
Foto: Getty Images
Sayyoraning eng badavlat kishisi Ilon Mask va AQSh prezidentligiga Respublikachilar partiyasidan nomzod Donald Trampning ikki soatlik suhbati siyosatchi oʻzi uch yarim yil oldin haydalgan (milliarder Mask uni sotib olishidan oldinroq) platformaga qaytishi bilan birga kechdi.
Muloqot chogʻida Mask amerikaliklarni boʻlgʻusi prezidentlik saylovlarida Trampga ovoz berishga chaqirdi va uning hukumat komissiyasini boshqarish istagiga shama qildi.
Tramp oʻz saylovoldi kampaniyasidagi asosiy tezislarni takrorlab, Jo Bayden ma'muriyatining migratsiya siyosatini tanqid qildi va demokratlar nomzodi Kamala Harrisni «soʻl radikal oyparast» deb atadi.
Sobiq prezident yana bir marta prezidentlikda u boʻlganida Rossiyaning Ukrainaga bosqiniga yoʻl qoʻymagan boʻlishini aytdi va Vladimir Putin hamda Volodimir Zelenskiy bilan suhbatlari haqida esladi.
Intervyuning bir qismini Donald Tramp yaqinda unga uyushtirilgan suiqasdga, shuningdek Amerika iqtisodiyotini davlat tomonidan tartibga solishni qisqartirish rejalariga bagʻishladi. Noqonuniy migratsiya haqida gapirarkan, u AQShda misli koʻrilmagan darajadagi deportatsiya oʻtkazishga va'da bergan.
Texnik nosozlik

Dastlabki yarim soat davomida efirga kirmoqchi boʻlganlar shunday kartinkaga guvoh boʻlishdi
Muloqot Mask egalik qiladigan X (sobiq tvitter) ijtimoiy tarmogʻida oʻtkazilgan. Trampning akkaunti 2021 yilda saytning oldingi egasi tomonidan bloklangandi, bunga uning prezidentlik saylovlaridagi gʻalabasi oʻgʻirlangani haqidagi yolgʻon ma'lumotlarni tarqatishi sabab boʻlgandi.
2022 yilda platformani sotib olgan Mask Trampning akkauntini tiklaydi. Ammo sobiq prezident bu vaqtga kelib oʻzining Truth Social ijtimoiy tarmogʻini yaratishga ulgurgandi va qaytishga shoshilmagandi.
Biznesmen va siyosatchi oʻrtasida oʻshanda alohida simpatiya yoʻq edi. Mask koʻproq Florida gubernatori, praymerizda Trampga raqiblik qilgan boshqa bir respublikachi Ron Desantisga moyillik bildirgan va unga oʻz ijtimoiy tarmogʻida jonli efirdagi muloqotlar koʻrinishida prezidentlik kampaniyasini yoʻlga qoʻyishni taklif etgandi. Ammo bu urinish koʻplik texnik nosozliklar bilan kechdi, Tramp esa oʻzining ijtimoiy tarmogʻida raqiblarini masxara qildi.
De Santisning saylov platformasini siyosatshunoslar «Trampsiz trampizm» deb atashgan: xuddi shunday mafkura, faqat mojarolarsiz, xaossiz va siyosiy teatrsiz. Ammo saylovchilar originali dublikatidan afzalroq deb topishdi, Tramp respublikachilar praymerizida osonlik bilan gʻalabaga erishib, yana oʻz partiyasi nomzodiga aylandi.
Shundan keyin Mask rasman Trampni qoʻllab-quvvatladi va endi AQSh sobiq prezidenti X tarmogʻidagi texnik nosozliklarni oʻzida his qilib koʻrdi.
Trampning Mask bilan suhbati qirq daqiqalik kechikish bilan boshlandi, buni platforma egasi DDoS-hujum bilan izohladi. Ayrim ekspertlar uning bu versiyasini shubha ostiga olishgan, chunki bu vaqtda X odatdagidek ishlab turgandi.
Mask efirni bu qarshi javoblar qoʻyiladigan intervyu emas, oddiy suhbat ekani haqidagi tushuntirish bilan boshladi. Va Trampdan yaqinda roʻy bergan suiqasdni qanday ortda qoldirgani haqida soʻzlab berishni soʻradi.
Shundan keyin tadbirkor muloqot ustidan nazoratni susaytirdi va Tramp oʻzining sevimli mavzularida erkin gapirishga oʻtdi. U Mask va tinglovchilarga uning prezidentligi davrida noqonuniy migratsiya va jinoyatchilik darajasi hozirgidan ancha kam boʻlgani, Amerika fuqarolari esa oʻzlarini farovonroq his etishganini eslatib oʻtgan.
