Rossiya prezidenti Vladimir Putin Il-76 samolyotining Belgorod viloyatida halokatga uchrashiga munosabat bildirdi. Bu haqda “RIA Novosti” xabar berdi.
Putin Rossiya rasmiylarining samolyot Ukraina tomonidan urib tushirilgani va bortda harbiy asirlar borligi haqidagi oldingi bayonotlarini takrorladi. U Ukraina razvedkasi Il-76 samolyoti bortida ukrain harbiy asirlari borligini bilganini aytdi.
Rossiya prezidentiga ko‘ra, falokat joyidan topilgan dalillar, samolyot Fransiya yoki AQSH havo mudofaa tizimlari tomonidan urib tushirilganini ko‘rsatmoqda, “bir necha kundan keyin bu aniq bo‘ladi”.
“Ular bizning Il-76 samolyotimizni harbiy xizmatchilari — 65 kishi bilan urib tushirishdi. Axir ularni shunchaki u yerga olib borganimiz yo‘q edi. Ukraina Qurolli kuchlari bosh razvedka boshqarmasi 65 nafar harbiy xizmatchini olib ketayotganimizni bilar edi va jami, menimcha, 190 nafar asirni almashish rejalashtirilgan edi. Buni bilib turib, Ukraina Qurolli kuchlari samolyotga hujum qildi. Buni ataylab qilishdimi yoki xato, o‘ylamasdanmi, bilmayman. Ammo ular buni qilgani aniq”, — dedi u.
Ukraina razvedkasi Rossiya ularni Il-76 da harbiy asirlar borligi, ular Belgorod orqali olib o‘tilishi haqida ogohlantirmaganini ta’kidlamoqda. Kiyev halokatga uchragan samolyot bortida harbiylar bo‘lgani haqidagi ma’lumotni, shuningdek, Moskvaning samolyotda Ukraina harbiylari tomonidan urib tushirilgani haqidagi da’volarini tasdiqlamadi.
Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiy samolyot bilan bog‘liq hodisa bo‘yicha xalqaro tekshiruv o‘tkazilishini talab qildi.
"Hech qanday sharoitda bu “do‘stona o‘t ochish” bo‘lishi mumkin emas edi. Chunki samolyot armiya vositalari bilan emas, havo hujumidan mudofaa tizimi bilan urilgan. Bizning tizimimiz o‘z samolyotiga zarba bera olmaydi. U yerda do‘st-dushman tizimlari mavjud va operator tugmani qanchalik bosmasin, bizning havo hujumidan mudofaa tizimlarimiz ishlamas edi. Texnika. Voqea joyida aniqlangan dalillar esa bu havo hujumidan mudofaa tizimi raketasi ekanini ko‘rsatadi. Ehtimol, bular Amerika Patriot tizimlari yoki Yevropa, ehtimol fransuzlarning havo hujumidan mudofaa tizimlaridir. Bir-ikki kundan keyin aniq bo‘ladi", — deydi Putin.
Shuningdek, Rossiya prezidenti faqat uchuvchilar uchun qayg‘udaligini aytib, Il-76 ishi bo‘yicha tergov natijalari Ukraina xalqi bilishi uchun e’lon qilinishini aytdi.
“Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring