22:16 / 14.09.2024
155

Dunyodagi eng qisqa o‘zaro chegaralarga ega davlatlar

Dunyodagi eng qisqa o‘zaro chegaralarga ega davlatlar
Dunyoda 200 dan oshiq mustaqil davlat bor. Ularning hududi xilma-xil: birining hududi Yer kurrasidagi quruqlikning 15 foizini tashkil etsa, yana birining hududi bor-yo‘g‘i 1 kilometr kvadratga teng. Ular orasidagi chegaralar ham shunga mos.

Rossiya, Xitoy kabi yirik davlatlar 14-15 ta davlat bilan chegaradosh bo‘lsa, ayrim orol davlatlar quruqlikda biror mamlakat bilan chegaraga ega emas.

Ba’zi davlatlar o‘rtasidagi umumiy chegaralar bir necha ming kilometr bo‘lsa, ayrim davlatlar orasidagi chegara bor-yo‘g‘i 150 metrni tashkil etadi.

Quyida ikki davlat o‘rtasidagi quruqlikdan o‘tgan eng qisqa chegaralar haqida ma’lumotlarni keltiramiz.

Eng qisqa chegaralar, Top-10ligi

1. Botsvana – Zambiya: 150 metr

Botsvana va Zambiya o‘rtasidan o‘tgan 150 metrli chegara dunyodagi ikki davlat o‘rtasidan o‘tgan eng qisqa chegara hisoblanadi. Ushbu chegara Zambezi daryosi bo‘ylab o‘tgan.

Aynan shu joyda dunyodagi eng ajabtovur chegara joylashgan. Bir tomondan Namibiya, ikkinchi tomondan Zimbabve davlati yerlari kirib kelgan joyda Botsvana va Zambiya o‘rtasidagi 150 metrlik chegara yuqoridagi ikki davlatning tutashuvini kesib qo‘ygan.

2. Giblartar – Ispaniya: 1200 metr

Pireney yarimorolining janubiy qismida joylashgan Giblartar Britaniyaning dengizorti hududi hisoblanadi. Giblartar yarimorolida joylashgan bu davlat o‘z puli, bayrog‘i, gerbi va madhiyasiga ega.

Uzoq yillardan buyon Ispaniya Giblartar o‘ziga tegishi kerakligini aytib keladi. Biroq bu davlat fuqarolari Ispaniya tarkibiga o‘tishga qarshi. Giblartar va Ispapiyani 1200 ming metrli chegara ajratib turadi. Giblartarning boshqa tomonlarini O‘rtayer dengizi suvlari o‘rab turadi.

3. Daniya – Kanada: 1200 metr

Daniya va Kanada o‘rtasidagi chegara Grenlandiya shimolida joylashgan mittigina Hans orolidan o‘tgan. Uzoq yillar davomida bu orol ikki mamlakat o‘rtasida bahsli bo‘lib keldi.

2022 yilda tomonlar kelishuvga erishdi va orolni ikkiga bo‘lib oldi. Shu tariqa Shimoliy Amerikada joylashgan Kanada va Yevropada joylashgan Daniya quruqlikda o‘zaro chegaraga ega bo‘ldi.

4. Vatikan – Italiya: 3200 metr

Vatikan dunyodagi eng mitti davlat hisoblanadi va u Italiya poytaxti Rim shahrining markazida joylashgan. Har ikki davlat o‘rtasidagi chegara bor-yo‘g‘i 3200 metrni tashkil etadi.

5. Monako – Fransiya: 5469 metr

Monako ham Vatikanga o‘xshab dunyodagi eng mitti davlatlardan biri hisoblanadi. Fransiyaning janubiy-sharqiy qismi bilan chegaradosh bo‘lgan bu davlatning bir qismini O‘rtayer dengizi suvlari yuvib turadi. Qolgan 5469 metr qismi Fransiya bilan chegaradosh.

6. Ozarboyjon – Turkiya: 13-15 km

Ozarboyjon davlatining Naxichevan muxtor respublikasi deb ataladigan qismini Armaniston, Eron va Turkiya hududi o‘rab turadi.

Naxichevonda Ozarboyjon va Turkiya o‘rtasidagi chegara 13-15 km atrofida. Ozarboyjon bu chegarani 15 km deb hisoblasa, Turkiya 13 km hisoblaydi.

7. Niderlandiya – Fransiya: 10,2 km

Yevropada Niderlandiya va Fransiya chegaradosh emas. Biroq Karib havzasida ularning quruqlikdan o‘tgan chegarasi bor. Gap shundaki Karib havzasidagi Sen-Marten oroli ikkiga bo‘lingan va uning yarmi Niderlandiyaga, qolgan qismi Fransiyaga qaraydi. Shu yerda ikki davlat 10,2 km joyda chegaradosh.

8. Ispaniya – Marokash: 15,9 km

Ispaniya Yevropada, Marokash Afrika qit’asida joylashgan va ularni O‘rtayer dengizi ajratib turadi. Biroq Marokash shimolida Ispaniyaning ikkita mitti hududi bor.

Sabta va Malilya deb ataluvchi bu hududlarda Ispaniya va Marokash quruqlikdan o‘tgan chegaralarga ega. Bu chegaralarning umumiy uzunligi 15,9 km.

Marokash har ikki hududni uzoq yillardan buyon Ispaniyadan qaytarib berishni so‘raydi. Biroq ispanlar Afrika shimolidagi muhim nuqtalarda joylashgan bu hududlarni qaytarib bermoqchi emas.

9. Rossiya – Shimoliy Koreya, 17 km

Uzoq Sharqda Koreya yarimorolining shimoliy qismida joylashgan Shimoliy Koreya bor-yo‘g‘i uchta davlat – Janubiy Koreya, Xitoy va Rossiya bilan chegaradosh.

Bu davlatning Rossiya bilan chegarasi Tumannaya deb ataluvchi daryo bo‘ylab o‘tadi va uning uzunligi 17 km atrofida. Daryo ustidan o‘tgan ko‘prik har ikki davlatni temiryo‘l orqali bog‘laydi.

10. Xorvatiya – Qoratog‘ (Chernogoriya), 25 km

Bolqon yarimorolida joylashgan bu ikki davlat Adriatika dengizi qirg‘oqlarida 25 kilometrlik masofada o‘zaro chegaradosh hisoblanadi.

arenda kvartira tashkent

Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi?
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Dunyodagi eng qisqa o‘zaro chegaralarga ega davlatlar