Mask bu gapga diqqat bilan quloq solib turgan va qoʻshilgan, izoh berishga hamda faktlarni tekshirishga harakat qilmagan, holbuki rasmiy statistika koʻrsatishicha, migratsiya darajasi chindan ham Tramp boshqaruv davrida ancha kam boʻlgan boʻlsa-da, jinoyatchilik darajasi soʻnggi yillarda pasaygan, AQSh iqtisodiyoti esa oʻsgan.
Tramp shuningdek respublikachilar qurultoyi chogʻida ishlatishga ulgurgan hazilini takrorlagan. Oʻshanda u agar demokratlar saylovlarda gʻalaba qozongudek boʻlsa, keyingi qurultoyni Venesuelada oʻtkazishga toʻgʻri kelishi, chunki barcha venesuelalik jinoyatchilar AQShga kelayotganini aytgandi. Bu oqshom u xuddi shu soʻzlarni takrorladi.
«Unda umuman IQ yoʻq boʻlishi ham mumkin»

Donald Tramp Ilon Mask bilan intervyu vaqtida Floridadagi Mar-a-Lagodagi qarorgohida, 2024 yil 12 avgust
Margo Martin / X / Reuters / Scanpix / LETA
Sobiq prezident Baydenning tashqi siyosatini ham qattiq tanqid qilib, buni «soʻligan siyosat» deb atadi.
Trampning nazarida AQShning ittifoqchilari ham, dushmanlari ham surbetlik bilan Amerikaning hozirgi prezidentining zaifligidan foydalanmoqda: Evropa Amerika mahsulotlari uchun tariflarni oshirmoqda, Eron Hamasga Isroil bilan jang qilishda yordam koʻrsatmoqda, Putin esa Ukrainani egallab olishga urinmoqda.
Tramp amaldagi prezidentni u RF qoʻshinlarining keng koʻlamli bosqini boshlanishidan oldin Ukraina NATO a'zosi boʻlishi mumkinligi haqida gapirgani uchun tanqi qilgan.
«Men ketganimda, ular Ukraina bilan chegarada katta armiya toʻplay boshladi, toʻgʻrimi? Va men bunga qarab, Putin muzokara qilishni bilgani uchun shunday qilayotgani haqida oʻyladim. Men oʻyladimki, u muzokaralar oʻtkazish uchun shunday qilmoqda. Ammo keyin Bayden ahmoqona narsalarni gapira boshladi. Masalan, u Ukraina NATO mamlakati boʻlishi mumkinligini aytdi. Rossiya esa, NATO tashkil etilganidan buyon shu gapni aytib keladi: «Biz hech qachon bunga rozi boʻlmaymiz». Biz esa shunday dedik».
Tramp AQShning bunday bayonotiga mamlakatni «IQ darajasi past, juda past prezident» boshqargani sabab boʻlganini aytgan. «Darvoqe, unda 30 yil oldin ham IQ darajasi past edi. Ammo hozir unda umuman IQ boʻlmasligi ham mumkin», — degan Tramp.
AQSh prezidentligiga nomzod Rossiya amerikaliklar bilan birgalikda Ikkinchi jahon urushida Germaniya ustidan gʻalaba qozongani, shuningdek Napoleon qoʻshinlarini engganini aytgan. Uning fikricha, Rossiya «kuchli jang qilish»ni biladi.
Intervyu vaqtida u AQSh prezidenti ekanida Putinni Ukrainaga hujum qilishdan qaytarib qolgani haqida gapirgan.
«Men Putinni juda yaxshi bilaman, biz u bilan yaxshi til topishgandik. U meni hurmat qilardi. Va men Vladimir Putinga aytdim: «Bunday qilma. Sen buni qila olmaysan, Vladimir. Agar sen bunday qilsang, yomon kunlar boshlanadi. Buni qilma». Va men uning harakatiga javoban nima qilishimni aytdim. U esa dedi: «Bunday boʻlishi mumkin emas». Men esa dedim: «Mumkin». Va bilasizmi, bu bizning soʻnggi suhbatimiz boʻlgandi. [agar men prezident boʻlib qolganimda] u hech qachon bu ishni qilmagan boʻlardi… Men u bilan yaxshi til topishgandim. Umid qilamanki, hozir ham shunday boʻladi. Men Kim Chen In bilan ham til topishganman».
Tramp shuningdek oʻzi tomonidan Rossiyaning Nord Stream 2 gaz quvuriga qoʻyilgan sanktsiyalar haqida va bu Evropada Amerika gaziga talabni oshirgani haqida gapirgan. Tramp shuningdek Bayden oʻz inauguratsiyasidan keyin bu sanktsiyalarni bekor qilganini eslatgan.

Mask avval demokratlarni qoʻllagan, ammo Tramp tarafdoriga aylangan. Foto: Reuters
«Zelenskiy menga olijanoblik qilgan»
Tramp Ukrainadagi urush borasida gapirarkan, urush koʻplab odamlar hayotiga zomin boʻlgani, ikki tomondan ham yarim milliondan askar halok boʻlganini aytdi (ekspertlarning baholashicha, qurbonlar soni ancha kamroq).
U shuningdek ukrain armiyasiga erkaklar etishmayotgani, shu tufayli yoshlar va keksa yoshli erkaklar safarbar qilinayotgani (aslida, Ukrainada muddatli harbiy xizmatga chaqiruv yoshi 25 dan boshlanadi) haqida gapirgan.
«Men Zelenskiyni bilaman. U menga katta hurmat bilan munosabatda boʻlgan», – degan Tramp 2020 yilgi impichment jarayoniga ishora qilib, oʻshanda AQSh Kongressidagi demokratlar Trampning Zelenskiy bilan telefon qoʻngʻirogʻiga asoslanib, prezidentni hokimiyatdan chetlatishga uringandi, Zelenskiyni esa tomonlardan hech biri oʻziga ogʻdira olmagandi.
Joriy yil avgustida Trampning eng yaqin maslahatchilaridan biri Kelienn Konuey rasman Ukraina manfaatlari lobbichisi sifatida roʻyxatdan oʻtdi. U ukrainalik milliarder Viktor Pinchukdan oyiga 50 ming dollar oladi.
AQSh uchun «Temir gumbaz» haqida
Shuningdek, Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Xitoy rahbari Si Jinping bilan doʻstona munosabatlari haqida bir necha bor ta'kidlagan Tramp, agar Oq uyga qaytsa, AQShda oʻzining «Temir gumbaz»ini yaratishini aytdi. Ushbu havo hujumidan mudofaa tizimi Isroilnikiga oʻxshagan boʻladi. Mask bilan suhbat chogʻida u, shuningdek, Putin, Si va Shimoliy Koreya hukmdori Kim Chem In «oʻz oʻyinlarining boshida turgani»ni ta'kidladi.
Ukrainadagi urushni izohlar ekan, Tramp oʻzidan koʻra «hech kim bundan koʻproq tashvishlanmasligini» ta'kidladi. AQSh va Evropa Ittifoqining Kievga koʻrsatayotgan yordami haqida gapirib, u Vashington bu yordamni kamaytirishi bilan tahdid solmadi, balki EI yordamini oshirishni toʻgʻri deb bilishiga shama qildi.
«Men savol beryapman: nega xarajatlarni tenglashtirmaysiz?» Nega ular biz kabi koʻp pul toʻlamaydi? – dedi Tramp. – Nega Qoʻshma Shtatlar Evropadan koʻra nomutanosib ravishda koʻproq pul beryapti, bu adolatdan emas va bu bilan shugʻullanish kerak».
«Yadroviy isish» tahdidi
Tramp KXDR etakchisi bilan uchrashuvini oʻzining diplomatik talanti belgisi deb koʻrsatadi. Foto: AFP
Mask Trampga iqlim oʻzgarishi boʻyicha pozitsiyasini tushuntirishga bir necha bor urinib koʻrdi. Uning nazdida, dunyoga iqlim falokati tahdid solmaydi, neft sanoatidan iblis yasamaslik, uglekislorod gazlari chiqindilarini quyosh va yadroviy energiyaga oʻtish orqali kamaytirish kerak.
Tramp bu mavzuga qiziqish bildirmadi, faqat global isish xavfi boʻrttirib yuborilganini, ammo «yadroviy isish» xavfi haqida gapiruvchilar juda kamligini aytdi. U bu orqali AQSh va uning ittifoqchilarining Rossiya, Xitoy va Shimoliy Koreya bilan qarama-qarshiligi, shuningdek Eronda yadroviy qurol yaratilishi ehtimolini nazarda tutgan. Va Baydenning siyosati uchinchi jahon urushiga olib kelishi mumkinligini ta'kidlagan.
Mask unga qoʻshilgan: uchinchi jahon urushi xavfi reallashgan, AQSh prezidenti oʻzini hurmat qilishlari uchun qoʻrqituvchi figura boʻlishi lozim.
Tramp davom ettirishni istamagan boshqa bir mavzu — inflyatsiyani toʻxtatish uchun byudjet xarajatlarini keskin qisqartirish zarurati haqida edi. «Men bunday komissiyaga yordam berishdan mamnun boʻlardim», — degan Mask. Tramp esa Mask xarajatlarni qisqartirishni barchadan yaxshiroq uddalashini aytib, uni kompaniya xodimlarini ishdan boʻshatishdagi qat'iyligi uchun maqtagan. Va darhol mavzuni oʻzgartirgan.
Raqib almashuviga qiyin moslashuv

Kamala Harris Trampdan 18 yoshga kichik, sobiq prezidentning Baydenga moslab tayyorlangan strategiyasi unga toʻgʻri kelmaydi
Foto: Reuters
X ijtimoiy tarmogʻiga qaytish Tramp uchun saylovoldi kampaniyasidagi murakkab davrga toʻgʻri keldi. U bir necha yildan buyon Baydenga qarshi revanshga tayyorlangandi va respublikachi nomzod ishonchliroq qatnashgan debat, Tramp suiqasdni boshdan kechirishi hamda ijtimoiy soʻrovlardagi ustunlik fonida saylov taqdiri oldindan hal boʻlgandek koʻrina boshlagandi.
Ammo Demokratik partiya nomzodi oʻzgarishi Trampning rejalarini barbod qildi va soʻnggi soʻrovlar koʻrsatishicha, Harris aholisi turli yillarda demokratlar uchun ham, respublikachilar uchun ham koʻproq ovoz bergan uchta muhim shtatda ustunlik qilmoqda: Viskonsin, Pensilvaniya va Michigan.
Trampning saylov shtabi hali Harrisga qarshi ishonchli hujum strategiyasini ishlab chiqmadi, nomzodning oʻzi esa hozircha u avval Hillari Klinton va Bayden uchun oʻylab topganidek kamsituvchi laqab oʻylab topa olmadi.
Tramp endi ijtimoiy soʻrovlarda ustunlik qilayotgani, endi saylovda gʻolib boʻlish uchun undan intizom va aniq pozitsiya talab etilishini anglab etgani yoʻq, deya yozadi Wall Street Journal (nashrning ekspertlar boʻlimi azaldan respublikachilarni qoʻllab kelgan).
2016 yilda Tramp prezidentlik poygasiga dengiz ortidagi adoqsiz urushlarni yakunlash, oddiy xalqdan uzilib qolgan elitaga qarshi kurashish va ishchilar sinfini korporatsiyalar ochkoʻzligidan himoya qilish mavzulari bilan kirgandi.
Oldingi respublikachi nomzodlardan farqli oʻlaroq, u professional siyosatchining teskarisi — Amerikaning buyukligini tiklamoqchi boʻlgan, Vashingtondagi korrupatsiya «botqogʻini quritish»ga bel bogʻlagan va siyosiy ehtiyotkorlik haqida qaygʻurmaydigan biznesmen teleyulduz edi.
Toʻqqiz yil oʻtib Tramp professional siyosatchiga aylandi, endi u koʻproq oʻzi haqida gapirib, oʻzini jodugar ovi qurboni sifatida taqdim etmoqda — soʻnggi yillarda unga qarshi qator jinoiy ishlar ochilib, sud jarayonlari oʻtkazildi.
«Bu dahshatli narsa, mamlakatimiz tarixida hech qachon bunaqasi boʻlmagan. Bunaqasi banan respublikalarda, uchinchi dunyo mamlakatlarida boʻladi», – degan Tramp Mask bilan muloqotda.
Xayrlashuv chogʻida Tramp maydon taqdim etgani uchun biznesmenga minnatdorchilik bildirgan va hazillashib uning chiqishi uchun pul toʻlangan-toʻlanmaganini soʻragan. Mask kulib yuborgan.
«Siz – farovonlik sari yoʻlsiz, Kamala esa – yoʻq», – degan Mask barchani respublikachilar nomzodiga ovoz berishga chaqirgan holda.
Suhbat davomida Tramp Kamala Harrisni «uchinchi darajali», «qobiliyatsiz» va «soʻl radikal» deb atadi. Tramp uning Bayden oʻrniga Demokratik partiyadan nomzod boʻlishini «toʻntarish» deb baholagan.
Harrisning saylovoldi shtabi vakili Jozef Kostello ularning uchrashuvi yakunlari boʻyicha istehzo bilan bayonot bergan: «Trampning butun kampaniyasi Ilon Mask yoki uning oʻziga oʻxshagan odamlarga xizmat qiladi. Oʻrta sinfga xiyonat qilgan, 2024 yilda jonli efirni tashkil qila olmagan, oʻzini sevuvchi boy odamlar». “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar