14:51 / 20.08.2024
115

Trampning saylovoldi kampaniyasiga kimlar homiylik qilmoqda?

Trampning saylovoldi kampaniyasiga kimlar homiylik qilmoqda?
Foto: Getty images
Bugungi kunda Trampning eng yirik homiylari bo‘lgan 26 nafar milliarder (umumiy hisobda qariyb 143 milliard dollarga egalik qiladi) saylovoldi kampaniyasiga 162 million dollar ajratdi.

Bizga yirik biznesdan cho‘ntagini qappaytirishni o‘ylaydigan yetakchi emas, balki oddiy ishchilar oldida javob beradigan odam kerak”, — degandi Respublikachilar partiyasining iyul oyidagi Milliy qurultoyida vitse-prezidentlikka nomzod Jey Di Vens. “Ko‘p millatli korporatsiyalarga sotilmaydigan, aksincha Amerika kompaniyalari va sanoatining manfaatlarini himoya qiladigan rahbar zarur”.

Ayni paytda AQSH Federal saylov komissiyasining rasmiy hujjatlarida boshqa narsani ko‘rish mumkin. Tramp va Vens nomzodlari Qo‘shma Shtatlarning ko‘plab eng badavlat odamlari, jumladan, Amerikaning qator yirik korxonalari asoschilari va rahbarlari tomonidan qo‘llab-quvvatlanmoqda.

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy harakatlar qo‘mitalariga allaqachon 26 milliard dollarlik mablag‘ xayriya qilingan — har biriga 1 million dollardan ko‘proq to‘g‘ri keladi. Sobiq prezidentning milliardlab dollarlik aktivlarga ega 26 nafar eng yirik donorlaridan 16 nafari xususiy, aksariyati, oilaviy korporatsiyalardan boylik orttirgan. Ularning ko‘pchiligi, masalan, ABC Supply rahbari Diana Hendriks, Uline rahbari Elizabet va Dik Yulayn asosiy faoliyatini AQSHda olib borayotgani va amerikaliklar uchun ish o‘rinlari yaratayotganidan ochiqdan-ochiq faxrlanadi.

Donorlar ro‘yxatida Johnson & Johnson sulolasi avlodi Vudi Jonson va kazino magnati Sheldon Adelsonning bevasi Miriam Adelson kabi bir qancha merosxo‘rlar ham bor. Ammo ularning aksariyati (26 donordan 22 nafari) ko‘p milliardli imperiyalarni o‘z kuchi bilan qurgan.

Saylov yilida pullar daryodek oqyapti. Ikki oy oldin Forbes USA sobiq prezidentning asosiy xayriyachilarini aniqlashni boshlagandi, o‘shandan beri Adelson reytingda yuqoriga ko‘tarilib kelmoqda: may oyi oxirida sovg‘a sifatida katta mablag‘ ajratgan ayol hozir to‘rtinchi o‘rinda (aytishlaricha, u qo‘shimcha xayriya rejalarini tuzyapti, buning natijasida ro‘yxatning cho‘qqisiga ko‘tariladi). Bundan tashqari, birja boshqaruvchisi Jeff Spreker va uning rafiqasi, sobiq senator Kelli Lefler ilk bor top o‘ntalikka qo‘shildi. Hendriks ham to‘rtinchi o‘rindan uchinchi o‘ringa ko‘tarildi. Shu munosabat bilan “Nyu York Jets” egasi Vudi Jonson va los anjeleslik ko‘chmas mulk magnati Jeffri Palmer yuqori o‘ntalikdan chiqishdi.

Reytingdagi besh donor xayriya mablag‘larini America PAC nomli yangi siyosiy harakatlar qo‘mitasi hisobiga o‘tkazgan, qo‘mita tashkil etilishida Ilon Maskning hissasi bor (bu haqda uning o‘zi aytgan). May oyida tuzilgan birlashma Trampning joylardagi maslakdoshlari ishiga va SMS-xabarlarga deyarli 8 million dollar ajratdi. Ko‘plab ommaviy axborot vositalari Mask tashkilotga oyiga 45 million dollar va’da qilgani haqida xabar berishdi, ammo uning o‘zi tashkilotni qo‘llab-quvvatlashni kamaytirishini aytgan. Tesla asoschisi hozircha reytingga kiritilmagan, ammo ro‘yxatda uning eski do‘sti va investor Antonio Grasias bor, u iyun oyida America PAC foydasiga 1 million dollar o‘tkazgan.

Forbes Trampning 10 ta eng yirik donori haqidagi ma’lumotlar bilan bo‘lishdi:

1. Timoti Mellon — 76,5 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriyalar: 76,5 million dollar
Umumiy boyligi: qariyb 1 milliard dollar.

Mellon o‘z shaxsiyati haqidagi ma’lumotlarni odamlardan sir tutishga urinadi. Shunga qaramay, bu galgi saylovoldi kampaniyasida aynan Mellon barchani ortda qoldirdi.

Tadbirkor bir asrdan ortiq tarixga ega Amerika biznes imperiyasining merosxo‘ri, lekin o‘zi ham temiryo‘llarda ishlab, mo‘may pul topgan. Mellon Trampni qo‘llab-quvvatlovchi siyosiy harakatlar qo‘mitasiga 75 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi (bunga sobiq prezidentga jinoyat ishi bo‘yicha ayblov hukmi chiqarilganidan keyingi kun 50 million dollar miqdorida berilgan hadya ham kiradi). Shuningdek, u kichik Robert Kennedini qo‘llab-quvvatlashga yana 25 million dollar yo‘naltirdi.

2. Linda Makmen (Vins Makmenning rafiqasi) — 16 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 16 million dollar
Umumiy boyligi: 3,1 milliard dollar.

Turmush o‘rtog‘i Vins (hozirda jinsiy zo‘ravonlikda ayblanmoqda) bilan birga Linda Makmen WWЕ'dan (World Wrestling Entertainment) milliardlab dollarlik aylanmaga ega ko‘ngilochar gigant yaratgan. Uning siyosat dunyosiga kirganiga ko‘p yillar bo‘ldi: 2010 va 2012 yillarda Lindaning Konnektikutdan senatga nomzodi muvaffaqiyatsizlikka uchradi, Tramp davrida u Kichik biznes bo‘yicha boshqarmaga rahbarlik qildi. Ayol haligacha MAGA (Make America Great Again yoki “Amerikani yana buyuk qilamiz” — Tramp kampaniyasi shiori) harakatining “yuragi”ga yaqin shaxslardan hisoblanadi.

Bugungi kunda u America First Policy Institute tahliliy markazi boshqaruv kengashi raisi, Trump Media & Technology Group (Truth Social ijtimoiy tarmog‘i bosh kompaniyasi) direktorlar kengashi a’zosi. Ayol Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun turli siyosiy qo‘mitalarga 15 million dollardan ortiq xayriya qilgan.

3. Richard va Elizabet Yulayn — 10 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 10 million dollar
Umumiy boyligi: 6 milliard dollar.

Liz va Dik Yulayn respublikachilar partiyasining eng saxiy donorlaridan bo‘lib, har safar o‘n millionlab dollar sarmoya kiritadi. Juftlik 1980 yillarda o‘z uyi yerto‘lasida Uline qadoqlash materiallari ishlab chiqarish korxonasini tashkil etgan. Hozirda kompaniyaning yillik daromadi 6 milliard dollardan oshadi. Kompaniyada prezident lavozimini egallab turgan Liz ko‘pincha siyosiy tusdagi bayonotlar bilan chiqadi. 2021 yilda u Trampning “Amerika hamma narsadan ustun” tamoyiliga asoslangan savdo siyosatini ma’qullagan va birja kompaniyalarini “o‘z aksiyalari narxi haqida haddan tashqari qayg‘urishda” ayblagandi. Vaholanki, Yulaynlar o‘z biznesiga to‘liq egalik qiladi. Ular siyosiy qarashlarini ochiqchasiga namoyish etishi va respublikachilar tashabbuslariga millionlab dollar sarflashi mumkin.

4. Diana Hendriks — 6,3 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 6,3 million dollar.
Umumiy boyligi: 20,9 milliard dollar.

Sobiq ofitsiant, eng boy amerikalik ayol maqomiga sazovor bo‘lgan Diana iyul oyida Viskonsindagi respublikachilarning Milliy qurultoyida abortlarga qarshi chiqdi hamda Bayden va Harris ma’muriyatini tadbirkorlik faoliyatiga to‘sqinlik qilishda aybladi. Hozirda uning kompaniyasi — qurilish materiallari ishlab chiqaruvchi ABC Supply yiliga 20 milliard dollar daromad qiladi.

Men kompaniyani noldan boshlash qanchalik qiyinligini bilaman”, — dedi u. “Bizga buni tushunadigan prezident ham kerak”.

Tadbirkor bu rolga Tramp juda mos kelishiga qat’iy ishonmoqda, shu sababdan u tashkilotlarga uni qo‘llab-quvvatlash uchun 6 million dollardan ortiq mablag‘ ajratdi.

5. Miriam Adelson — 5,8 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriyalar: 5,8 million dollar
Umumiy boyligi: 27,8 milliard dollar.

Kazino magnati va Respublikachilar partiyasining uzoq yillik megadonori Sheldon Adelsonning bevasi Miriam Isroilda tug‘ilgan, u ilgari shifokor bo‘lib ishlagan. Hozirda u Las-Vegas Sands qimor imperiyasi va “Dallas Maveriks” NBA jamoasining nazorat paketiga egalik qiladi. 2020 yilda Adelsonlar respublikachilar tashabbuslariga 220 million dollar xayriya qilishdi; 2021 yilda Sheldon vafotidan keyin ham Miriam katta miqdorda pul berishda davom etmoqda. The New York Times gazetasining xabar berishicha, Adelson Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun 90 million dollardan ortiq sarmoya kiritishni rejalashtirmoqda (hozirgacha u atigi 5,8 million dollar bergan), lekin bir nechta shart evaziga: “kamroq pafosga berilish” va “iqtisodni muhokama qilishda biznezga yaqin bo‘lish”.

Miriam rejadagi summaning hammasini bermasligi mumkin, boisi u Tramp bilan bir qator g‘azabli xabarlar almashgani aytilmoqda.

6. Kelsi Uorren — 5,8 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 5,8 million dollar.
Umumiy boyligi: 6,2 milliard dollar.

Uorrenning Energy Transfer kompaniyasi Shimoliy va Janubiy Dakota, Ayova va Illinoys shtatidagi mojaroli neft quvuri bilan tanilgan. Tramp prezident sifatidagi birinchi muddatida mazkur quvur qurilishiga yordam bergan. 2016 yilda Uorren Tramp nomzodini qo‘llab-quvvatlash uchun 100 ming dollar xayriya qilgan, 2020 yilda yana 11 million dollardan ortiq mablag‘ ajratgan. Bu safarga saylov uchun biznesmen qariyb 6 million dollar sarfladi, o‘tgan yili u Florida gubernatori — Trampning partiya ichidagi asosiy raqibi Ron de Santisga ham pul bergandi.

