
Foto: Aditya Bakshi
Hindiston arxeologiya xizmati (ASI) olimlari Shimoliy Uttar-Pradesh shtatidagi Sinauli shahrida topilgan noodatiy buyumlar davrini aniqladi. U erdagi aravalar va boshqa mohirlik bilan yasalgan buyumlarning yoshi 4 ming yildan oshadi, buni radiouglerod tahlili tasdiqlaydi. Bu Hindiston subkontinentidagi birinchi shunday topilmalardir. Ular qadimda mahalliy jamoa ilgʻor texnologiyalarga ega boʻlganidan dalolat beradi.
Sinaulidagi qazishmalar 2005 yildan beri olib borilmoqda. Oʻshandan buyon 120 dan ortiq qabrga ega boy nekropol topilgan. Ularning ba'zilari oddiy askarlarga, boshqalari katta boshliqlarga tegishli. Eng hayratlanarli topilma uchta jang aravasi boʻldi. Xuddi shu joydan arxeologlar qilich, koʻplab mash'alalar va nafis bezatilgan tobutlar, dubulgʻalar hamda turli xil mayda mis buyumlarni ham topdi.

Topilmalar shuni koʻrsatadiki, bundan toʻrt ming yil avval mahalliy jamoa faol urush harakatlarini olib borgan va harbiy san'atda rivojlangan texnologiyalarga ega boʻlgan. Bu hind madaniyatini oʻsha davrda jangovar aravalardan foydalangan Mesopotamiya va Yunoniston kabi tsivilizatsiyalar bilan bir qatorga qoʻyadi.
Yogʻoch buyumlarning aksariyati mis elementlar bilan qoplangan yoki bezatilgan boʻlib, bu nafaqat ularni chirishdan saqlagan, balki bugungi kunda topilmalarning yoshini aniqlashga imkon bermoqda. Mahalliy ustalar yogʻoch va misga ishlov berishda yuksak mahoratga ega boʻlgan.

Bundan tashqari, aravalardagi geometrik shakllar va boshqa dekorativ elementlar ulardan hokimiyat va obroʻni ifodalovchi tantanali transport sifatida ham foydalanilganini koʻrsatadi.
Yana bir muhim topilma hashamatli bezatilgan tobut boʻldi. Qabrda kichik haykalchalar va naqshli dubulgʻalar ham joylashtirilgan. Shuningdek, u erdan ikkita mis hassa, qamchi, oltin va steatit munchoqlar hamda koʻplab sopol buyumlar topildi. Bundan kelib chiqib qabr yuqori martabali harbiy sarkardaga tegishli boʻlishi mumkinligini taxmin qilish mumkin. “Zamin”ni Telegramʻda oʻqing!
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosingMavzuga oid yangiliklar