date
views 84

Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Yaponiya uyushmasiga berildi

Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Yaponiya uyushmasiga berildi
© Nobel qoʻmitasi
Tinchlik boʻyicha 2024 yilgi Nobel mukofoti Yaponiyaning “Nihon Hidankyo” jamoat tashkilotiga berildi. Bu haqida Nobel qoʻmitasi bayonotida aytib oʻtilgan.

"Dunyoni yadroviy quroldan xoli qilish yoʻlidagi sa'y-harakatlari va yadro qurolidan boshqa hech qachon foydalanish kerak emasligini namoyish qilgani uchun", - deyiladi bayonotda.

“Nihon Hidankyo” – Yaponiyaga atom bombasi hujumida omon qolganlar jamoat tashkiloti 1956 yilda tashkil qilingan. Tashkilotning asosiy maqsadi – yadroviy bombardimondan zarar koʻrganlarga yordam berish va dunyo davlatlarini yadroviy quroldan voz kechishga koʻndirish.

"Nihon Hidankyo"ning 84 yoshli rahbari Sueychi Kido ushbu mukofot ularning uzoq yillik faoliyatining e'tirofi ekanini ta'kidladi.
Oʻylaymanki, bu mukofot bizning uzoq yillik faoliyatimiz e'tirofi. Koʻz oldimda, hozir olamdan oʻtib ketgan, ushbu uyushmani tashkil qilgan katta yoshli safdoshlarim gavdalanmoqda. Ular atom bombasi qurbonlari soni oshmasligiga umid qilib ushbu uyushmani tashkil qilgan edi", - dedi Kido.

Undan tashqari, uyushma rahbari AQSh uzoq vaqtdan beri ularga bosim oʻtkazib kelayotgani va Yaponiya hukumati ham ularga hech qanday yordam bermayotgani haqida gapirdi.

"Xirosima va Nagasakidagi gʻayriinsoniy xatti-harakatlardan soʻng biz uzoq vaqt davomida Amerika Qoʻshma Shtatlari zulmi ostida qoldik va Yaponiya hukumati tomondan ham unutildik”, - dedi Kido oʻz nutqida.

Uyushma raisi, shuningdek, 2017 yilda Yadro qurolini taqiqlash toʻgʻrisidagi shartnomaning qabul qilinishi asosan “Nihon Hidankyo” tashkilotining faoliyati tufayli amalga oshganiga ishonch bildirdi.

Xirosima va Nagasakiga tashlangan bombaning portlashi oqibatida bir kunda 70 mingdan 100 minggacha odam halok boʻlgan, 1945 yil oxiriga kelib jarohatlari va radiatsiya tufayli qurbonlar soni 140 mingga etgan. 2023 yilda esa atom bombasi qurbonlar soni 350 mingdan oshgan.
Ctrl
Enter
Xato topdIngizmi
Iborani ajratib Ctrl+Enter tugmasini bosing
Yangiliklar » Dunyo » Tinchlik boʻyicha Nobel mukofoti Yaponiya uyushmasiga berildi