7. Timoti Dann — 5 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 5 million dollar
Umumiy boyligi: 2,2 milliard dollar

Ayrim manbalarga ko‘ra, may oyida o‘tkazilgan uchrashuvlardan birida Tramp neftchilarni umumiy xayriya miqdorini 1 milliard dollarga ko‘paytirishga chaqirgan, ammo Danndan pul so‘rab o‘tirish shart emas. Dekabr oyida u Trampni qo‘llab-quvvatlovchi super siyosiy aksiya PAC'ga 5 million dollarlik chekni shunchaki yozib berdi. Dannning CrownQuest Operating kompaniyasi bosh qarorgohi Texasning g‘arbiy qismida joylashgan bo‘lib, Qo‘shma Shtatlardagi eng yirik xususiy neft kompaniyalaridan biri hisoblanadi. 2016 yilda tadbirkor Trampning saylovoldi kampaniyasini moliyalashtirmagandi, biroq 2020 yilda u xayr-ehson qilishni boshladi va joriy saylov poygasida Tramp hamda boshqa respublikachilarga katta summadagi mablag‘larni topshirishga kirishdi.

8. Jeff Spreker va Kelli Lefler — 4,9 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 4,9 million dollar
Umumiy boyligi: 1,1 milliard dollar

Lefler siyosiy kampaniyalar qanchalik qimmatga tushishini oldindan biladi: u 2020 yilda Jorjiya Senatiga o‘z nomzodini qo‘yish uchun 92 million dollar yig‘gandi, ammo baribir Rafael Uornokka yutqazdi. U xayriya ishlarini siyosatchilikdan ancha oldin boshlagan. Lefler o‘n yildan ko‘proq vaqt davomida respublikachilarga katta miqdorda pul o‘tkazgan bo‘lsa-da, 2020 yilda u juda qisqa muddatga Jorjiyadan vakil sifatida Senatda o‘rinni egalladi. Uning turmush o‘rtog‘i Jeff Spreker Nyu-York fond birjasiga egalik qiladi, shuningdek u Lefler bir paytlar yuqori lavozimli direktor bo‘lib ishlagan Intercontinental Exchange asoschisi. Juftlik birgalikda Trampni qo‘llab-quvvatlash uchun 5 million dollarga yaqin mablag‘ ajratganini aytadi. Ular yanada ko‘proq mablag‘ ajratish niyatida. O‘tgan dam olish kunlarida Lefler va Spreker Koloradodagi mablag‘ yig‘ish marosimida Tramp qo‘mitasiga qo‘shimcha 170 000 dollar xayriya qildi.

9. Fil Raffin — 3,3 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriya: 3,3 million dollar
Umumiy boyligi: 2,6 milliard dollar

Raffin Trampning muhim donori, bundan tashqari ular biznes hamkor va yaqin do‘st. Ular birgalikda Las-Vegasdagi Trump International mehmonxonasiga egalik qiladi. Mar-a-Lagoda Raffin ukrainalik Aleksandra Nikolayenkoga uylanganda Tramp unga kuyovjo‘ralik qilgan. Raffin 2016 yildan beri Trampning maslakdoshi, 2024 yilda bu do‘stlik yanada qalinlashdi. U joriy poygada Trampning siyosiy harakatlar qo‘mitalariga 3,3 million dollar xayriya qildi, bu avvalgi ikki kampaniyaga hadya qilingan summadan ko‘proq.

10. Jimmi Jon Lioto —3,1 million dollar

Trampni qo‘llab-quvvatlovchi guruhlarga xayriyalar: 3,1 million dollar
Umumiy boyligi: 2,4 milliard dollar

Jimmi Jonning Illinoys shtatidagi garajida tashkil etilgan sendvich tayyorlash biznesi hozirda 2600 ta filialga ega imperiyaga aylangan. 2016 yilda u biznesning katta qismini xususiy sarmoya firmasiga sotdi. O‘shandan beri u rafiqasi Lesli bilan siyosatga ko‘proq qiziqa boshladi. Lesli Trampni 2016 va 2020 yillardayoq qo‘llab-quvvatlagan, biroq tadbirkorning o‘zi unga endigina qo‘shildi. Jimmi Jon qisqa muddatda Trampni qo‘llab-quvvatlovchi uyushmalarga 2,8 million dollar, Lesli esa 250 ming dollar xayriya qildi.

arenda kvartira tashkent


Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Trampning saylovoldi kampaniyasiga kimlar homiylik qilmoqda?