘xtatish maqsadida qabul qilindi.
Yangi qonunga ko‘ra, «diniy jamoalar uchun muhim bo‘lgan muqaddas matnlarga, shuningdek, muqaddas kitoblarga o‘xshash narsalarga ommaviy ravishda noto‘g‘ri munosabatda bo‘lish jinoyat hisoblanadi». Taqiq «muqaddas matnning kichik bir qismini» o‘z ichiga olgan san’at asarlariga taalluqli emas.
Yangi qonunni buzganlarni jarima yoki ikki yilgacha qamoq jazosi kutmoqda. Qonun kuchga kirishidan oldin uni Daniya qirolichasi Margrete II imzolashi kerak. Qonun yil oxirigacha imzolanishi kutilmoqda.
Reuters agentligiga ko‘ra, birgina 2023 yilda qirollikda 500 dan ortiq marta Qur’on yoqib yuborilgan. Islom Hamkorlik Tashkiloti va uning ko‘plab a’zolari bunday harakatlarni keskin qoralagan edi.
“Zamin” yangiliklarini “Telegram”da kuzatib boring