Foto: EPA
AQSH prezidentligiga nomzodlar Kamola Harris va Donald Tramp o‘rtasidagi ilk debat bo‘lib o‘tdi. Siyosatchilarning teledebati ABC News telekanalida jonli efirda namoyish etildi.
Debatning birinchi qismi va ABC boshlovchisi Devid Myur tomonidan berilgan birinchi savol iqtisodiyotga bag‘ishlandi.
“Amerikaliklar to‘rt yil oldingidan yaxshiroq yashayotganiga ishonasizmi?” deb so‘radi u.
Harris birinchi bo‘lib javob berdi va “imkoniyatlar iqtisodiyoti”ni yaratishni rejalashtirayotganini aytdi. U uy-joy narxi muammosini hal qilishga, yosh oilalar va kichik biznesga yordam berishga va’da berdi. Trampning aytishicha, demokratlar to‘rt yil ichida iqtisodiyotni yo‘q qilgan, Harris esa Baydenning iqtisodiy dasturini shunchaki ko‘chirgan.
“Donald Tramp bizni Buyuk depressiya davridan beri eng yomon ishsizlik bilan qoldirdi. Biz (demokratlar) qilgan barcha ish — Donald Tramp tomonidan yaratilgan tartibsizlikni bartaraf etishdir”, dedi Harris.
“Sharmandali” Tramp va “marksist” Xarris
Nomzodlar bir-birlarini bir necha bor yolg‘onchilikda aybladi. Debat boshida Harris tomoshabinlar Trampdan “yolg‘onlar, shikoyatlar va haqoratlar to‘plamini” eshitishlarini aytdi.
Foto: CNN
Tramp Kamala Harrisni “marksistka” deb atab, uning faoliyatini otasi, Stenford universitetining sobiq iqtisodchisi ishi bilan bog‘lashga urindi.
“Agar u qachondir saylanib qolsa, hamma narsani o‘zgartirib yuboradi. Bu mamlakatimiz uchun halokatli bo‘ladi. U marksist, buni hamma biladi. Uning otasi iqtisod sohasidagi marksist professor, va u qizini yaxshi o‘qitgan”, dedi Tramp.
Xarris sobiq prezidentga murojaat qilib va uning gaplarini sharhlayotib, “sharmanda” so‘zini bir necha bor ishlatdi.
“Jahon yetakchilari Donald Tramp ustidan kulishmoqda. Men harbiy rahbarlar bilan suhbatlashdim, ularning ba’zilari siz bilan ishlagan va ular sizga sharmanda deb ta’rif berdi”, dedi Harris.
“Putin sizni tushlikka yeydi”
Reklama tanaffusidan so‘ng, suhbat Ukrainadagi urush mavzusiga o‘tdi. Tramp urush tugashi zarurligini va bunga erisha olishini ta’kidladi. U Rossiya prezidenti Vladimir Putin va Ukraina prezidenti Vladimir Zelenskiyni yaxshi tanishini bildirdi.
“Ular meni hurmat qilishadi, Baydenni esa hurmat qilishmaydi. Nega hurmat ham qilishsin?”, dedi u.
Xarris bunga javoban Trampga saylovda u Bayden bilan emas, balki u bilan bellashayotganini eslatib o‘tdi.
“NATOdagi ittifoqchilarimiz siz endi prezident emasligingizdan juda minnatdor. Agar Donald Tramp prezident bo‘lganida, Putin hozir Kiyevda o‘tirib, Yevropaning qolgan qismiga, avvalo Polshaga ko‘z tikkan bo‘lardi”, dedi u.
Shuningdek, Harris Rossiya prezidentini “Trampni tushlikka yeb qo‘yadigan diktator” deb atadi.
Foto: Getty Images
Sobiq prezident esa Harrisni “tarixdagi eng yomon vitse-prezident” deb atadi va u bu lavozimida urushning oldini olishga qodir bo‘lmaganini aytdi.
“Men bu urushning to‘xtashini, millionlab odamlar o‘lmasligini istayman. Biz Ukrainaga Yevropadan ko‘ra ko‘proq pul berdik. Agar qarasangiz, raqam juda katta... Yevropa to‘lamaydi, biz to‘layapmiz. Bayden Yevropadan pul talab qilishga jur’at eta olmaydi. 250 milliard, keyin 280 milliard”, dedi Tramp.
“U saylovda g‘alaba qozonganidan keyin 24 soat ichida Ukrainani topshiradi. Agar bizning yordamimiz bo‘lmaganda, Putin allaqachon Kiyevda o‘tirgan bo‘lardi. Biz Zelenskiy va uning qo‘shinlariga yordam beramiz, aks holda Putin qo‘shinlari Polshada bo‘ladi”, dedi Kamala Harris.
Nomzodlar yana nimalarni muhokama qildi?
Migratsiya: Migratsiya haqida gapirar ekan, Tramp AQSHda noqonuniy migrantlar tufayli xavfsizlik bilan bog‘liq vaziyat yomonlashganini ta’kidladi. U buning uchun aybni Bayden — Harris ma’muriyatiga to‘nkab, ular mamlakatga “millionlab muhojirlar va jinoyatchilarni” kiritganini aytdi.
“Bizda jinoyatchilikning yangi shakli paydo bo‘ldi, u migrantlar jinoyati deb ataladi va u hech kim o‘ylamagan miqyosga ega bo‘lmoqda”, dedi Tramp. Uning fikricha, AQSHga kuchli chegara va mustahkam devorlar kerak.
Trampga qarshi ayblovlar: Kaliforniyaning sobiq bosh prokurori Harris, Trampning “migrantlar jinoyatlari” haqidagi gapiga javoban, uning jinoiy o‘tmishi masalasini ko‘tardi.
“Bu so‘zlar milliy xavfsizlikka qarshi jinoyatlar, iqtisodiy jinoyatlar va saylovlarga aralashish uchun ta’qib qilinayotgan odam tomonidan aytilmoqda”, dedi u.
Bunga javoban sobiq prezident o‘ziga qarshi barcha ishlar soxta ekanini ta’kidladi.
Kapitoliyga hujum: Tramp o‘tgan saylovlarda mag‘lub bo‘lganini tan olishdan bosh tortdi va 2021 yil 6 yanvarda Kapitoliyga hujum qilganidan hech narsadan afsuslanmasligini aytdi.
“Men deyarli 75 million ovoz oldim, bu har qanday amaldagi prezidentga qaraganda ko‘proq ovoz”, dedi u.
Shuningdek, Vakillar palatasining sobiq spikeri Nensi Pelosini Kapitoliyga hujum paytida xavfsizlik bilan bog‘liq muammolarda aybladi.
Isroilning HAMAS bilan urushi: Harris ushbu masala bo‘yicha oldingi bayonotlarining ba’zilarini takrorladi va Isroil o‘zini o‘zi himoya qilish huquqiga ega, ammo buni qanday amalga oshirishi muhimligini aytdi.
“Bu urush tugashi kerak. U zudlik bilan tugatilishi kerak”, dedi u. Tramp agar u prezident bo‘lganida mojaro hech qachon boshlanmasligini bildirdi.
Foto: Reuters
“U (Harris) Isroilni yomon ko‘radi. Agar u prezident bo‘lsa, men Isroil ikki yildan keyin yo‘q bo‘lib ketishiga ishonaman”, dedi sobiq prezident.
Yakuniy so‘zida Harris avgust oyida Demokratik partiya qurultoyida aytgan gaplarini yana bir bor takrorladi:
“Biz ortga qaytmaymiz”. U yana barcha amerikaliklar uchun prezidentlik qilishni maqsad qilganini ta’kidladi. Harrisning uning va Trampning Amerika haqidagi tasavvurlari bir-biridan farq qilishini bildirdi.
Yakuniy so‘zida Tramp yana Harrisga tashlanib, uning siyosiy dasturi hech qanday ahamiyatga ega emasligini va vitse-prezidentlik lavozimida to‘rt yil davomida go‘yoki hech narsa qilmaganini ta’kidladi.
“Siz amerikaliklarning ishonchiga sazovor bo‘lmagan g‘oyalarga ishonasiz. Biz jiddiy inqirozga yuz tutgan mamlakatmiz. Butun dunyo ustimizdan kulmoqda”, dedi u.
AQSHning 78 yoshli sobiq prezidenti Donald Tramp iyul oyida bo‘lib o‘tgan qurultoyda Respublikachilar partiyasidan rasman nomzod etib ko‘rsatilgandi.
AQSHning amaldagi vitse-prezidenti 59 yoshli Kamala Harris avgust oyida Jo Bayden saylov poygasidan chiqqanidan keyin Demokratik partiyadan prezidentlikka nomzod bo‘ldi. “Zamin” yangiliklarini “Facebook”da kuzatib boring
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar
“Hizbulloh” bir sutkada Isroilga qarshi 20 ga yaqin harbiy amaliyot o‘tkazdi
Zelenskiy Putin borasida bayonot berdi: “Tinchlikni istaganlar yuziga tupurmoqda”
O‘mon sultonligi elchisi: «Urushlarni harbiy kuch bilan hal qilib bo‘lmaydi»
2026 yilda bo‘lajak mundialning favoritlari reytingi taqdim etildi
Italiya sudi Quddus Isroil poytaxti emasligi haqida qaror chiqardi
Qozog‘iston Ukraina atrofidagi vaziyat tufayli harbiy va fuqarolik obyektlari xavfsizligini kuchaytirdi
Befoyda va qimmat: shifokorlar tavsiya etmaydigan 5 turdagi biologik faol qo‘shimchalar
Xalqaro jinoyat sudining orderi Isroilni nega qo‘rqityapti?