Foto: AP
Meksikaga olib ketilayotgan yuklarni tekshirish chog‘ida Peru bojxona xodimlari tomonidan musodara qilingan sirli «jasadlar»ning o‘zga sayyoraliklarga aloqasi yo‘q. Bu haqda sud-tibbiyot ekspertlari ma’lum qildi, deb xabar berdi AP.
«Jasadlar» qog‘oz, yelim, metall, inson va hayvon suyaklaridan yasalgan. Shu bilan birga, jarayonda zamonaviy yelim ishlatilgan, ya’ni «jasadlar» qadimgi davrda emas, nisbatan yaqinda yasalgan.
Peru prokuraturasi obyektlarning kimga tegishli ekanini hozircha aniqlagani yo‘q. Biroq, rasmiylar yuk Meksika fuqarosiga yuborilganini ta’kidlamoqda.
«Jasadlar»dan birining qo‘lida uchta barmog‘i bor edi, bu sentyabr oyining boshidagi voqeani eslatadi. Shu vaqtda bir guruh ufologlar jurnalist Xayme Maussan bilan birgalikda Meksika Kongressiga Peruda topilgan «o‘zga sayyoraliklar jasadi» deb nomlangan ikkita obyektni taqdim etgan edi. Ularning ham tishlari yo‘q bo‘lib, qo‘llarida uchta barmoq bor edi.
Maussan «jasadlar»ning yoshi ming yil ekanini ta’kidladi. U ilgari NUJ haqida yolg‘on ma’lumot tarqatish va ba’zi narsalarni «o‘zga sayyoraliklar» sifatida tasvirlashga uringanlikda fosh etilgan. Maussan taqdim etgan «jasadlar»ning yerdan tashqarida kelib chiqqanini Perudagi birorta ilmiy tashkilot tasdiqlamadi.
“Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!